Bu turdagi yonilgʻini har qanday anomal sovuqlarda ham ishlatish mumkin ekanligi qayd etilmoqda.
Taʼkidlanishicha, sovuq kunlar boshlanishi oldidan korxonada arktik turdagi GTL dizel mahsulotlari ishlab chiqarish rejimiga oʻtilgan. Muhim jihati, oʻta past haroratlarga bardoshli yonilgʻini ishlab chiqarishda dizel mahsulotlariga faqatgina kimyoviy qoʻshimchalar qoʻshish evaziga emas, balki Isodewaxig reaktorlarida ularning strukturasini oʻzgartirish orqali ham erishilmoqda.
-Dizel mahsulotlari mavsumiyligiga qarab yozgi, qishki va arktik turlariga boʻlinadi,-deydi zavodning markaziy loboratoriya xodimi Nurxon Nurillayev.- Belgilangan standartlar talabiga koʻra, yozgi yonilgʻi havo harorati minus 5 darajagacha, qishkisi - minus 32 darajagacha, arktik turdagisi esa minus 47 darajagacha boʻlsa oʻz xususiyatini yoʻqotmaydi. Bu yerda oʻtgan oydan boshlab ishlab chiqarilayotgan sintetik GTL dizel mahsulotlari esa hatto minus 50 daraja sovuqda ham oʻz holatini barqaror saqlab qoladi.
Ayni kunlarda korxona isteʼmolchilarga arktik turdagi GTL dizel mahsulotlarini sotishni boshlagan.