Allomaning ismi va tavallud sanasi
Allomaning toʻliq ismi Alouddin Abu Bakr ibn Masʼud ibn Ahmad Kosoniy boʻlib, Alouddin (dinni ulugʻlovchi) va Malik al-ulamo, Sultonul ulamo (olimlar sultoni) kabi unvonlar bilan tanilgan.
Kosoniy olimning nisbati boʻlib, Koson haqida oʻrta asr manbalari Movarounnahrning Shosh (Hozirgi Toshkent) viloyati ortida, Fargʻona vodiysida – Sayxun (Sirdaryo)ning shimoliy qismida joylashgan shahar deya qayd etgan. Shaharning hozirgi nomi Kosonsoy boʻlib, Namangan viloyati tarkibiga kiradi.
Abu Bakr Kosoniyning tugʻilgan sanasi va yoshlik yillari haqida manbalarda maʼlumotlar kelmagan. Biroq tugʻilgan yilini taxminan 1100-yillar atrofida deyish mumkin. Sababi ustozi Alouddin Samarqandiy vafoti – 1143-yilga qadar Kosoniy olim boʻlib yetishgan va mashhur asari “Badoiʼ”ni yozib, mukofot uchun, ustozining olima qizi Fotimaga uylanib boʻlgan edi.
Olimning taʼlim olish davri va oila qurishi
Abu Bakr Kosoniy oʻz yurtida datlabki taʼlimni olgach, oʻsha davrdagi ilmiy markaz Buxoro shahriga borib u yerdagi olimlardan dars oladi. Xususan, Alouddin Muhammad ibn Abi Ahmad Samarqandiyning (vaf. 539/1143-y.) qoʻlida tahsil olib, islom ilmlari boʻyicha yetuk olim boʻlib yetishdi.
Abu Bakr Kosoniy ustozi Alouddin Samarqandiyning “Tuxfatu-l-fuqaho” nomli huquqiy asarini sharhlab, shoh asari “Badoiʼu-s-sanoiʼ fil tartibi-ish-sharoit” (Shariat qonunlarini tartiblashda goʻzal sanʼatlar)ni yozib, ustoziga taqdim qildi. Kitobning uslub va mazmunan yuksak saviyada yozilganini koʻrgan Alouddin Samarqandiy benihoyat xursand boʻlganidan qizi Fotimani unga nikohlab berdi, mahriga esa “Badoiʼ” qoʻyildi. Yangi oila qurilganida xalq orasida “شَرَحَ تحْفَتَهُ وتَزَوَّجَ اِبْنَتَهُ” yaʼni “ustozining «Tuhfasi”ni sharhlab, qiziga uylanib oldi» degan gap mashhur boʻlib ketdi.
Fotima binti Muhammad Samarqandiyya zamonasining mashhur olima ayollaridan boʻlib, islom huquqini chuqur oʻrgangan, aql-zakovat va husn-u, jamolda teng yoʻq edi. Fotima Samarqandiyya otasi tomonidan berilgan fatvolarni oqga koʻchirar va muhrini bosar edi. Yangi oila qurilganidan soʻng uch kishi tomonidan berilgan mushtarak fatvolar chiqa boshladi.
Abu Bakr Kosoniy safar qilishni yaxshi koʻrgani manbalarda kelgan. Sharqiy Turkistondan Oʻrta yer dengizigacha boʻlgan katta hudud hukmroni Saljuqiy sultonlarining poytaxti – Kichik Osiyodagi Koniya shahri edi. Kosoniyning Koniyaga tashrifi hayotidagi muhim burilish nuqtasi boʻldi. Saljuqiy sulton Masʼud I (v. 572/1176-y.) Kosoniyning hurmat-eʼtibor bilan qarshi olib, ilmiy faoliyatiga keng imkoniyat yaratib beradi. Biroq bir ilmiy bahsda Kosoniy Poytaxtdagi eng obroʻli olimni yengani va xatolarini oshkor etgani Kosoniyni Xorijga joʻnatib yuborilgan sabab boʻldi.
Halab oʻlkasiga odil va maʼrifatparvar hukmdor Nuriddin Mahmud Zangi rahbar boʻlib, mamlakatda farovonlik, osoyishtalikni taʼminlash bilan birga ilmiy salohiyatni oshirish, sogʻlom eʼtiqodni himoya etish maqsadida madrasalar barpo qilib, turli oʻlkalardan zabardast, yetuk olimlarni mudarrislikka jalb qildi, talabalarga homiylik qildi.
Halabda juda ham yaxshi kutib olingan Kosoniy qisqa muddat ichida katta shuhrat qozonib, olimlar taklifiga binoan mashhur “Halaviyya” madrasasiga Sulton tomonidan “Xoʻja Mudarrisi” etib tayinlandi. Ushbu vazifa odatda mamlakatning eng katta ulamosiga topshirilgan
Kosoniy vafot etguniga qadar – 40-yildan ortiq “Halaviyya” madrasasida islom huquqi, tafsir, hadis va aqida ilmlaridan dars berib, qoʻl ostida son-sanoqsiz olimlar yetishib chiqdi. Umrining oxirida oyogʻidagi ogʻir kasallik –“nuqrus” (Podagra) koʻp bezovta qilib, yurolmay qolsa-da darsga koʻtarib olib borishlarini tayinlagan. Oʻsha paytning odati Bosh Mudarris uchun markazga balandroq qilib maxsus gilam toʻshalgan. Abu Bakr Kosoniyga yuqori hurmat belgisi sifatida u uchun toʻshalgan gilamga boshqa hech kim oʻtirmas edi. Olim uning ustiga joylashib olib, darsni aytishni boshlaganida esa atrofiga toʻplangan koʻp sonli talabalar, olimlar to u kishi oʻrnidan turib ketgunicha sira ketmas edilar. Bu ham Kosoniydagi ilmiy saviya va mudarrislik qobiliyatining yuqori ekanidan bilan izohlanadi.
Ushbu oʻrinda qirq yildan ziyod talabalarga dars berib, qoʻl ostida son-sanoqsiz olimlar yetishib chiqdi.
Olimning vafoti
Abu Bakr Kosoniy ilm-ziyo tarqatish, xalqni hidoyatga yetaklash yoʻlida kechirgan ibratli umrini yakunlab, hijriy 587-yil rajab oyining oʻninchi sanasi (milodiy 1191-yil 3-avgust) yakshanba kuni, peshin namozidan soʻng ona yurtidan ancha uzoq – Halabda vafot etdi.
Kosoniy Halab shahridagi Maqomi Ibrohim Xalil maqbarasiga, turmush oʻrtogʻi Fotima Samarqandiya yoniga dafn qilindi. Shundan soʻng ushbu qabriston “Er va xotin qabristoni” nomiga oʻzgardi. 1198-yil Salohiddin Ayyubiyning oʻgʻli Sulton Malik Zohir tomonidan bu joyga maqbara quriladi va eshik ustiga “Ushbu imoratni mavloyimiz Malik Zohir dunyo va din koʻmakchisi gʻoziy ibn Malik Nosir buyrugʻi bilan 594-yil barpo etildi” deb yozib qoʻyiladi. Ushbu maqbara ziyoratgoh holatiga keltirilgan va olimning huzurida qilingan duolar ijobat boʻlishiga xalq tomonidan ixlos qilinadi.
Allomaning fazilatlari va goʻzal sifatlari
Abu Bakr Kosoniyning sifatlari va fazilatlari haqida gap ketganda, avvalo, bepoyon ilm va zakovatga ega sof eʼtiqodli hamda shariatni teran tushungan olim ekanini aytish lozim. Qolaversa ilm ahli va talabalarga mehri baland ustoz hamda xalqning ishonchli vakili sifatida zalolat va bidʼat egalariga qarshi oʻtib boʻlmas toʻsiq boʻlgani manbalarda alohida qayd etiladi. Shuningdek, olim jasur, mohir chavandoz boʻlgan. Toʻgʻri deb bilgan ishlarini dangal bajaradigan, odamlarning gaplari va malomatlariga parvo qilmas edi.
Bu davrda ahli ilmlarning aksari oʻzini past olib ulovlardan eshak, nari borsa xachir minsa, Kosoniy har doim aygʻir ot minar ekan. Baʼzilar malomat qilib, “Siz nimaga aygʻir minasiz” deb soʻrashsa, “Er kishi faqat, otning erkagini minishi kerak” deb, ularni uyaltirib qoʻyar ekan.
Kosoniy talabaparvar inson boʻlgani va ilm ahliga qilgan gʻamxoʻrliklari haqida Kamoliddin ibn Adim oʻz qaylarida zikr etgan: “Sulton Malik Zohir Kosoniyni saroyga mehmondorchilik uchun taklif qildi. Kosoniy oʻzi bilan birga bir guruh talabalar va faqihlarni ola keldi. Qalʼa darvozasiga yetgach, soqchi: «Shayx kiradilar qolganlar ortga qaytadi” deydi. Shunda Kosoniy aygʻirning yuganini ortga burib, “Shayx ham qaytadi” deb, ketmoqchi boʻladi. Holat haqida zudlik bilan sultonga bildiriladi va sulton: “Hoziroq shayx va u kishining barcha hamrohlarini ichkariga kirgizing, olim qayerni ixtiyor qilsa, hamrohlari bilan oʻsha oʻringa joylashtiring” deb, buyruq beradi. Ushbu voqeani tarixchi Ibn Adimga otasi Abul Hasan Ahmad Kosoniyning shogirdi va voqeaning shaxsan guvohi sifatida rivoyat qilgan.
Orzigul Qozixonova,
Oʻzbekiston Respublikasi Senatining
Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi








