Tojikiston asrlar davomida sinovdan oʻtgan yaqin qoʻshni va Oʻzbekiston uchun ishonchli strategik sherikdir. Keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlar tom maʼnoda barqaror rivojlanib, birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli sezilarli natijalarga erishdi va ular yuqori darajaga koʻtarildi. Ikki mamlakat yuksak siyosiy muloqotni rivojlantiribgina qolmay, iqtisodiy va gumanitar sohalarda ham hamkorlik qilib, bir-birining merosi, madaniyati va tillarini oʻrganish orqali haqiqiy doʻstlikni namoyish etmoqda.
Xoʻjandda boʻlib oʻtgan “Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy munosabatlari — oʻzbek-tojik xalqlari doʻstligining oliy namunasidir” mavzusidagi konferensiyada shu haqda soʻz bordi.
Tarix, madaniy va maʼnaviy qadriyatlarning umumiyligi, shuningdek, oʻzaro hurmat va yaxshi qoʻshnichilikning noyob, koʻp asrlik anʼanalari Oʻzbekiston va Tojikistonning hozirgi munosabatlariga mustahkam poydevor yaratmoqda. Muntazam ravishda oliy va yuqori darajalarda siyosiy aloqalar tashkillashtirilmoqda. Ikki mamlakat Prezidentlari bir necha bor rasmiy va ishchi tashriflarini amalga oshirdi. Davlat rahbarlari darajasidagi qizgʻin muloqot va faol siyosiy hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga katta hissa qoʻshmoqda.
Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida savdo-iqtisodiy munosabatlar ham jadal rivojlanmoqda. Tovar ayirboshlash koʻrsatkichlari yildan yilga oshib boryapti. Ikkala mamlakatda ham qoʻshma korxonalar soni muttasil oʻsyapti. Toshkent va Dushanbe yangi tranzit yoʻlaklarini shakllantirish va zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish ustida ish olib bormoqda, natijada xalqaro temir yoʻl va avtomobilda yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida oʻnlab yillar davomida yigʻilib qolgan barcha bahsli masalalarni hal etishga kirishildi. Bu oʻzaro savdo va investitsiyalar, transport kommunikatsiyalari, suv-energetika resurslaridan birgalikda foydalanish sohalarida aloqalarni mustahkamlash, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida madaniy-gumanitar va oʻzaro hamkorlikni kengaytirishga imkon berdi.
Xalqlarimizning madaniyati, anʼanalarimizning umumiyligiga shubha yoʻq. Bu jihat birodar xalqlarning bir-birini boyitish va yaqinlashuviga munosib hissa qoʻshayotgan birlashtiruvchi omil boʻlib xizmat qilmoqda. Ikkala mamlakatda ham milliy madaniy markazlarning muvaffaqiyatli faoliyati uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Xoʻjand shahrida Oʻzbekiston “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan ikki mamlakat akademik va adabiy doiralari vakillarining uchrashuvi ham hamkorlikning sifat jihatidan yangi, strategik darajasiga oʻtishi sharoitida yangi oʻsish nuqtalarini izlashga bagʻishlandi.
— Bugungi kunda Oʻzbekistonda 1,5 milliondan ziyod tojiklar, Tojikistonda esa millionga yaqin etnik oʻzbeklar istiqomat qiladi, — deydi Oʻzbekiston “Vatandoshlar” jamoat fondi boshqaruvi raisi Odiljon Sattorov. — Bizda Tojik milliy-madaniyat markazi va uning viloyatlarda filiallari faoliyat koʻrsatmoqda. Bir qator maktablarda taʼlim tojik tilida olib boriladi, davriy nashrlar, tele va radioeshittirishlar efirga uzatiladi. Oʻzbekiston va Tojikistonda bir necha bor madaniyat kunlari, mashhur rassomlar va hunarmandlar asarlari koʻrgazmalari, konsertlar va kinofestivallar oʻtkazildi. Teatr sanʼati sohasida doimiy ravishda oʻzaro sayohatlar uyushtirilmoqda. Tojikiston vakillari Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan xalqaro baxshichilik sanʼati festivallari va maqom sanʼati forumlarida, “Boysun bahori” va “Sharq taronalari” festivallarida, “Isteʼdod” xalqaro tanlovida muntazam ishtirok etyapti.
Konferensiyada tojikistonlik jurnalist, B.Gʻafurov nomidagi Xoʻjand davlat universiteti oʻqituvchisi Ozod Meliboyev shunday deydi: “Dunyoda yuzaga kelayotgan murakkab sharoitlarda Tojikiston tashqi siyosatda Oʻzbekistonni eng muhim ustuvor sherik va doʻst deb biladi. Biz buni nafaqat mamlakatni rivojlantirish istiqbollari, balki mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash bilan ham bogʻlaymiz”.
2018-yilda mamlakatlarimiz aholining oʻzaro sayohatlari toʻgʻrisida bitim imzoladi, unga muvofiq 30 kungacha vizasiz rejim joriy etildi. Bu davlatlar oʻrtasidagi harakatni sezilarli darajada osonlashtirdi, sayyohlik almashinuvining oʻsishida katalizator vazifasini oʻtadi. Bunday oʻzgarishlar natijasida Tojikiston 2023-yilda Oʻzbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni boʻyicha birinchi oʻrinni egalladi (2,15 milliondan ziyod kishi).
Viza rejimini soddalashtirishdan tashqari, chegara masalalari tartibga solindi, bu esa chegaradagi nazorat-oʻtkazish punktlarining toʻliq ishlashini tiklashga, avtobus, temir yoʻl va aviatashuvlarni koʻpaytirishga yordam berdi. Hozirgi vaqtda muntazam reyslar amalga oshirilmoqda, shuningdek, iqtisodiy va madaniy almashinuvlarni yanada mustahkamlaydigan Toshkent — Xoʻjand va Qoʻqon — Shaydon xalqaro avtobus yoʻnalishlari ham faoliyat yuritmoqda.
— Oʻzbekiston va Tojikiston BMT, SHHT, IHT, MDH va Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasi doirasida aloqalarni faol qoʻllab-quvvatlamoqda, — deydi falsafa fanlari doktori, Xoʻjand davlat universiteti professori Asliddin Poʻlatov. — Hamkorlik Toshkent va Dushanbe oʻrtasida oʻzaro hurmat va qoʻllab-quvvatlash tamoyillari asosida umumiy tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan tavsiflanadi. Muhimi, mazkur muloqotning chuqur ildizlari, ulkan tarixi mavjud. Konferensiya doirasida ikki daho — Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy merosining geosiyosiy munosabatlari va oʻzaro bogʻliqligini muhokama qilayotganimiz bejiz emas. Maʼlumki, qalam ustalari bir-birining isteʼdodidan hayratlangan, ularni gumanistik qarashlar va ilmiy izlanishlarga qiziqish, shuningdek, yangi adabiy shakllar birlashtirgan. Koʻp jihatdan ajdodlar muloqoti hozirgi bosqichda respublikalarimiz oʻrtasidagi munosabatlarni va ikki davlat rahbarlari — Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon oʻrtasidagi muloqotni aks ettiradi. Bu tadbirning nomlanishi ham shu bilan bogʻliq.
Taʼkidlanganidek, mamlakatlar faol siyosiy-iqtisodiy aloqalarni hisobga olgan holda mintaqaviy hamkorlikning asosiy drayverlari boʻlish uchun zarur shart-sharoitlarga ega. Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi aloqalarning kuchayishi Markaziy Osiyoda hamkorlikni yanada rivojlantirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
— Oʻzbekiston Prezidentining olib borayotgan ichki va tashqi siyosati Markaziy Osiyodagi doʻstona muhitni yaxshilab, oʻzaro munosabatlarning barcha spektriga taʼsir koʻrsatdi, — deydi O.Meliboyev. — Oʻzbekiston rahbarini davlatlarimiz oʻrtasida yangi darajadagi munosabatlarning meʼmori, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston va Tojikistonning konstruktiv va oʻzaro manfaatli hamkorligi ikki birodar xalqlarning uzoq muddatli manfaatlariga javob beradi. Bu esa mintaqaning tinchligi, xavfsizligi va barqaror rivojlanishini taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Konferensiya ishtirokchilari Tojikiston va Oʻzbekistonning aniq va tabiiy fanlar sohasidagi akademik hamkorligi holati hamda istiqbollari, shuningdek, mahalliy olimlarning madaniy-gumanitar sohada doʻst davlatdagi hamkasblari bilan ilmiy aloqalariga bagʻishlangan maʼruzalarni katta qiziqish bilan tingladi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Aziz Saidning ikki mamlakat adabiy, madaniy va maʼnaviy aloqalari mavzusidagi fikri koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. Uning taʼkidlashicha, har ikki davlatning bugungi kuni oʻzaro ijodiy taʼsirsiz, asrlar davomida mavjud boʻlgan mustahkam birodarlik rishtalarisiz qanday boʻlishini tasavvur ham qilib boʻlmaydi.
2018-yil avgust oyida davlatimiz rahbari oʻzbek va tojik xalqlarining “Doʻstlik oqshomi”dagi nutqida shunday dedi: “Oʻzbek va tojik xalqlari bir daraxtning ikki shoxi, bir daryoning ikki irmogʻiga oʻxshaydi. Bizning muqaddas dinimiz, yerimiz va suvimiz bir. Quvonchu tashvishlarimiz, taqdirimiz mushtarak. Ajdodlarimizning ezgu anʼanalarini davom ettirib, xalqlarimiz doʻstligini mustahkamlashimiz va asrab-avaylashimiz kerak”.
Darhaqiqat, bu zaminning koʻplab avlodlari oʻxshash hayot kechirgan, bolaligida ularga ezgulikning yovuzlik ustidan gʻalabasi haqida oʻxshash ertaklar aytilgan, ular adabiy durdonalarning xuddi shu nomdagi syujetlarini, epik dostonlarni oʻqigan va Navroʻz sharafiga tantanali bayramlar uyushtirgan. Layli va Majnun, Farhod va Shirin — oʻzbeklarning ham, tojiklarning ham sevimli qahramonlari — buyuk Navoiy va Jomiy tillarida soʻzlagan.
Ortga nazar tashlasak, Prezidentimizning soʻzlari — bunday xayrli ishlarga oq yoʻl tilashi tom maʼnodagi koʻrsatma boʻlib, ikki mamlakat va ularning fuqarolari oʻrtasidagi munosabatlar oʻsha damdan beri rivojlanishda davom etmoqda.
— Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar va sheriklik barcha yoʻnalishlarda misli koʻrilmagan yutuqlarga erishdi. Bugungi kunda iloji boricha kuch, imkoniyat va salohiyatni birlashtirish, mamlakatlarimiz taraqqiyotida muhim tarkibiy qism boʻlib xizmat qiladigan qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirishimiz lozim, — deydi O.Sattorov. — Soʻnggi 30 yil ichida mamlakatlarimiz mustaqil va suveren davlatlar sifatida oʻzaro munosabatlarning yangi sahifasini ochdi. Xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik vaqt sinovlaridan oʻtdi. Endilikda hamkorlik rivojlanishning yangi bosqichiga koʻtarildi. Biz hamisha koʻp asrlar muqaddam asos solingan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini saqlab kelganmiz. Eng muhimi, mamlakatlarimiz barcha sohalarda munosabatlarni kengaytirish va mustahkamlash zarurligini isbotladi. Ikki davlat rahbarlarining muntazam rasmiy tashriflari, ularning doimiy va yaqin muloqoti bu ishga turtki beradi. Tojikiston va Oʻzbekiston abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnomani imzoladi, bu munosabatlarimiz darajasini rivojlanishning mutlaqo yangi bosqichiga olib chiqdi. Davlat chegarasi toʻgʻrisidagi shartnomani imzolash tarixiy ahamiyatga ega boʻldi deyish mumkin. Natijada juda iliq munosabatlar oʻrnatildi, barcha sohalarda ishlash uchun qulay sharoitlar yaratildi.
Bir soʻz bilan aytganda, oldinda hali amalga oshiradigan ishlarimiz koʻp, bu hurmat va oʻzaro tushunishga asoslangan kelgusi almashinuvlar, hamkorlikni kengaytirish hamda ochiq muloqotni nazarda tutadi.
Sabina ALIMOVA,
“Pravda Vostoka” muxbiri
Toshkent — Xoʻjand — Toshkent









