Arab tilshunosligiga oid asarlar ajdodimiz Az Zamaxshariy ijodida salmoqli o'rin egallaydi. Uning «Al-Mufassal» (1121-yil) nomli asarini u Makkada yashagan paytida, bir yarim yil davomida yozgan.
O'sha davrning o'zidayoq arablar orasida bu asar katta e'tibor qozongan va arab tilini o'rganishda asosiy qo'llanmalardan biri sifatida keng tarqalgan.
Shom (Suriya) hokimi Muzaffariddin Muso kimda-kim Az-Zamaxshariyning ushbu asarini yod olsa, unga besh ming kumush tanga pul va sarupo sovg'a qilishni va'da bergan. Bir qancha kishilar asarni yod olib, mukofotga ham sazovor bo'lganligi manbalarda keltirilgan.
Bu asarning bir qo'lyozmasi Toshkentda, O'zR FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi.
Az Zamaxshariy qarindoshlarining qistoviga qaramasdan, biror marta uylanmagan. Ilmiy asarlar yaratish va munosib shogirdlar tayyorlashga o'z hayotini bag'ishlagan.