“Uzbekistan GTL” zavodida aviakerosin ishlab chiqarish rejalashtirildi

    Sanoat 1 Sentabr 2022 1598

    “Oʻzbekneftegaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” aʼzolari sintetik yoqilgʻi mahsulotlarini ishlab chiqarilishi holati oʻrganish maqsadida “Uzbekistan GTL” zavodida boʻldi.

    Ishchi guruh zavodining markaziy boshqaruv binosida joylashgan zamonaviy boshqaruv panellari orqali zavoddagi uskuna va asosiy ishlab chiqarish qurilmalarini sinxron ekspluatatsiya qilish texnologik tizimi bilan yaqindan tanishdi.

    Zavodning markaziy laboratoriyasi binosida joylashgan zamonaviy qurilma va asboblar orqali zavodda ishlab chiqarilayotgan “GTL” dizel yoqilgʻisi Euro-6 (YEN15940) Yevropa ekologik standarti va “OʻzDSt EN 15940:2022” milliy standartining yuqori talablariga javob berishini tizimli va doimiy ravishda olib boriladigan laboratoriya tahlil jarayonlari bilan yaqindan tanishib chiqildi.

    Hozirgi kunda Uzbekistan GTL zavodida toʻlaqonli ravishda mahalliy va xalqaro talablarga javob beradigan sintetik dizel mahsuloti ishlab chiqarilib kelinmoqda va isteʼmolchilarga muntazam yetkazib berilmoqda.

    Boshqaruv raising topshirigʻiga asosan, keyingi bosqichda sintetik aviakerosin ishlab chiqarish jarayonlarini jaddalashtirish va xalqaro standart (ASTM D-7566) hamda texnik talablariga mos boʻlgan sintetik aviakerosin ishlab chiqarishni boshlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

    Buning uchun hozirda asosiy texnologik qurilmalarining ishlab chiqarish rejimlari tashrif buyurishi rejalashtirilgan litsenziar “Sasol” va “Shevron” kompaniyalari vakillari bilan birgalikda yakunlash boʻyicha koʻrsatmlar berildi.

    Tashrif yakunida, masʼullarga sintetik yonilgʻi mahsulotlarini ishlab chiqarilishi uzluksizligini taʼminlash, isteʼmolchilarga oʻz vaqtida va sifatli yonilgʻi mahsulotlarni yetkazib berilishi toʻliq hamda doimiy nazoratda boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

    Eslatib oʻtamiz, GTL zavodida yiliga 3,6 mlrd. metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, 1,5 mln tonna tayyor suyuq mahsulotlar ishlab chiqariladi. Jumladan, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilgʻisi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanadi.