Kishilik sivilizatsiyasining qaysi bosqichiga qaramang, maʼlum bir zamin va zamonda yashagan xalqning kundalik turmush tarzi, tevarak-atrofdagi oʻzgarishlarni, yangiliklarni, qolaversa, orzu-umidlarini batafsil ifodalashga, aniq maʼnoni anglatuvchi rasmlar, bitiklar, yozuvlar qoldirishga har doim ehtiyoj boʻlgan.
Koʻpchilik media tadqiqotchilar tomonidan Oʻrta Osiyo, Yaqin Sharq va Janubiy Amerika mamlakatlari hududidan topilgan petrogliflar jahon protojurnalistikasining dastlabki koʻrinishlari sifatida eʼtirof etilishi bejiz emas. Chunki ularda oʻsha davr hayotiga oid eng ishonchli dalillar oʻz ifodasini topgan.
Xususan, Oʻzbekiston hududidagi Sarmishsoy darasi va uning atrofidagi 2,5 kilometrga choʻzilgan qoyatoshlarda 7000 dan ortiq petroglif borligi aniqlangan. Bundan 5–7 ming yil ilgari yashagan ajdodlarimiz tomonidan hayvonlarni xonakilashtirish ishlari olib borilgani aynan ana shu qoyatosh suratlarida aks ettirilgan.
Undan keyingi davrlarda esa qadimgi yunon olimlari, shoiru yozuvchilarining tarixiy, ilmiy-ijodiy ishlari yuzaga keladi. Shu maʼnoda, Homerning eramizdan oldingi VIII asrga oid Odisseya eposi, “tarix otasi” sifatida nom qoldirgan Herodotning geografiya va etnografiyaga (eradan oldingi 484–425y.) oid qator bebaho asarlarini sanab oʻtish oʻrinlidir.
Nazariy jihatdan yuqoridagi kabi asarlarni hozirgi trevel jurnalistikasining bevosita debochasi, ilk koʻrinishlari sifatida baholash uchun yetarli asoslar bor.
Sharq mamlakatlarida ham yozma hikoyachilik qadimdan yaxshi shakllangan. Tarixiy nuqtayi nazardan, aynan noma janrini zamonaviy trevel jurnalistikaning yuzaga kelishi jarayonida muhim rol oʻynagan, deyish mumkin.
Trevel jurnalistika (ingl. travel journalism) – mass mediadagi alohida yoʻnalish boʻlib, unda asosiy eʼtibor turli sayohatlar davomida toʻplangan maʼlumotlarga qaratiladi.
Noma (fors. xat, maktub) shunchaki xat, maktub, farmon, yozilgan narsa maʼnolarini bildiribgina qolmasdan, balki biror tarixiy shaxs yoki asar qahramonining sarguzashtlari, safar taassurotlari, ichki kechinmalari nazm yoki nasrda bayon etilgan har qanday asar (badiiy, ilmiy, memuar va hak.) turi ham hisoblanadi.
Masalan, Zahiriddin Muhammad Boburning (1483–1530) “Boburnoma” asarini olaylik. Unda Oʻrta Osiyo, Afgʻoniston, Pokiston, Hindiston va Eronning tarixi, geografiyasi, topografiyasiga oid qimmatli maʼlumotlar keltirilgan. Shuningdek, adabiyotshunoslik, tilshunoslik, etnografiya, pedagogika va boshqa fan sohalariga doir juda qimmatli fakt va maʼlumotlar berilgan. Ensiklopedik xarakterga ega asar oʻsha davr oʻzbek adabiy tilining yorqin namunasi ekani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
“Boburnoma” XV asr oxiri XVI asrning birinchi yarmidagi Movarounnahr, Xuroson, Hindiston, Eron xalqlari tarixini oʻzida aks ettirgan boʻlsa-da, oʻsha davrdagi juda koʻp dolzarb iqtisodiy, ijtimoiy masalalar, hududlarning oʻzaro siyosiy-iqtisodiy va savdo munosabatlari, jugʻrofiy mavqei, iqlimi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, togʻlari, daryolari, xalqlari, qabila va elatlari va ularning yashash sharoitlari, urf-odatlari, muhim tarixiy inshootlari, shuningdek, hindu va musulmonlarning ibodatxonalari, toʻy va dafn marosimlari haqida nihoyatda nodir maʼlumotlarni oʻzida qamrab olgan asardir.
Muqimiyning “Sayohatnoma” va Shayxzodaning “Toshkentnoma” asarlarini ham shu qatorda sanab oʻtish mumkin.
Yaqinda Sharqning buyuk mutafakkiri va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi Prezident qarori qabul qilindi. Unga koʻra, 2023-yilda buyuk olim yubileyi YUNESKO shafeligida xalqaro miqyosda keng nishonlanmoqda.
Shu oʻrinda Abu Rayhon Beruniy merosining jahon trevel protojurnalistikasi rivojlanishiga qoʻshgan hissasi haqida ayrim fikr-mulohazalar yuritmoqchimiz. Oʻzi yashagan davrda “Osorul-boqiya anil-qurunil-xoliya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) asari Beruniyga juda katta shuhrat keltirgan, uni fanning barcha muhim sohalariga qiziquvchi buyuk olim ekanini butun dunyoga koʻrsatgan. Bundan tashqari, Beruniy astronomiya, metrologiya tarixiga oid 10 dan ortiq asar yozgan.
Beruniy yaratgan asarlar orasida ham hajmi, ham ahamiyati jihatidan eng yirigi “Hindiston” hisoblanadi. Hozirgi hind olimlarining fikricha, Hindiston haqida haligacha hindlarning oʻzlari ham shunday batafsil va ilmiy jihatdan qimmatli asar yaratmagan. Shu sababli hindlar bobokolonimiz Beruniy nomini chuqur hurmat bilan tilga oladilar.
Beruniy Hindiston haqida asar yozar ekan, hindlar hayoti, urf-odati, ayniqsa, eʼtiqodiga oid diniy kitoblar bilan batafsil tanishadi. Buyuk olim faqat hind kitoblari bilan qanoatlanmay, balki qadimgi yunon, rim adiblari asarlaridan ham keng foydalandi.
“Hindiston” asarining rus tiliga tarjimasi uchun soʻz boshi yozgan (1961y.) olimlar A.B.Xolidov va V.G.Ermanlarning qayd etishicha, Beruniy asarda Homer, Platon, Aristotel, Ioann Grammatik, afrodiziyalik Aleksandr, tianlik Apolloniy, Porfiriy, Ammoniy, Arat, Galen, Ptolomey kabilarning asarlaridan foydalangan.
Koʻpchilik olimlar eʼtiroficha, Beruniyning “Hindiston”iga oʻxshagan asar umuman fan tarixida uchramaydi. Asarda ham mamlakat, ham yarim orol xalqlari haqida shunchalik boy maʼlumot beriladiki, aql bovar qilmaydi. Xususan, bu hududdagi diniy tabaqalar, eʼtiqodlar, xurofot, falsafa, aniq fanlar, qonun va urf-odatlar, diniy-tarixiy afsonalar, yozuv turlari, yarim orol joʻgʻrofiyasi, adabiyoti va hokazolar batafsil keltiriladi.
Asarning, ayniqsa, XVIII bobi trevel protojurnalistikasi nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi. Unda Hindiston geografiyasi haqidagi bilimlar tafsiloti tushunarli, ilmiy-ommabop tilda berilgan boʻlib, jumladan, mamlakatdagi daryolar, dengiz hamda bu yerdagi viloyatlar va mavjud chegara hududlari oʻrtasidagi masofalar toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar keltiriladi:
“...Ganga daryosining Gʻarbida joylashgan Kannauj shahri hududiy jihatdan juda katta yerni egallaydi. Biroq ayni paytda uning asosiy qismi buzilgan, vayrona holatda tashlab ketilgan. Chunki podshoh oʻtiradigan joy Kannaujdan Ganga Sharqidagi Bari shahriga koʻchirilgan...”
Bundan 1000-yil oldingi davrda “mamlakatdagi imperiya dinastiyasining uyi” boʻlganligi Beruniy tomonidan qayd etilgan ana shu shahar hozir mamlakatdagi yirik shtatlardan biri – Uttar Pradesh tarkibiga kiradi. Kannauj ayni paytda “Hindistonning atir poytaxti” nomi bilan mashhurdir.
“...Bhoteshar – bu, Tibet adirlarining boshlanishidir. Oʻsha yerdan tepaga qarab ketganda odamlarning tili, tashqi koʻrinishi hamda yuz tuzilishi oʻzgara boshlaydi. Bu yerdan tortib togʻning tepa qismidagi dovongacha yigirma farsax masofa bor. Eng yuqori nuqtaga chiqib pastga qarasangiz, Hindiston tuman ostiga yashiringan qora rangli hududga oʻxshaydi, dovondan quyida joylashgan togʻlar esa goʻyoki kichik qoyalar kabi koʻrinadi. Tibet va Xitoy tarafga boqsangiz, bu hududlar qizil tusda koʻzga tashlanadi. Ularga tomon tushib borish uchun bor-yoʻgʻi bir farsaxdan ham kamroq masofa bosib oʻtsangiz kifoya...”
Beruniy bergan maʼlumotga koʻra, Bhoteshar tepaligidan Tibet yerlari orqali hisoblaganda Kashmirgacha boʻlgan masofa uzunligi 300 farsaxdan iborat boʻlgan.
Bir soʻz bilan aytganda, Abu Rayhon Beruniy mazkur asarida mamlakatni shu qadar batafsil va mukammal tarzda tasvirlaganki, asrlar davomida dunyo olimlari, umuman, xorijliklar ushbu subkontinentga nisbatan “Beruniyning Hindistoni” (Al-Beruniʻs India) iborasini bejizga ishlatmagan.
Hozirgi davrda trevel jurnalistikasi media sohasiga kirib kelayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tufayli shiddatli tarzda rivojlanmoqda. Butun dunyodagi kabi Oʻzbekistonda ham trevel blogerligi taraqqiy etmoqda. Sohaga doir maxsus bosma va onlayn nashrlar paydo boʻlayotir.
Joriy qilinayotgan multimediaviylik ushbu yoʻnalishning taʼsirchanligi, qamrovi va tezkorligini misli koʻrilmagan darajada oshirmoqda. Biroq trevel jurnalistikasi sifatini, uning asrlar osha keyingi avlodlar uchun qiziqarlilik va ahamiyatlilik darajasini saqlab qolishga eʼtibor qaratilayapti deb boʻlmaydi. Ularning aksariyatida muallifning yengil-yelpi, yuzaki yoki yoʻl-yoʻlakay yondashuvi sezilib qolmoqda. Bu, albatta, tadqiqotlar uchun alohida mavzu hisoblanadi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Abu Rayhon Beruniy qoldirgan bebaho merosni respublikada faoliyat olib borayotgan jurnalistika oliy maktablarining oʻquv dasturlariga kiritish, bu borada ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda ularni xalqaro media makonda keng targʻib etish masalasi boʻyicha quyidagi fikr-mulohazalar va takliflarni ilgari surish mumkin.
Jurnalistika taʼlim yoʻnalishlari mavjud boʻlgan respublikamizdagi barcha OTMlarda jahon jurnalistikasi tarixi fanining protojurnalistika kursi doirasida Abu Rayhon Beruniy qoldirgan buyuk merosni qamrab olish, xususan, uning “Hindiston” asarini atroflicha chuqur oʻrganishni joriy etish zarur.
Shuningdek, Abu Rayhon Beruniy merosini jurnalistika tarixi nuqtayi nazaridan chuqur oʻrganish maqsadida ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilmiy seminar va davra suhbatlari, xalqaro konferensiyalar tashkil etish kerak.
Tashqi ishlar vazirligidan akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy OAV vakillarining oʻzbekistonlik beruniyshunos olimlar bilan intervyu va suhbatlar, ular tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari haqida chet el muxbirlari bilan hamkorlikda maqolalar tashkil etish ishlari ham yoʻlga qoʻyilsa ayni muddao boʻlar edi.
Beruniy merosini nafaqat milliy OAV, balki xalqaro media maydonda keng targʻib qilish maqsadida jurnalistlar puli (guruhi)ni tashkil etish hamda alohida media-reja ishlab chiqish ham foydadan xoli boʻlmaydi. Bu orqali jahon axborot maydonidagi yangi Oʻzbekiston ilmiy boyliklari nufuzi va imijini oshirish mumkin.
Buyuk olim qoldirgan ilmiy merosni oʻzbek tilida va BMT tashkilotining barcha rasmiy tillarida turli zamonaviy multimedia mahsulotlarini tayyorlash (masalan, badiiy va hujjatli filmlar, Beruniy asarlarining elektron tarjimalari ) va ularni xorijdagi Oʻzbekiston elchixonalari orqali chet el jurnalistlari hamda xalqaro jamoatchilik vakillari keng tarqatishlari zarur. Beruniy merosiga doir oʻzbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida virtual muzey tashkil etish kerak. Muzeyda Beruniyning original qoʻlyozmalari, ulardan olimlarimiz tomonidan qilingan tahlili va Beruniy asarlari kutubxonasi oʻrin oladi. Bu Beruniyni jahonga yanada keng tanitishga yordam beradi.
Qomusiy olimning 1050-yillik yubileyiga bagʻishlab oʻtkaziladigan xalqaro ilmiy anjumanlar va yubiley tadbirlarini keng va samarali yoritish uchun xorijdagi yetakchi OAV vakillari ham bevosita jalb etilsa, nur ustiga nur boʻlar edi.
Beruniy ALIMOV,
“Yangi media taʼlim markazi” NNT direktori,
filologiya fanlari doktori