Jahonda ko‘plab insonlarning salomatligi, oilalar butunligiga raxna solayotgan, shu bilan birga, dunyodagi davlatlar iqtisodiyotiga katta zarar yetkazayotgan OIV infeksiyasi bilan kurashish bugunning muhim masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Yaqinda davlatimiz rahbarining “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani ushbu kasallik tashxisi, profilaktikasi va davolash samaradorligini oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishi bilan ahamiyatli.
Mamlakatimizda 2018-2022-yillarda OIV infeksiyasiga qarshi kurashish dasturlari doirasida davlat byudjetidan 107 milliard so‘m va 27,7 million dollar, OITS, bezgak va sil kasalligiga qarshi kurashish global jamg‘armasi tomonidan esa 16 million dollar yo‘naltirilgan. Buning natijasida 13 million aholini (2021 yilda 3,5 million) tekshiruvlar bilan qamrab olish, OIV aniqlangan shaxslarni tashxis qo‘yilishi bilanoq to‘liq retrovirusga qarshi terapiyaga o‘tkazish, 22 mingdan ortiq shaxsni sindromli davolash bilan qamrab olishga erishildi.
OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan 6 oylikkacha bo‘lgan bolalarni (600 nafar) quruq sut aralashmasi bilan ta’minlash, kasallikning onadan bolaga yuqishi hamda giyohvandlar orasida OIV tarqalishini kamaytirish, mobil klinika va mobil laboratoriya faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali olis hududlarda profilaktika tadbirlarini o‘tkazish imkoniyati yaratildi.
Hozir OIV infeksiyali shaxslarning 85 foizi o‘z holatini biladi. Retrovirusga qarshi maxsus terapiya bilan davolash qamrovi 79 foizni, virus yuklamasining pasayishi 74 foizni tashkil etadi.
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2030-yilga borib OIV epidemiyasiga barham berish uchun “95-95-95” strategiyasi ilgari surilgan bo‘lib, uning doirasida OIV infeksiyali shaxslarning 95 foizi o‘z maqomini bilishi, 95 foizi maxsus davolash kurslariga qamrab olinishi hamda 95 foizining qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushishiga erishish maqsadi belgilangan. Ana shu vazifalarni uddalasak, 2030-yilgacha bu kasallik keskin kamayishi mumkin. Ayni paytda yurtimizda shu kasallik bilan og‘rigan 45 mingdan ortiq bemor bo‘lsa, yangi qarorga muvofiq, ularni to‘laligicha doridarmon bilan ta’minlash imkoni yaratilmoqda. Bunda retrovirusga qarshi 22 turdagi dori-darmon xarid qilish ko‘zda tutilmoqda. Qaror bilan aholi orasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash samaradorligini oshirishga doir 2023-2027-yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanmoqda. Ushbu dasturni amalga oshirish uchun 2023-2027-yillarda jami 120 milliard so‘m va 54 million dollar yo‘naltiriladi.
OIV infeksiyasini erta aniqlash, tashxislash va davolash sifatini oshirish maqsadida har yili kamida 3 million aholi tekshiruv bilan qamrab olinadi. Buning uchun 11,4 million dona diagnostik test tizimi (eks press, IFA testi)ni xarid qilish ko‘zda tutilmoqda. OITSga qarshi kurash markazlari OIV infeksiyasi diagnostikasi va davolash samaradorligini monitoring qilish uchun zarur 587 mingta diagnostik vosita (immunoblot, PSR va SD4) bilan ta’minlanadi.
OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham berish maqsadida OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan, 6 oylikkacha bo‘lgan 2 ming nafardan ortiq bola quruq sut aralashmasi bilan ta’minlanishi ham nazarda tutilgan. Shuningdek, sog‘liqni saqlash organlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikda OIV infeksiyasi yuqishi ehtimoli yuqori guruhlar orasida profilaktik tadbirlar olib borish, aholi orasida keng targ‘ibot-tushuntirish ishlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
2023-yil-1 iyunga qadar Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, 2023-yil yakuniga qadar boshqa hududlarda FHDYO organlari va tibbiyot muassasalari o‘rtasida nikohlanuvchi shaxslarni OIV infeksiyasi bo‘yicha majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda elektron ma’lumot almashinuv tizimi joriy etilishi kasallikning keng tarqalishi, profilaktikasi va kasallik aniqlanganda samarali davo choralarini qo‘llashga zamin yaratadi.
2023-yil yakuniga qadar OIV infeksiyasi aniqlangan holatlar monitoringini ta’minlash, real vaqt rejimida dori va diagnostik vositalarning harakatlanishini kuzatib borish imkonini beruvchi elektron axborot tizimi yaratiladi. Buning uchun BMT Taraqqiyot dasturi orqali 100 ming dollar ajratiladi.
OITSga qarshi kurash hududiy markazlari va ularning tumanlararo laboratoriyalari moddiy-texnik bazasini rivojlantirish ham ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, 15 ta markazning binolari hamda tumanlararo 20 ta laboratoriyada qurilish, kapital ta’mirlash, rekonstruksiya va jihozlash ishlari bajariladi. Markazlarning poliklinika bo‘limlari 3 turdagi (EKG, densitometr, UTT), laboratoriyalari 21 turdagi tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi. Istagan fuqaro o‘zi istiqomat qilayotgan hududdagi poliklinika yoki OITS markazlariga borib, tekshirtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi va bu tekin amalga oshiriladi.
Mutaxassislarning kasbiy salohiyati oshiriladi. Jumladan, kamida 50 nafar tibbiyot xodimi chet elga malaka oshirishga yuboriladi. OIV infeksiyasi bo‘yicha fundamental, amaliy va innovasion tadqiqotlar amalga oshirilishi samarali davo choralarini qo‘llash va kasallikka barham berishga xizmat qiladi.
Qahramon YO‘LDOSHYEV,
Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori









