Sintetik kerosinning 23 ta asosiy fizik-kimyoviy va texnik parametrlari toʻliq talab darajasiga yetkazildi. Asosiy parametrlardan biri boʻlgan muzlash harorati xalqaro standart talab darajasiga (-47°S) yetkazish ishlari yakunlandi, deya xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.
Bugungi kunga qadar, “Uzbekistan GTL” zavodi tomonidan IATA, ASTM International, Def Stan xalqaro tashkilotlarining aviatsiya yoqilgʻisi uchun xomashyo sifatida GTL kerosinidan sintetik komponent sifatida foydalanishga ruxsat etilgani toʻgʻrisida ijobiy xulosalar olingan. GTL zavodida ishlab chiqarilgan sintetik kerosinining birinchi partiyasi namunasi olinib, xalqaro aviasohani tartibga soluvchi tashkilot (IATA) tavsiyasiga koʻra, muvofiqlik sertifikatini olish uchun SGS kompaniyasining Estoniya, Belgiya va Fransiyadagi laboratoriyalariga tahlil va tegishli xulosa olish uchun yuborildi.
“Uzbekistan GTL” zavodining toʻliq ish rejimiga oʻtilgani sabab sintetik yoqilgʻi mahsulotlarining ishlab chiqarish hajmini bosqichma-bosqich oshirib borish hamda mahsulotlarning yuqori sifatda boʻlishini taʼminlash zarur. Shuningdek, ishlab chiqarish hajmini oshirib borish natijasida mahsulot tannarxi arzonlashishiga erishish lozim.
Bugungi kunga qadar esa GTL majmuasida jami 55 ming tonna sintetik dizel yoqilgʻisi va 20,5 ming tonna sintetik nafta ishlab chiqarilgan boʻlib, Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi orqali kunlik ravishda isteʼmolchilarga yetkazilmoqda. Joriy yilning 14-sentyabrdan boshlab Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi orqali sotuvga joylashtiriladigan sintetik dizel yoqilgʻisining bir tonnasi boshlangʻich narxi 13 mln 897 ming 109 soʻmgacha arzonlashtirilishi belgilandi. Soʻnggi ikki oy ichida ikkinchi marotaba narx arzonlashtirilib, joriy yilning 29-avgust kuni sintetik dizelning boshlangʻich narxi 15 mln 550 ming 500 soʻmdan 14 mln 504 ming 378 soʻmgacha kamaytirilgan edi.
Eslatib oʻtamiz, “Uzbekistan GTL” majmuasida yiliga umumiy qiymati 1 milliard AQSH dollari yoki 12,8 trillion soʻmdan ortiq import oʻrnini bosuvchi neft mahsulotlari va uglevodorod xomashyolari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.