Ayol ilmli bo'lsa – millat ilmli bo'ladi

    Qizlar bilim olishga hammadan ko'proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiya­laydilar

    Ayol kishining ilm bilan shug'ullanishi uning oilasi, farzandlari, qarindosh urug'lari va jamiyatning ilmli, madaniyatli bo'lishi uchun mustahkam poydevordir. Donishmandlarimiz aytganidek, “erkak ilmli bo'lsa – farzand ilmli bo'ladi, ayol ilmli bo'lsa – millat ilmli bo'ladi”.

    Demak qadimdan ayollarning ilmli, oqila, fozila bo'lishidan jamiyat manfaatdor bo'lib kelgan. Rivojlangan jamiyatda taraqqiyot va tsivilizatsiya darajasi ayollarga bo'lgan munosabat, ular uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan belgilanadi. O'zbekiston tarixi sahifalarida jangovar, shoira, olima, zukko ayollar ko'p bo'lgan. Ular hamisha o'zlarining oqilona fikrlari, donishmandona maslahatlari bilan kishini hayratda qoldirgan.

    Tumaris, Saroymulkxonim, Gavharshodbegim, Xonzodabegim, Zebunisobegim kabi malikalar fikrimiz dalilidir. Xususan, Amir Temur hazratlari hamisha Bibixonim (Saroymulkxonim) so'zlariga quloq tutganlar, maslahatlarini e'tiborga olganlar hamda temuriy shahzodalar asosan Bibixonim tarbiyasini olganlar. Malikalar, xususan, temuriy malika Mirzo Ulug'bekning onasi Gavharshodbegimning shaxsiy uzuk-muhri ham bo'lib, u bugungi kunda Sankt-Peterburg davlat ermitajida saqlanadi.

    Buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur esa o'zining “Boburnoma” asarida 72 ta ayol o'z davrining eng zukko, bilimli, shoira ayollari, malikalari haqida ma'lumot berib o'tadi.

    BMT Bosh Assambleyasining 2015-yil 22-dekabrdagi 70-sessiyasida 11-fevral` – “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” sifatida rasman e'lon qilinib, 2016 -ildan boshlab mazkur sana dunyoning ko'plab davlatlarida keng nishonlanib kelinmoqda.

    Bugungi kunda mamlakat akademik doiralarida ayollarning o'rni va mavqeini oshirish, yangi avlod olimalarini tarbiyalash hamda istiqbolli loyihalarini rag'batlantirish bo'yicha muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda. Ko'zlangan maqsad-vazifalarga erishish esa ilm-fan sohasini isloh etish masalasiga tizimli yondashuvni talab qiladi. Tashabbuskor ilmiy loyihalar tanlovi aynan xotin-qizlarning ilm-fandagi o'rnini mustahkamlashga qaratilgan.

    Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish ularning ijtimoiy jarayonlar, biznes va ilm-fandagi ishtirokini kengaytirishda namoyon bo'ladi, shuning uchun ham gender tengligi mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining muhim tarkibiy qismidir.

    Xususan, bugungi kunda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida faoliyat olib borayotgan 27 nafar ilmiy darajaga ega olima ayollarning 4 nafari fan doktori hisoblanadi. Ularning ilmiy tadqiqotlari bevosita san'atshunoslik, muzeyshunoslik va dizayn san'atining o'ziga xos sir-asrorlarini tadqiq etishga qaratilgan.

    2022-2023-yillarda Innovatsion rivojlanish vazirligi amaliy loyihalari tanlovida g'olib bo'lgan loyiha rahbarlarining ikki nafari ham ayol olimalardir.

    Ularning ilmiy rahbarligida bajarilgan amaliy loyihalar natijasida institut ijodkor talabalarining “onlayn – muzeyi” hamda O'zbekiston tarixi Davlat muzeyi bilan muzyshunoslik kafedrasi o'rtasida imzolangan shartnoma asosida muzeyning 3D animatsiyali virtual galereyasi yaratilgandir. Bugungi kunda ushbu loyihalar natijasida to'plangan ilmiy ma'lumotlardan institut talabalari va ilmiy tadqiqotchilari foydalanishlari mumkin.

    Abdulla Avloniyning “Qizlar bilim olishga hammadan ko'proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiya­laydilar”, degan o'giti bugun ham o'z dolzarbligini yo'qotmagan.

    Oliy ta'lim vazirligining tashabbusi bilan OTM larda ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shug'ullanayotgan talaba-qizlar uchun zamondosh ibratli ayollarimiz nomlari bilan maxsus stipendiyalar ham ta'sis etilganligi yurtimizda yana bir bor xotin-qizlarimizni qo'llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlarning ustuvor ekanligini ko'rishimiz mumkin. Xususan, ilk ayol rassomi Shamsiro'y Xasanova, O'zbekiston Qahramoni Munojot Yo'lchieva, olima Suyima G'anieva nomlari bilan ta'sis etilgan stipendiyalardir. Bunday stipendiyalarning ta'sis etilishi yosh, ilmga, ijodga chanqoq talaba qizlarimiz uchun muhim dalda bo'lib xizmat qilishi tabiiydir.

    Ayol qadrini qanchalik yuqoriga ko'tarishga muyassar bo'lsak, milliy g'ururimiz, ma'naviyat va madaniyatimiz yanada yuksalishi, oilalarimiz barqarorligi ta'minlanishi, halol va pok, fidoyi, vatanparvar, jamiyatga foyda keltiruvchi, millatimizni butun jahonda ko'z-ko'z qiluvchi farzandlarimiz soni kundan-kunga ko'payib borishi tabiiy holdir. Zero, har tomonlama faol va oqila, dono, izlanuvchan, zamonaviy ayol mehnatidan, salohiyatidan nafaqat uning oilasi, balki butun jamiyat manfaatdor bo'lishi chin haqiqatdir. Biz qurayotgan jamiyatning og'ir yukini dadil ko'tarib, uning poydevorini mustahkamlab turadigan asosiy kuch – xotin-qizlar ekanligini, ular esa o'z navbatida, oila sha'ni, mahalla vijdoni, yurt timsoli bo'lmog'i lozimligini unutmasligimiz kerak.

    Dilafro'z QURBONOVA,

    Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektori,

    tarix fanlari doktori