Forumda dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 250 dan koʻproq xorijiy mehmonlar, jumladan, 10 dan ortiq xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etyapti.
Maʼlumot uchun: Osiyo Tinch okeani mintaqasida savdoni soddalashtirish masalalariga bagʻishlangan forum (APTFF) savdoni soddalashtirish yoʻnalishida ilgʻor tajriba va bilim almashish uchun asosiy mintaqaviy platforma hisoblanadi. APTFF 2009-yildan beri Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani boʻyicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) tomonidan tobora koʻpayib borayotgan hamkorlar bilan hamkorlikda tashkillashtirilib kelinyapti. Unda 30 dan ortiq mamlakatdan 250 dan koʻproq ishtirokchilar qatnashyapti. Forum hamkorlik salohiyatini yuksaltirish uchun katta imkoniyatlar yaratadi.
Forumning ochilish marosimida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Xurram Teshaboyev soʻzga chiqib, innovatsion texnologiyalar va raqamlashtirish keng joriy etilayotgani, buning natijasida ishlab chiqarish va xalqaro savdo hajmi oshganini taʼkidladi. Shu bilan birga, mintaqada oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash vazifalari ham dolzarbligicha qolyapti.
Shu nuqtayi nazardan, savdo, transport va logistika, raqamlashtirish kabi sohalarda, shuningdek, elektron maʼlumotlar almashinuvi va biznesning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish orqali savdo tartib-taomillarini soddalashtirishda xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi. Bu borada chegara hududlarida zamonaviy savdo va logistika markazlari, soddalashtirilgan bojxona yoʻlaklari va maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil etish eng samarali chora-tadbirlar hisoblanadi.
Barcha mamlakatlar uchun zamonaviy texnologiyalardan teng foydalanishga imkon yaratish, savdo va yuk tashish sohasidagi tartibotlarni soddalashtirish boʻyicha eng samarali chora-tadbirlar koʻrish, tovarlar harakatini tartibga soluvchi jarayonlarni raqamlashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Oʻzbekistonda keyingi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, qulay sarmoyaviy muhit yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak natijalar berib kelyapti.
Tashqi bozorga chiqish yoʻlidagi toʻsiqlarning bartaraf etilishi, valyuta bozorining liberallashtirilishi, 7 mingdan ortiq turdagi xomashyo va tovarlarga bojxona toʻlovlarining bekor qilinishi natijasida tashqi savdo aylanmasi ikki baravar oshdi.
Soliq yuki qariyb 2 barobar kamaytirildi, soliq maʼmurchiligi soddalashtirildi, mamlakatda Markaziy Osiyodagi eng jozibador fiskal tizim yaratildi. Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish yoʻlida dadil qadamlar qoʻymoqda.
Soʻzga chiqqanlar biznes uchun qulay boʻlgan oraliq tariflardan foydalangan holda Markaziy Osiyoning transport salohiyatini oshirish, Osiyo -Tinch okeani mintaqasi, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq hamda Yevropa Ittifoqi bozorlariga chiqish boʻyicha yangi transport yoʻlaklarini qurish loyihalarini ilgari surish muhimligini taʼkidladilar.
Bunday sharoitlarda transport xizmatlari bozorini liberallashtirish, ruxsat berish tartib-taomillarini optimallashtirish, xalqaro tashishlar uchun yagona raqamli platforma yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, tadbir doirasida Oʻzbekistonning hamkor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokamasiga bagʻishlangan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Forum 5-aprelga qadar davom etadi. Dasturga muvofiq, raqamlashtirish va savdoni soddalashtirish, jumladan, transport va qogʻozsiz transchegaraviy savdo, shuningdek, savdo jarayonini ekologiya jihatidan yaxshilash masalalari boʻyicha guruh muhokamalari va sessiyalar oʻtkazilishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.