Hujjat Prezidentning 12.12.2018 yildagi «Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5594-son farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.
Nizom bilan quyidagilar belgilanadi:
- atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat nazorati va tekshiruvini rejalashtirish, tashkil etish va o‘tkazish tartibi;
- nazorat obyektlarida xavfsizlikni tartibga soluvchi vakolatli organlar mansabdor shaxslarining huquqlari va javobgarligi.
O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi vakolatli davlat boshqaruvi organi bo‘lib, atom energetikasi va yadro texnologiyalari ob'ektlarida radiatsiya va yadroviy xavfsizlikni ta'minlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish va nazorat uchun mas'ul hisoblanadi.
Atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini nazorat qiluvchi boshqa organlar quyidagilar hisoblanadi:
- ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi;
- Favqulodda vaziyatlar vazirligi;
- Sog‘liqni saqlash vazirligi;
- Qurilish vazirligi;
- Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi;
- Davlat bojxona qo‘mitasi;
- Ichki ishlar vazirligi;
- Mudofaa vazirligi;
- Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi.
Vakolatli organlar tomonidan har yili 15 dekabrga qadar xavfni tahlil qilish asosida Bir yillik tekshiruv (inspektsiya) rejalari ishlab chiqiladi. Reja O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tdbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili bilan kelishiladi.
Tadbirkorlik sub'ektiga tekshiruv o‘tkazilishi to‘g‘risida yozma xabarnoma yuboriladi. Tekshiruv o‘tkazish muddati 10 kalendar kunidan oshmasligi kerak. Tekshiruv natijalariga ko‘ra dalolatnoma tuziladi, u tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimiga kiritiladi.
Aholi hayoti va salomatligiga, atrof-muhitga haqiqiy zarar etkazish xavfini yuzaga keltiruvchi holatlar aniqlangan taqdirda, ob'ektning faoliyati to‘liq yoki qisman to‘xtatiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 10.06.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.