Arab muvofiqlashtirish guruhi bilan hamkorlikni kengaytiriladi

    Xalqaro hamkorlik 5 Mart 2024 736

    Joriy yil 4-martda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Toshkent shahrida oʻtkazilgan Arab muvofiqlashtirish guruhining (AMG) davra suhbatida ishtirok etdi.

    Tadbirning asosiy maqsadi – AMGga kiritilgan tashkilotlar ishtirokida joriy qoʻshma loyihalarni amalga oshirish jarayonini koʻrib chiqish va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida yangi istiqbolli tashabbuslarni aniqlash.

    Tadbirda, shuningdek, Xalqaro Islom savdo va moliya korporatsiyasi, Islom taraqqiyot banki, Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi, Qatar taraqqiyot jamgʻarmasi, Abu-Dabi taraqqiyot jamgʻarmasi, Quvayt iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi, OPEK Xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi, shuningdek, Oʻzbekiston vazirliklari va idoralari rahbarlari ishtirok etdilar.

    — Bugungi kunga qadar 40 dan ortiq loyiha amalga oshirilgan boʻlsa, 21 ta loyiha amalga oshirilyapti, 8 tasi ishlab chiqilyapti, — dedi Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov. — Toshkentda AMG davra suhbatlari avvalroq – 2014 va 2018-yillarda oʻtkazilgan boʻlib, bu oʻzaro hamkorlikni kengaytirish va mamlakatning eng muhim loyihalarini amalga oshirishga xizmat qildi.

    Tadbirning ikkinchi sessiyasida vazirlik va idoralar tomonidan transport, logistika, turizm, suv taʼminoti, sogʻliqni saqlash, taʼlim, kichik va oʻrta biznes loyihalarini qoʻllab-quvvatlash sohalarida 20 ta yangi istiqbolli loyihalar taqdim etildi.

    Arab muvofiqlashtirish guruhi delegatsiyasi vakillari – AMG tarkibiga kiruvchi tuzilmalar rahbarlari, oʻz navbatida, loyihalarning yuqori darajada ishlab chiqilishi, ularning mamlakat sanoatini modernizatsiya qilish va infratuzilmani rivojlantirishdagi muhim rolini taʼkidladilar va ularni ekspert darajasida batafsil oʻrganish va keyinchalik amalga oshirishda hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Davra suhbati kun tartibiga muvofiq, BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha Koʻp tomonlama sheriklik trast jamgʻarmasi tomonidan Orolboʻyi mintaqasi aholisining turmush sharoitini yaxshilash boʻyicha Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar va aholining yashash sharoitlarini yaxshilash uchun resurslarni safarbar etishning qoʻshimcha imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarni amalga oshirish va atrof-muhitga ijobiy taʼsir koʻrsatish masalalari muhokama etildi. AMG delegatsiyasi dolzarb ekologik muammolarni hal etish va mahalliy hamjamiyatlar manfaati uchun barqaror rivojlanishni qoʻllab-quvvatlashga sodiqligini bildirdi.

    Shuningdek, uchrashuv doirasida, AMG delegatsiyasiga joriy yil 2-3-may kunlari boʻlib oʻtadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumi va joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan AIIB yillik yigʻilishida ishtirok etish taklif etildi.

    Uchrashuv yakuni boʻyicha tomonlar kelgusidagi hamkorlikning aniq mexanizmini oʻz ichiga olgan Davra suhbatining Yakuniy bayonnomasini imzoladilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.