Joriy yilning 27-fevralida Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universitetdida Oʻzbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi “Oʻzarxiv” agentligi hamkorligida tashkil etgan anjuman jadidchilik harakati va ushbu harakat namoyondalarining hali atroflicha oʻrganilmagan qirralaridan biri yaʼni xorij jamoatchiligi bilan oʻzaro hamkorlik aloqalariga bagʻishlandi.
Mazkur tadbirdan maqsad – maʼrifatparvar jadid bobolarimizning hayoti va ijtimoiy faoliyati, ilmiy-ijodiy merosi, milliy davlatchilik asoslarini bunyod etishdagi saʼy-harakatlari, xorij jamoatchiligi bilan oʻzaro hamkorlik aloqalari zamirida zamonaviy xalq diplomatiyasi elementlari mavjudligini ochib berishdan iborat.
Maʼruzachilar tomonidan xalq diplomatiyasini jadid maʼrifatparvarlarimizning ilmiy, ijodiy merosini xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz orasida kengroq yoyish, asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish, hamkorlikda turli tadbirlarni tashkil etish orqali rivojlantirish mumkinligi qayd etib oʻtildi.
Buyuk maʼrifatparvar bobolarimiz tomonidan ilgari surilgan gʻoyaviy-siyosiy, ijtimoiy-maʼrifiy va huquqiy-axloqiy qarashlar, turli millat va elatlar oʻrtasida bagʻrikenglik va hamjihatlik tamoyillarini qaror toptirish bilan birga, milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan intilishlar hozirgi murakkab va tahlikali zamonda ham barchamizga, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat namunasi ekanligi aytib oʻtildi.
Anjuman doirasida “Oʻzarxiv” agentligi bilan hamkorlikda jadid maʼrifatparvarlarimizning ilmiy, ijodiy faoliyatiga bagʻishlangan arxiv fotolar koʻrgazmasi ham tashkil etilib, unda noyob fotosuratlar, arxiv materiallar namoyish etildi. Ajdodlarimizning boy ilmiy merosi haqida soʻzlovchi ushbu arxiv hujjatlar ularning xorij jamoatchiligi bilan ham aloqalari uzviy boʻlganligini namoyon etdi.
Anjuman yakunida yosh avlod vakillarini jadid bobolarimiz ilmiy merosi, xalqaro miqyosda olib borgan faoliyatini oʻrganish va tahlil qilishga chorlash, mushtarak tariximizning yorqin sahifalarini tashkil etadigan maʼrifatparvar ajdodlarimizning ibratli hayot yoʻli, ularning oʻz qimmati va ahamiyatini hamon yoʻqotmay kelayotgan boy merosini hamkor davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, taniqli xorijiy olimlar bilan birgalikda teran tadqiq va targʻib etishni yanada kuchaytirish, xorij mamlakatlarida ham davra suhbatlari va saminarlar tashkil etishga kelishib olindi.
Oʻzbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi
markazi Matbuot markazi