Fuqarolarning siyosiy hayotda, davlat boshqaruvida faolligini qanday ta'minlash mumkin? Mazkur savolga javob sifatida: Parlament va mahalliy kengashlar deputatlari, senatorlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning nafaqat ishtirokchisi, balki tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo'la olsa va xalqimiz ovozini baralla davlat deb aytish mumkin.
Bu borada, rivojlangan davlatlarda siyosiy partiyalar pozitsiyasi, g'oya va maqsadlariga qarab ovoz berish tendentsiyasi kuzatilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan parlament saylovlarida majoritar tizimdan aralash (majoritar - proportsional) tizimiga o'tish masalasi taklif etilayotganligi ham bejiz emas.
Xalqaro tajribada saylov tizimining majoritar, proportsional va aralash turlari mavjud.
Majoritar saylov tizimida ko'p ovoz olgan nomzod muayyan okrug bo'yicha saylangan hisoblanadi. Mutlaq ko'pchilik ovoziga asoslangan majoritar tizimda berilgan ovozlarning umumiy sonidan mutlaq ko'p ovoz, ya'ni 50%+1 ta ovoz olgan nomzod saylangan hisoblanadi. Nomzodlar orasidan o'z raqiblarining har biriga nisbatan ko'p ovoz olgani g'olib hisoblanadi.
Proportsional saylov tizimi — saylovchilar aniq bir shaxsga emas, balki partiyaga ovoz beradilar. Har bir partiya o'z vakillarining ro'yxatini ilgari suradi, saylovchilar esa tegishli partiyalar tomonidan ko'rsatilgan vakillarning ro'yxati uchun ovoz beradi. Bunday tizimda saylovchi amalda nomzod uchun emas, balki siyosiy partiya uchun ovoz beradi.
Aralash saylov tizimida aholi bilan munosabatlari ta'sirchan va natijali bo'lishiga yanada sharoit yaratiladi va partiyalar bosh o'ringa chiqadi. Qaysi partiya o'z dasturi orqali xalqni maqsad muddaolarini ifoda etib, ularni ro'yobga chiqarishga ishontira olib, munosib harakat qilgandagina ko'p ovoz olishga erishadi.
Konstitutsiyaga kiritilayotgan o'zgartishlarda nazarda tutilgan aralash saylov tizimi o'zida ham majoritar, ham proportsional saylov tizimlarini mujassam etadi.
Bunda, Qonunchilik palatasi deputatlarining yarmi hozirgi tartib bo'yicha saylansa, qolgan yarmi siyosiy partiyalarning ro'yxatlari asosida saylanadi. Yа'ni, odamlar 75 ta o'rin bo'yicha aniq bir nomzodni saylasa, qolgan 75 tasi bo'yicha siyosiy partiyaga ovoz beradi.
Mazkur o'zgarishlar jamiyatda saylovchilarning huquqiy ongini yuksaltirishga ham xizmat qiladi. Saylovchi nafaqat nomzodning shaxsi, balki uning dasturi, ilgari surayotgan g'oyalari, shuningdek, partiyaning maqsad-muddaolari bilan ham yaqindan tanishadi, o'rganadi, o'z takliflarini beradi, lozim topsa, qo'llab-quvvatlaydi. Bu orqali fuqarolarning siyosiy jarayonlardagi ishtiroki kengayadi.
Bekzod Narimanov
Toshkent davlat yuridik universiteti bo'lim boshlig'i
YU.f.f.d.