Darhaqiqat, akademik shoir Gʻafur Gʻulom oʻzining Namangan haqidagi mashhur sheʼrida taʼriflaganidek, “azaldan fayzi bor” bu soʻlim diyor tabiatining goʻzalligi, sharqiroq soylari, qirmizi olmalari, mehmondoʻst, shirin tilli kishilari bilan nom qozongan. Ayniqsa, “Namanganning olmasi” qoʻshigʻi nafaqat Oʻzbekiston, balki koʻplab xorijlik sanʼat muxlislari qalbini ham birday rom etgan. Otashnafas shoir Boborahim Mashrab, Muhammadsharif Soʻfizoda, Zafar Diyor, Nodim Namongoniy, Yoʻldoshxoʻja Xilvatiy, Chustiy, Habib Saʼdulla, Isʼhoqxon Ibrat kabi yorqin isteʼdod egalariga, Kamoliddin Rahimov, Habiba Oxunova, Oʻrinboy Nuraliyev singari ulugʻ sanʼatkorlarga beshik boʻlgan tabarruk maskandir.

Namangan qadim tarixi, osori-atiqalari bilan ham ajralib turadi. Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Axsikent arxeologik yodgorlik majmuasi ana shulardan biri. Axsikent eramizdan avvalgi III asrda tashkil topgan boʻlib, qadimgi Fargʻona davlatining poytaxti, Buyuk ipak yoʻlining asosiy shaharlaridan biri boʻlgan. Shahar Ark, ichki va tashqi shahardan iborat boʻlgan. Bu yerda oʻz davrida shishasozlik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik kabi hunarmandchilik turlari rivojlangan. 1620-yillarga kelib, zilzila oqibatida ulkan shahar vayron boʻlgan. Bugungi kunda xarobalarning 60 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan boʻlib, Fargʻona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlikdir. Arxeologlar tomonidan temirchilar ustaxonasi, X-XIII asrlarga oid hammom qoldiqlari, askarlar xonalari, jomeʼ masjidi, mudofaa devorlari, yer osti irrigatsiya tarmoqlari, hunarmandlar mahallasi, hukmdor qarorgohi — Ark qazib oʻrganilgan.
Davlatimiz rahbari 2019-yilda Namanganga tashriflari chogʻida ushbu yodgorlik majmuasida ham boʻlib, ahamiyati xususida shunday degan edi: - Axsikent - buyuk tariximiz koʻzgusi.
Bobolarimiz yashagan, qahramonlik koʻrsatgan bu manzilda tariximizni tiklash uchun juda katta manba, oʻtmish dalillari bor. Biz shu paytgacha faqat mashhur shaharlarimiz tarixini oʻrgandik, bunday joylarga eʼtibor qilmadik. Maʼnaviyatimizni yuksaltirmoqchi boʻlsak, yoshlarimizni ota-bobolarimizning asl merosidan bahramand etib ulgʻaytirishimiz, xalqimizga yetkazishimiz kerak.

Prezidentimiz topshirigʻiga muvofiq, Axsikent tarixiy yodgorligini asrab-avaylash va tadqiq etish, uning haqqoniy tarixini yaratish boʻyicha katta ishlar boshlandi. Kuni kecha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida yana oʻsha yodgorlik majmuasi haqida toʻxtalib, tarixiy qadamjoda Samarqandda oʻtkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” singari festival oʻtkazish, buning uchun shu joyda ham milliylikni, ham zamonaviylikni oʻziga mujassamlashtirgan katta tomoshaxona loyihasini tayyorlash ishlarini jadallashtirish zarurligini taʼkidlandi.
- Namanganda turizmni rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar bor, - deydi viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkatjon Abdurazzoqov. - Prezidentimizning tashabbuslari bilan Chortoq tumanidagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohida ham ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bajarildi. Uning tarkibidagi masjid, maqbara, muzey restavratsiya qilindi, kutubxona, mehmonxona bunyod etildi. Bir soʻz bilan aytganda, ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratildi. Ayni kunlarda Namangandagi 24 ta ziyoratgohni obodonlashtirish, restavratsiya qilish yumushlari davom etmoqda.
Shuningdek, Namangan shahrida 60 yildan beri gullar bayrami oʻtkaziladi. Uning koʻlami, geografiyasi tobora kengayib bormoqda. Jumladan, 2019-yilda bu tadbirga 10 dan ortiq xorijiy mamlakatlardan sayyohlar tashrif buyurdi. Afsuski, 2020-yilda pandemiya tufayli bayramni oʻtkazish imkoniyati boʻlmadi. Nasib qilsa, kelgusi yilda gullar bayrami yubileyini juda katta miqyosda oʻtkazishni niyat qilib turibmiz. Hozirdan bunga alohida tayyorgarlik boshlab yuborildi. Eng noyob gullarni parvarishlashga kirishildi.

Oʻylaymizki, mazkur ayyom xalqimizning kayfiyatini koʻtarishga, yoshlarimizning goʻzallik, nafosat tuygʻularini tarbiyalashga xizmat qiladi. Va albatta, xalqaro gul bayramiga respublikamizning barcha shahar va tumanlaridan, elchilarimiz koʻmagida qoʻshni respublikalardan, xorijiy mamlakatlardan ham mehmonlarni taklif etamiz.
Namanganliklar mehmondoʻstligi, qoʻli gul hunarmandlari, saxovatli tadbirkorlari, mohir oshpazlari bilan ham koʻnglingizni olishga qodir. Bu soʻlim goʻshaga tashrif buyursangiz, eng zamonaviy mehmonxonalar, kempinglar xizmatingizda boʻladi. “Yuz marta eshitgandan koʻra bir marta koʻrgan afzal”, deyishadi. Shunday ekan, goʻzal va hamisha navqiron Namanganga keling, aziz mehmonimiz boʻling!
Komiljon FAYZIYEV,
jurnalist, “Namangan sadosi”gazetasi muharriri