Nechuk kunlarga qolding? Yer yuzining bir necha polvonlari boʻlgan botir turklaring qani? Nechuk chekindilar? Nechuk ketdilar? Kurash maydonlarini oʻzgalarga nechun qoʻydilar?”.
Afsus-nadomatga mengzash bu xitobda ulugʻ jadidimiz
Abdurauf Fitratning Turkiston xalqiga qarata aytgan hayqirigʻi bor edi. XIX asrning ikkinchi yarmi, XX asrning dastlabki oʻn yilliklari Turkiston va uning xalqi uchun shu qadar ogʻir va mudhish davr boʻldiki, oxir-oqibat siyosiy erkinlik batamom berib qoʻyildi.
Oʻz vaqtida bir yoqadan bosh chiqarmagan Qoʻqon, Xiva, Buxoro xonliklari oʻrtasidagi jinoyatkorona sustkashlik tufayli yuz bergan qonli fojia — Chor Rossiyasi bosqini, xalq noroziligidan qoʻrqib, uni tutqunlikda ushlab turish uchun istilochilarga qulluq qilib turgan sotqin va ochkoʻz boylar zulmi, el jaholat changalida boʻlishidan manfaatdor mutaassiblar taʼsiri Turkistonning dunyo rivojlanish zanjiridan uzilib qolishiga sabab boʻldi.
Temir sandiqlarda bekitib kelingan hujjatlarni varaqlab, dahshatga tushasiz. Ajdodlarimiz, ayniqsa, millat oydinlari, jumladan, yangilanish, oʻsish, taraqqiyot yoʻlini tanlagan jadidlarimiz chekiga aql bovar qilmas yovuzliklar tushganiga guvoh boʻlasiz.
Qatagʻon qurbonlari muzeyiga borganimizda chet elga oʻqib kelish uchun joʻnatilgan va vataniga qaytgach, “chet el josusi” deb otib tashlangan yoshgina yigit-qizlarning suratlari qarshisida uzoq turib qoldik. Yoshlik, baxt ufurib turgan navqiron goʻzal chehralarga qarab, uvol ketgan umrlar, sarobga aylangan orzu-umidlar haqida ogʻir oʻyga toldik. Axir bu Turkistonni buyuklik taxtiga qayta koʻtarmoqchi boʻlgan jadidlarimizning mehnati va yorugʻ kelajakka boʻlgan ezgu niyati edi-ku. Ularning bu niyatiga qoʻshib, jonlari ham oʻlimga mahkum etildi.
Ibrohim hojining oʻgʻillari
Oʻtgan mashʼum kunlar haqida gapirib adogʻiga yetolmaysiz. Lekin bolshevizm kundasidan qutulib, xorijda yashab qolgan vatandoshlarimiz, xususan, jadidlarimiz haqida nima bilamiz, ularning taqdiri ne kechdi? Afsus, Turkistonni tark etgan jadidlarimiz haqida maʼlumotlar kam. Ularning chetdagi hayoti va faoliyatini oʻrganish oʻz navbatini kutib turibdi. Biroq biz shunday jadidlardan amakilarimiz boʻlmish Ahmadjon Ibrohim oʻgʻli va Abdumajid Ibrohim oʻgʻli haqida birmuncha maʼlumot bermoqchimiz.
Bu ikki jadid yigit Ibrohim hoji boy buvamizning toʻngʻich oʻgʻillari edi. Ibrohim hoji Karimboy oʻgʻli Turkiston oʻlkasida mashhur maʼrifatparvar va yetimparvar sanoatchi boylardan hisoblangan. Bu gaplarning tasdigʻi sifatida baʼzi maʼlumotlar saqlanib qolgan: “1903-yili Toshkentning Bedabozor mahallasida bir jomeʼ masjid va 20 ta hujrali madrasa qurdirgan. Shahar bozoridagi bir necha doʻkonni ushbu masjid va madrasaga vaqf qilib belgilagan. Madrasaning 40 nafar talabasi Ibrohim hoji taʼminotida tahsil olgan. Masjid va madrasa oʻtgan asrning elliginchi yillarida buzib tashlangan”.
Ahmadjon amakimiz oʻz tarjimayi holida otasi haqida ushbu gaplarni yozib qoldirgan: “Otam qobiliyatli va juda tadbirkor boʻlganidan Toshkentda katta koʻnchilik fabrikasini ochishga muyassar boʻlgan. U koʻp xayrparvar, tom maʼnoda demokrat inson edi. Oʻz ishchilari bilan «gap” oʻynardi. “Gap” haftada bir marta juma kunlari kechki payt chaqirilardi. Ziyofatga yigʻilgan chogʻda milliy va ijtimoiy masalalar ogʻizga olinar va hal qilinishi zarur boʻlgan muammolar muhokama etilardi».
Masalan, imkoni cheklangan xonadonning oʻgʻlini uylantirib qoʻyish yoki bir qancha kambagʻal oilalar oʻgʻil bolalarining “qoʻlini halollash” kabi yumushlar shular jumlasidan boʻlgan.
“Otamning toshkentlik boshqa boylardan yana bir asosiy farqi — Shoʻrolar hukumati oʻrnatilgandan soʻng unga qarshilik qilishni behuda deb bilgan. Toshkent kosiblarini teri, charm, amirkon bilan taʼminlab turgan 2 ta katta koʻn zavodini inon-ixtiyori bilan sovet hukumatiga topshirgan. Shu kelishuvchilik tufayli avlodimizdan hech kim olis oʻlkalarga surgun qilinmadi. Bir necha yil shu zavodlarga sovet hukumati uni direktor qilib ham qoʻygan edi. U zavod ishchilariga korxona hisobidan ikki mahal bepul nonushta va tushlik bergan, yetim-yesirlarga esa oʻz hisobidan yordam berib turishni unutmagan”.
Proletar inqilobi yoʻlboshchilari avvaldan barcha boylarni zolimga chiqarib, xalqda ularga nisbatan nafrat tuygʻusini atayin shakllantirib kelgan edi. Toʻgʻri, yaqin oʻtmishda baʼzi asarlarda koʻrsatilgan boshi qovoq, qorni meshdek rahmsiz boylar ham boʻlgan, lekin Ibrohim hojidek mehnati, qobiliyati va aqli bilan topgan boyligini muhtojlarga beminnat ulashgan maʼrifatli boylar ham serob edi. Ana shunday muhitda oʻsgan farzandlar oq bilan qorani bir-biridan farqlay oladigan, ilmga chanqoq, millat qaygʻusi bilan yashagan insonlar boʻlib yetishgan. Haqiqatan, Ibrohim hoji buvamizning avlodlari orasida birorta nobopi yoʻq. Aksincha, oʻzi tanlagan kasbi-koriga sodiq, mehnatsevar, oilaparvar, moʻmin insonlar qatorida oʻzbek fani, adabiyoti va sanʼatiga salmoqli hissa qoʻshgan mashhurlar yetarli boʻlgan. Buvamizning ikki toʻngʻich oʻgʻlidan Ahmadjon va Abdumajid avlodning bosh boʻgʻinidagi ana shunday shaxslar edi.
1922-yili bu ikki oʻgʻlon oldinma-ketin oʻqish uchun Olmoniya (Germaniya)ga yoʻl oladi. Jadidchilik harakatida ilgʻor yigitlarning maqsadi boshqa gʻoyadoshlari kabi chet elda ilm olib kelib, vatanidagi oʻqituv va tarbiya tizimini oʻz qoʻllariga olish, Turkistonni dunyodagi ozod, rivojlangan davlatlar safida koʻrish boʻlgan.
Ahmadjon Ibrohim oʻgʻlining Germaniyada shaxsiy hujjatlari orasida saqlanib qolgan tarjimayi holi bilan tanishib chiqsangiz, 1900-1922-yillar orasida Turkistonda, xususan, Toshkentda jadidchilik harakati va unda amakilarimizning faoliyati toʻgʻrisida hali koʻpchilikka notanish maʼlumotga ega boʻlasiz.
“1905-yilda oʻsha zamonning munavvar kishilari tomonidan Toshkentda «Jamiyati xayriya” ochildi. Ushbu jamiyat yordami bilan Chor Rusiyasi taʼsiridagi rus maktablariga nafrat koʻzi bilan qarovchi xalqning va munavvar turkistonliklarning zehniyatiga mos tushadigan kishilar Turkiyaga oʻqishga yuborila boshlandi. Bu harakatni koʻrgan rus millatchilari mazkur jamiyatga va ilgʻor kishilarga ochiqdan ochiq monelik qildilar. Tabiiyki, 1917-yilda roʻy bergan oktyabr inqilobidan keyin oʻqish va oʻqitish ishlari ularning qoʻliga oʻtgan edi».
Ayniqsa, Ahmadjon amakimiz zehniyati baland, ijtimoiy oʻzgarishlarni toʻgʻri anglovchi, yolgʻon chaqiriqlarga berilmagan, qoʻrqmas, shijoatli, mard yigit edi. U tenglik, adolat gʻoyalari panasida Sharq turmush tarziga yot odat, udumlar yosh avlod shuuriga kirib kelishi, mustaqillik gʻoyalari xiralanishi yaxshilikka olib bormasligini oʻz vaqtida anglab qolgandi.
“1918-yildan boshlab oʻqimishli odamlarga ehtiyoj mavjudligi haqidagi fikrlar yana ilgari suriladi. Va rus bolsheviklari taʼsiridan uzoqda boʻlgan yerlarga, xususan, Turkiya va Olmoniyaga talabalar joʻnatish masalasi Turkiston milliyotchilari tarafidan oʻrtaga tashlandi. Mening izmimda boʻlgan «Qoʻnoq” nomidagi maktabda oʻqish-oʻqitish ishlarini olib borishlik bilan va turli shaharlarga odam yuborish yoʻli orqali butun Gʻarbiy Turkistonda targʻibot ishlari boshlab yuborildi. Natijada faqat shahardan emas, qishloqlardan ham oʻqishni istagan yoshlar jamiyatga, Toshkentga oqib kela boshladi. 1922-yil oxiriga qadar Turkistondan chet ellarga turli-tuman yoʻllar bilan 200 ga yaqin talaba oʻqishga yuborildi».
1925-yilga kelib, butun bir Turkiston oʻlkasi nimtalanib, 5 ta respublikaga boʻlib yuborilgach, qizil terror tezlik bilan tomir otdi. Inqilobning dastlabki kunlarida boylar, oʻziga toʻq dehqonlar yo bu oʻzgarishlardan norozi boʻlganlar bolsheviklar gʻazabiga uchragan boʻlsa, endi hatto inqilobni ishonib yo qoʻrqib qabul qilgan millat oydinlarini, millat aqllarining boshi kundaga qoʻyila boshlandi. Bular qatorida chet elga “Vatanim uchun jonim fido”, deb oʻqishga ketgan yosh yigit-qizlar ham bor edi. Ularni turli bahonalar bilan, masalan, taʼminotdagi qiyinchilikni roʻkach qilib, orqaga qaytarib olib keta boshladilar. Ahmadjon bolsheviklarning bu siyosatiga qarshi ilgʻor fikrli talabalarni birlashtirib, Olmoniyada oʻz tahsilini davom ettirolmaydigan (sovetlar oʻqish uchun lozim boʻlgan taʼminot yoʻllarini toʻsib qoʻyishning uddasidan chiqqan edi) talabalarni hech boʻlmaganda Turkiyaga yuborish yoʻllarini qidirishga tushdi. Lekin qizillar tomonidan tinimsiz oqib kelayotgan tashviqotdan esankiragan koʻpgina talabalar vatanga qaytib ketishga ahd qiladi. Goʻyoki vatanda tinchlik hukm surayotganmish. Har bir kishi mamnun hayot kechirayotgani, u yerda yorqin kelajak kutayotgani, yaʼni xohlagan oʻquv yurtiga kirib, bitirgunicha taʼminoti davlat hisobidan ekanini aytib, tuzoqlariga tushirishga erishadi. Hatto chetga talabalar joʻnatish kampaniyasi tashkilotchilaridan biri Fayzulla Xoʻjayevning “Joningni saqla. Hali yurt uchun keraksan. Bu yerga qaytma!” degan ogohlantiruv xati ham koʻplarni niyatidan qaytarolmadi. Vatan tafti, ota-ona mehri kuchlilik qildi. Amakilarimiz esa bu yolgʻonlarga uchmay, Olmoniyada qoldi va oʻqishni davom ettirdi.
Ahmadjon Ibrohim oʻgʻli Berlin universitetida geologiya-kon muhandisligi boʻyicha, Abdumajid Ibrohim oʻgʻli kimyo fani boʻyicha tahsil olib, professorlik ilmiy darajasiga ega boʻladi. Biroq Germaniya taxtiga Gitler oʻtirgach, fashizmning bolshevizm kabi yovuzona tabiatini payqab qolgan aka-ukalar 1934-yili mamlakatda boshlangan toʻs-toʻpolonlardan nari Turkiyaga ketadi. 1935-yili Turkiyada har bir kishidan oʻziga familiya olish talab qiluvchi qonun qabul qilingach, ular Oʻqoy (oʻq va oy) familiyasini tanlaydi. Shundan eʼtiboran Ahmad Ibrohim Oʻqoy va Majid Ibrohim Oʻqoy deb nomlana boshlaydi. Shu yerda Ahmad Oʻqoy Istanbul universitetida falsafadan dars olayotgan Neven Irdem ismli, Abdumajid Oʻqoy esa Samima ismli turk qizlariga uylanadi. Ahmadjon va Neven oilasida bir-biridan koʻrkam uch oʻgʻlon dunyoga keladi. Abdumajid va Samima esa Gulshan ismli qizaloqni voyaga yetkazdi.
Ibrohim hoji oʻgʻillari vatandan, yoru birodarlardan ajralish azobini oʻqish, ilmiy tadqiqotlar ustida tinmay mehnat qilish bilan yengillashtirishga urinardi. Ahmadjon Oʻqoy ilmiy izlanishlar qatorida Berlin universitetida iqtisod, falsafa boʻyicha ham saboq olgan edi. Oʻtmishimizni yaxshi bilgan holda tarixiy, ijtimoiy sohalarga oid bir qancha asarlarni nemis va turk tillarida yozishga muvaffaq boʻladi.
“Butun dunyo bolsheviklar boʻhtoni bilan toʻldirib borilayotganidan koʻp mutaassir boʻlardim. Bunga qarshi kurash olib borish kerak deb bilardim. Shuning uchun Turkistonning istiqlol harakati tarixiga oid asar yaratish xususida bir nemis ogʻaynim bilan birgalikda harakatga tushdim. Ushbu asar Anvar Poshsho taxallusi bilan bosilib chiqdi. Asar Turkistonda, Ozarbayjonda va boshqa yerlarda bolsheviklarning oʻtkazgan zulmlari, ularning ikkiyuzlamachiligi haqida hikoya qiladi”.
Bundan tashqari, 1938-yili Leypsigda chop etilgan, Amir Temur hayotiga oid asar yaratiladi. Afgʻonistondan qochib chiqqan turkistonliklardan toʻplangan materiallar asosida “Huquqsizlar” deb nomlangan majmua ham yoziladi. Biroq u bosilmay qoladi. Agar ushbu asarlar ixtiyorimizda boʻlganida edi, jadidlarimizning muhojirlikdagi hayot va ijodlari, quvilgan yo qochgan vatandoshlarimizning ogʻir qismatlari toʻgʻrisida qimmatli maʼlumotlarga ega boʻlardik.
“Turkiston qachon mustaqil mamlakatga aylanadi?”
1939-yilgacha chet eldagi jigarlardan Ibrohim hoji oilasining toʻngʻich farzandi Ismoil amakimizga xatlar kelib turgan. Lekin 1939-yili Ismoil amakimiz NKVDga chaqirilib, siquvga olinadi. Shundan soʻng u “Iltimos, bundan buyogʻiga bizlarni tinch qoʻyinglar”, deb ukalariga xat yuboradi. Diniy madrasalarda saboq olgan, Koʻkchadagi Viloyat qabristoniga tutash masjidda imom-xatiblik vazifasini ado etib kelayotgan qori amakimiz shunday qilishga majbur edi. Ota vafotidan soʻng katta oilaning tinchligi va tirikchiligi toʻngʻich farzand oʻrnida uning zimmasiga tushgandi.
Axir GPU, NKVD nimaligini juda yaxshi bilardi. Abdumajidning Toshkentda oilasi, voyaga yetmagan goʻdagi bor. Ularning taqdiri nima boʻladi? Vatan sotqinining oʻgʻli, xoinning jiyani, degan tavqi laʼnat bilan Sovet Ittifoqi deb atalgan ulkan qamoqxonada erkin yashab boʻladimi? Aka uka uchun, oʻgʻil ota uchun javob beradigan tuzumda bu kabi aloqalar olov bilan oʻynashishdek gap edi. Otasi kim boʻlganini yashirmagan Ibrohim hoji boyning eng kenja oʻgʻillaridan (otadan 3 yoshligida yetim qolgan) 1922-yilda tugʻilgan Abdumalik Ibrohimov umrining soʻngiga, yaʼni 1974-yilga qadar “boyning oʻgʻli!” degan ayblov bilan taʼqib va siquvda yashagan hamda oxiri zaharlab oʻldirilgan.
1967-yili eʼtiborga molik yana bir voqea boʻlib oʻtadi. SSSR rahbarlaridan biri A.Kosigin Turkiyaga safar chogʻida Istanbulda Turkistondan kelib qolgan muhojirlar bilan uchrashadi. Shulardan biri Kosigin yuziga tik qarab, dangal savol beradi: “Turkiston SSSR hukmronligidan qachon qutuladi? Qachon mustaqil, erkin mamlakatga aylanadi?!”.
Alam va qahr toʻla savol bilan Kosiginni dovdiratib qoʻygan kishi Istanbul universitetining geologiya fani boʻyicha professori Ahmadjon Ibrohim Oʻqoy edi. Shundan soʻng tekshir-tekshir boshlanadi. Uning qarindoshlari Toshkentda ekani tezda aniqlanadi. Otasi Germaniyadaligida tugʻilgan, hozirgi kunda tibbiyot fanlari doktori, professor Abduvali Majidovning tinchligi yoʻqoladi. Har xil tashkilotlarga chaqirilib, savol-javoblarga tortiladi. Axiyri, “Men ularni koʻrmaganman, tanimayman ham. Aloqalarimiz allaqachon uzilib ketgan”, degan koʻrsatmalar berib qutulib qoladi.
Nihoyat Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, qarindoshlar bir-biri bilan bogʻlanadi. Faqat diydorlashuv nasib qilmaydi. Tambalangan darvozalar ochilgunga qadar Ahmadjon Ibrohim Oʻqoy va Abdumajid Ibrohim Oʻqoy bu dunyoni tark etadi.
Abdumajid Ibrohim Oʻqoyning farzandi mashhur vrach, professor, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti tashkilotchilaridan va uzoq yillar rektori boʻlgan Abduvali Majidovning xonadonida ota va amaki xotirasi yod etildi. Davraning toʻridan Ibrohim hojining mashhur nabiralari — Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq artisti Zikir Muhammadjonov, yozuvchi, jamoat arbobi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Abduqahhor Ibrohimov, nabira kuyovlaridan matematika fanlari doktori, akademik, Oʻzbekiston Qahramoni Shavkat Ayupov joy olgan edi.
Xulosa qilib aytganda, oʻtgan asrning 20 yillarida Germaniyada oʻqigan va oʻlim xavfidan qochib, muhojirlikda qolishga majbur boʻlgan vatandoshlarimiz dunyo ilm-fani ravnaqiga munosib hissa qoʻshgan. Shular qatorida kimyo fanida salmoqli kashfiyotlar qilgan Abdumajid Ibrohim Oʻqoyni Turkiyaning ulugʻ olimlari safiga qoʻyishadi. Ahmadjon Ibrohim Oʻqoy esa alohida hurmat-eʼtiborga ega. Maʼdanshunoslik fanida koʻmir geologiyasini yaratgan olim hamda turkologiya, siyosat sohasida asarlar bitgan, umrining oxirigacha ona yurtini ozod koʻrish orzusida yashagan vatandoshimizning Istanbuldagi motam marosimida bir qancha kishilar soʻzga chiqib, Ahmadjon Ibrohim Oʻqoy siymosida Turkiya fani ogʻir yoʻqotishga uchraganini taʼkidlagandi.
Ularning farzandlari ham otalari yoʻlini tanlab, ilm-fan rivojiga hissa qoʻshib kelmoqda. Ahmadjon Oʻqoyning Oʻrol, Toʻgʻrul va Oʻgʻuz oʻgʻillari London, Kembrij universitetlarida oʻqib, biri maʼdanshunoslik, biri yurak kasalliklari boʻyicha, yana biri kimyo sohasida ilmiy darajalarga erishgan professorlardir. Abdumajid Oʻqoyning Gulshanbonu ismli qizi esa sanʼatshunos olima, professor.
Qatagʻon qilingan, badargʻa boʻlgan jadidlarimiz, oydinlarimiz oʻldirilmay yo quvilmay Turkistonda yashab qolganida yurtimiz oʻsha davrlardayoq gullab-yashnagan boʻlarmidi...
Dilorom KARIMOVA (IBROHIMOVA),
Oʻzbekiston xalq artisti,
Omonulla MUHAMMADJONOV,
yuridik fanlar doktori, professor








