баннер
27 Apr 2025
07:49

    Qodiriy maʼrifati — oʻzlikni anglash ehtiyoji

    Fikr 10 Aprel 2025 269

    Oʻzbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy bemisl iqtidor sohibi boʻlgan. U nafaqat isteʼdodli yozuvchi, balki shoir, dramaturg, hajvchi va tarjimon ham edi.

    Abdulla Qodiriy serqirra qobiliyatini, bor mahoratini vatan ozodligi yoʻlida sarf etdi. U ijodini oʻzlikni anglatish, yurt manfaati va yorugʻ kelajagi uchun birlashishga bagʻishladi. Buning uchun sinovlardan, hatto jonini fido qilishdan qoʻrqmadi. Ha, Qodiriy asarlarida haqiqat, milliy qadriyatlarni chuqur anglash, xalq orzu-niyatlarini yuksak darajaga koʻtarish bosh mezon boʻldi. Bunday yuksak salohiyatli shaxslar mustabid tuzum uchun dushman hisoblanardi. Shu bois, Qodiriy siyosiy qatagʻonning nohaq qurboni boʻldi.

    1937-yil oʻrtalarida Oʻzbekistonda maʼrifatparvar jadidchilik harakatining soʻnggi vakillari, oʻzbek ziyolilari, fan, adabiyot, sanʼat, tarix va madaniyat namoyandalarini mahv etishga qaratilgan “katta qirgʻin” kampaniyasi avj oldi. 1937-yil 31-dekabrda Qodiriy ham “xalq dushmani” sifatida hibsga olindi. “Uchlik” tomonidan unga nisbatan oliy jazo hukmi chiqarildi. 1938-yil 4-oktyabrda yozuvchi Toshkentdagi Alvastikoʻprik atrofidagi qatlgohda otildi.

    Abdulla Qodiriy 1956-yilda reabilitatsiya qilingan ilk adiblardan biri edi.

    Donishmandlarning “Togʻlarning ulugʻvorligini koʻrish uchun ularga uzoqdan razm solish darkor”, degan hikmati bor. Muayyan maʼnoda katta shaxslarning buyukligini, goʻzal insoniy fazilatlarini koʻrish, noyob isteʼdodi hosilasini baholash, qadrlash uchun ham shu tamoyil oʻrinli boʻladi. Abdulla Qodiriy ijodining buyukligi va naqadar qimmatli ekanini koʻrish va anglash uchun esa yarim asrdan koʻproq vaqt kerak boʻldi.

    Uzoq tanaffusdan soʻng uning “Oʻtkan kunlar” romani qayta nashr etildi. Xalqimiz bu kitobni oʻzgacha mehr va sogʻinch ila qarshi oldi va u yashin tezligida tarqala boshladi. Shuning oʻziyoq Qodiriy ijodi insonlar qalbidan chuqur joy olganini koʻrsatdi. Shu bilan birga, mamlakatimizda Abdulla Qodiriy shaxsi va ijodini keng targʻib etish boshlandi. Ayniqsa, keyingi yillarda uning koʻplab asarlari qayta nashr etildi. Mustaqillik yillarida uning nomini abadiylashtirishga eʼtibor qaratildi. Xususan, Abdulla Qodiriy “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirlandi. Bugun Toshkent shahridagi markaziy koʻchalardan biri, Chorsu yaqinidagi madaniyat va istirohat bogʻi, Yunusobod yoʻnalishidagi metro bekatlaridan biri adib nomi bilan atalgan.

    Yangi Oʻzbekistonda Qodiriy tom maʼnoda ikkinchi umrini yashay bosh­ladi. Zero, yoshlarni Qodiriy maʼrifati bilan oshno qilish, shu ruhda kamol toptirishga alohida eʼtibor berildi. 2019-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan Abdulla Qodiriy madaniyat va istirohat bogʻi yonida Abdulla Qodiriy ijod maktabi va memorial muzeyi tashkil etildi. Adibning muhtasham haykali oʻrnatildi. Shuningdek, yozuvchining Toshkent shahri Samarqand darvoza koʻchasidagi uyida uy-muzeyi ochildi.

    Shu oʻrinda yana bir faktni taʼkidlash zarur. Davlatimiz rahbarining 2020-yil 8-oktyabrdagi “Qatagʻon qurbonlarining merosini yanada chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishi qabul qilindi. Unga asosan, mamlakatimizda qatagʻon qurbonlari hayo­ti va faoliyatini chuqur oʻrganish, xotirasini abadiylashtirishga doir ishlarni tashkil etish boʻyicha res­publika ishchi guruhi tuzildi. Ishchi guruhning asosiy vazifalaridan biri sifatida shoʻrolar davridagi siyosiy ­qatagʻon qurbonlarini reabilitatsiya qilish ekani koʻrsatildi. Shunga koʻra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tomonidan mustabid sovet tuzumi davrida qatagʻonga uchragan, turli sabablarga koʻra, shu kungacha nomlari oqlanmagan yurtdoshlarimizni rasman oqlash borasida salmoqli ishlar qilindi. Natijada 2021-2024-yillarda Oʻzbekiston Oliy sudi Sovet Ittifoqi davrida qatagʻon qilingan 1220 nafar shaxsni reabilitatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Oliy sudning 2023-yil 1-dekabrda boʻlib oʻtgan majlisida ­Abdulla Qodiriy ham toʻliq oqlandi.

    Quvonarlisi, Qodiriy ijodiy merosini xalqaro miqyosda eʼtirof etish va uning oʻlmas asarlariga qiziqish ham yil sayin ortib bormoqda.

    Nyu-Yorkda Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga bagʻishlab oʻtkazilgan ijodiy kecha ana shunday eʼtiroflardan biri boʻldi. Mazkur ijodiy kechaga qator millatlar vakillaridan iborat mehmonlar yigʻildi. Ularning maqsadi atrofida kechayotgan voqea-hodisalarni ongu shuuri bilan teran anglab, fikrlarini ijodi orqali qoʻrqmasdan ayta olgan jasoratli, erksevar inson yashab ijod qilgan tarixiy davr muhitini his etish va undan oʻziga xos xulosalar chiqarish edi.

    “Xalqaro birdamlik” tashkiloti vakillaridan biri, asli toshkentlik Vyaches­lav Shatoxin madaniyatimiz, adabiyo­timiz, butun mamlakat tarixi va, albatta, uni yaratgan insonlar haqida qaygʻuradigan odam. Sobiq huquqshunosning bunday fazilati tadbirdagi maʼruzasida ham oʻz isbotini topdi. U Abdulla Qodiriy adabiy merosini chuqur oʻrganish va anglash muhimligini qayd etib, bunday dedi: “Buyuk adib, shoir, dramaturg va pub­litsist Abdulla Qodiriy oʻtgan asrning chinakam fenomenal shaxsidir. U oʻzbek adabiyoti tarixi va taraqqiyotida oʻchmas iz qoldirdi. Yozuvchi ijodi yildan yilga ommalashib, xorijda ham eʼtirof etilmoqda. Jumladan, 2019-yil dekabr oyida Oʻzbekis­tonning Vashingtondagi elchixonasida “Oʻtkan kunlar” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Romanni amerikalik taniqli tarjimon va tadqiqotchi Mark Riz tarjima qilgan. U ilk bor ingliz tilida AQSHda nashr etildi”.

    Tadbirda Oʻzbekistonning BMTdagi vakolatxonasi maslahatchisi, “Mahalla AQSH”, “Urush bolalari”, “Otalar choyxonasi”, “Dodalar choyxonasi” uyushmalari vakillari, ijodkor ziyolilar ishtirok etdi.

    Ijodiy kechada “Xalqaro birdamlik” tashkiloti prezidenti Abba Priyeva, professor Shohista Maqsumova, Xurshid Qodirovning chiqishlari ham tinglandi.

    Tadbir doirasida rejissyor Ravshan Asqarovning adib hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Qodiriy” hujjatli filmi premyerasi boʻlib oʻtdi. Mazkur film Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tomonidan Bosh prokuratura, shuningdek, “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi hamkorligida yaratilgan. Film tarix fanlari doktori, professor, Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi rahbari Baxtiyor Hasanovning 2020-yilda uch tilda (oʻzbek, rus, ingliz) nashr etilgan “Abdulla Qodiriyni eslab” kitob-albomi asosida suratga olingan.

    Ushbu kitob-albomning Konrad ­Adenauer fondining (Germaniya) Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi koʻmagida nashr etilgani ham Abdulla Qodiriyni jahon hamjamiyati eʼtirof etayotganidan dalolat, desak mubolagʻa boʻlmas.

    Namoyishdan soʻng aksariyat ishtirokchilar film haqidagi taassurotlarini oʻrtoqlashdi. Ular yuksak mahorat bilan yaratilgan bu asar yurtimiz tarixiga bir muddat qaytargani, oʻsha davrga, odamlar va voqealarga film ijodkorlari nigohi bilan qarash imkonini berishini eʼtirof etdi.

    Qodiriy oʻz asarlarida nafaqat milliy, balki umumbashariy qadriyatlarni tarannum etgan. Shu bois, uning ijodi hech qachon ahamiyatini yoʻqotmaydi. Toki mustaqillik, inson qadri, xalq manfaat­lari, komil inson tarbiyasi va oʻzlikni anglash ishtiyoqi bor ekan, ulugʻ adibning ijodiga ehtiyoj sezilaveradi.

    Ana shunday ulugʻ adibning xalqaro maydonda tan olinishi, targʻib qilinishi esa Oʻzbekistonning har bir fuqarosi, umuman, Abdulla Qodiriy ijodining butun dunyodagi chinakam muxlislari qalbida gʻurur va iftixor uygʻotadi.

    Murod ZIKRULLAYEV,

    Qatagʻon qurbonlari xotirasi

    davlat muzeyi direktori oʻrinbosari

    Telegram kanalimiz
    Text to speech