Badiiy asarni boshqa tilga o'girganda uni o'zga millat kitobxoniga boricha, xuddi muallif tasvirlaganidek etkazish tarjimondan katta mas'uliyat va mashaqqat talab etadi. Ayniqsa, boshqa tilda aynan muqobili mavjud bo'lmagan so'zlarni tavsiflashda tarjimon o'ta ehtiyotkor bo'lishi lozim. Ularning o'rniga holatni to'liq ochib bermaydigan so'zlarni qo'llash yozuvchi tasvirlagan hissiy jozibadorlikning yo'qolishi, hatto, butun bir asar idealogiyasiga putur etkazishi hech gap emas.

      So'nggi yillarda o'zbek tarjimonlari tomonidan horijiy tillarga o'girilgan badiiy tarjimalarning jiddiy tanqidga uchrayotgani boisi ham shundan. Ularning aksariyatida badiiy tasvir vositalari etishmaydi. Lug'atlarda berilgan odatiy so'zlardan foydalanib qilingan bunday tarjimalar asar ruhiyatini bera olmayotgani achinarli hol.

        Davlatimiz rahbarining 2017-yil 23-dekabrda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetiga tashrifi chog'ida mazkur masalaning innovatsion echimi sifatida filologiya fanlari nomzodi Gulnoza Odilovaning “O'zbek va ingliz tillarining elektron poetik lug'atini yaratish” loyihasi taqdim etildi. Inson qiyofasi, fe'l-atvori, tabiat va milliy timsollar tasvirini o'zida jamlashi ko'zda tutilgan poetik lug'at loyihasi to'liq qo'llab-quvvatlanib, uni amalga oshirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 600 million so'm mablag' ajratildi.

         — Badiiy asar tarjimonining asosiy quroli poetik lug'at hisoblanadi. Unda ikki tildagi badiiy tasvir vositalari tarjimasi berilib, tarjimonga nafaqat asar syujetini ochish, balki undagi badiiylikni kitobxonga etkazishda ko'mak beradi, — dedi loyiha muallifi Gulnoza Odilova. — Boisi, har bir badiiy asarda voqealar ketma-ketligidan tashqari, yozuvchi uslubiga xos bo'lgan badiiy ifodalar, tasvir vositalari bo'ladiki, tarjima tilini puxta o'zlashtirgan tarjimon ham ularni boshqa tilda qayta yaratishga qiynaladi. Masalan, birgina ko'z so'zini oladigan bo'lsak, shaxsan o'zim zamonaviy va mumtoz adabiyotdan jami 66 ta ko'z tasvirini to'plaganman. Ammo an'anaviy lug'atda ko'z so'zi ingliz tilida faqat “eye” tarzida beriladi. Ularda ohu ko'z, so'lg'in ko'z, ayyor ko'z va boshqalarning izohi keltirilmaydi. Vaholanki, ingliz adabiyotida ham turli ma'nolarni beradigan ko'z tasvirlari bor. elektron poetik lug'atni yaratishdan maqsadimiz ularni bir erga jamlab, badiiy adabiyot tarjimasini yangi bosqichga ko'tarishdan iborat. Afsuski, bugungi kunda badiiy tarjima bilan shug'ullanuvchilar uchun an'anaviy o'zbekcha-inglizcha lug'atlardan boshqa qo'llanma mavjud emas. Biz ana shu bo'shliqni to'ldirishni ham oldimizga vazifa qilib qo'yganmiz. Aytish joizki, bunday noyob lug'at jahonda sanoqli davlatlardagina bor. MDH davlatlari orasida esa mutlaqo uchramaydi.

O'zbek tili korpusini yaratish lozim

        Badiiy asar tarjimasida kitobxonga ma'lum bo'lmagan o'ta nozik va sermashaqqat jihatlar ko'p. So'z va so'z birikmalarining asliy va ma'noviy tarjimasidagi mavjud farqlar va ularning asarda ijodkor tomonidan ustalik bilan ishlatilishi asar tilida so'zlashadigan xalq, uning madaniyati, turmush tarzi, kundalik hayoti bilan  yaqindan tanish bo'lmagan tarjimon uchun turli murakkabliklarni keltirib chiqarishi, buning oqibatida, asarning mazmuni o'quvchiga qisman bo'lsada buzilgan holda etib borishi mumkin.

       Uzoq yillardan buyon talabalarga tarjimashunoslikdan dars berib kelayotgan Gulnoza Odilovaning o'zi ham o'zbek tilidan ingliz tiliga tarjimalar qilish bilan birga, yuqoridagi kabi muammolarni o'rganib, tahlil qilib boradi. U o'zining bu boradagi fikr-mulohazalarini 100 dan ziyod ilmiy maqolalar, 2 ta o'quv qo'llanma va 1 ta monografiyasi orqali izohlab ham bergan.

      — Badiiy asarning bir varag'ini tarjima qilish, undagi badiiy tasvir vositalarining boshqa tildagi muqobilini topish uchun tarjimondan soatlab izlanish, katta mehnat va sabr talab etiladi, — dedi Gulnoza Odilova. — Afsuski, bunga ko'pchilikning xafsalasi etmaydi. SHu bois, bugun chop etilayotgan o'nlab tarjima asarlarda faqat oddiy lug'atlardan foydalanilayotgani xisobiga badiiy tasvir vositalari deyarli uchramaydi. Ularda faqat voqelik, syujet tarjima qilinadi, xolos. Chunki tarjimon ko'pincha badiiy tasvir vositalarining ingliz tilidagi ma'no muqobilini topishga erinadi, vaqtini qizg'onadi. Vaholanki, badiiy asarning qiymati undagi badiiy tasvirlar bilan belgilanadi. YAna bir jihati, asarda uchta badiiy tasvir bo'ladi — qahramonlar  portreti, tabiat tasviri, har bir millatning o'ziga xos bo'lgan milliy tushunchalar. Masalan, O'tkir Hoshimovning bir asarida “tugundagi to'n va do'ppi ekanligini ko'rib, yuragimiz ezildi” deyiladi. Muallif bu orqali o'sha qahramon vafot etganiga ishora qilyapti. Asarni ingliz tiliga tarjima qilgan tarjimon esa to'n va do'ppi so'zlarining tarjima muqobilini olib, to'g'ridan-to'g'ri berib qo'ygan. Bunda qahramonning yuragi nima sababdan ezilganini ingliz kitobxoni tushunmay qoladi. Bizda badiiy tasvir ifodalarining bazasi yo'qligi bois, boshqa tarjima asarlarda ham shunday chalkashliklar yuzaga kelyapti. SHu jihatdan, mazkur  yaratilayotgan poetik lug'at badiiy asarlar tarjimasi sifati va salmog'iga ta'sir ko'rsatib, ularning  o'ziga xos nozik qirralarini ochib berishda  tarjimon uchun yaqindan ko'makchi bo'la oladi.

        Taqdimoti kelasi yilning iyul oyiga mo'ljallangan innovatsion poetik lug'atning ikki bobi hozirda to'liq yakuniga etkazildi. Inson qiyofasi va fe'l-atvori tasviriga bag'ishlangan birinchi bobdan jami 4 231 ta badiiy tasvir vositalari joy olgan. So'zlar zamonaviy o'zbek adabiyotidagi 200 dan ziyod badiiy asarlardan, ushbu tasvirlarning ingliz tilidagi ma'no muqobillari esa shu tildagi badiiy kitoblardan yig'ib chiqilgan. Tabiat tasviridan iborat ikkinchi bobda o'zbek va ingliz tilidagi shu mavzuga oid 3589 ta badiiy tasvir vositalari jamlandi. Ayni paytda lug'atni yaratish jarayonlariga jalb etilgan filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Mengliev, filologiya fanlari doktori Jamila Jumaboeva, filologiya fanlari doktori Nilufar Sagdullaeva, IT  sohasi bo'yicha texnika fanlari nomzodi Botir elov va yosh tadqiqotchilardan iborat jamoa uchinchi bob —Milliy timsollar bobi ustida  izlanish olib boryapti.

       Avvalgi boblarda so'zlar bittalab yig'ilib, ingliz tilidagi ma'no muqobillari topilgan bo'lsa, oxirgi bobda faqat o'zbeklargagina xos bo'lgan badiiy timsollar haqida gap boradi. Beshik, chimildik va boshqa minglab so'zlar o'xshashligiga ko'ra bo'limlarga ajratib chiqilgan. Loyiha muallifining aytishicha, bu so'zlarning ingliz tilida ma'no muqobili bo'lmagani bois, transliteratsiya usulida tarjima qilinadi. Ya'ni so'z o'z nomi bilan berilib, unga yonma-yon tarzda ingliz tilidagi izohi tavsiflanadi. Bu uning asl ma'nosini yo'qotmasligi hamda boshqa zamonaviy so'z bilan berilmasligining oldini oladi.

       Lug'atni yaratishda mutaxassislar avval ro'yxat tuzib, shu asosida so'zlarni qidirgani, buning uchun yuzlab badiiy asarlarni o'qishiga to'g'ri kelganining o'ziyoq jarayonning oson kechmaganini bildiradi.

     — Biz poetik lug'atni yaratishda zamonaviy o'zbek adabiyotining katta-katta badiiy asarlari, o'zbek hikoyalar to'plami antologiyalariga murojaat qildik va yangi so'zlarni topish maqsadida har bir asarni o'qib chiqishimizga to'g'ri keldi, — dedi Gulnoza Odilova. — So'ng xuddi shu so'zlarning muqobil variantlari ingliz tilida izladik. Biz qidirgan so'zning ingliz tilida bir nechta varianti chiqqan hollarda ma'no jihatidan eng moslarini tanlab oldik. Jarayonda ayniqsa, milliy xarakterni ochib beruvchi andisha, samimiyat, bag'rikenglik kabi so'zlarning muqobilini topishda qiyinchiliklar bo'ldi. Boisi, bizda ko'proq qahramonlarning ruhiy olami tasvirlansa, ularda jismoniy sifatlariga urg'u beriladi. Shunga qaramay, barcha so'zlarning ma'no jihatdan moslarini topishga erishdik. CHunki inglizlarda til korpusi shakllantirilgan bo'lib, so'zlarni izlash uchun Angliya kutubxonasiga kirib, har bir badiiy asarni titkilashga hojat yo'q. Ularda barcha so'zlar internet tarmog'iga joylashtirilgan ingliz tilining til korpusida jamlangan. Birgina ko'z so'zini qidiruvga bersangiz, shu so'z qatnashgan 60 ming xil matn chiqib keladi. Afsuski, bizda ana shunday bazaning yo'qligi, o'zbek tili korpusining shakllanmagani tufayli badiiy asarlar tarjimasida oqsash kuzatilmoqda.

Noyob lug'at xorijliklarda qiziqish uyg'otmoqda

        Hozirda zamonaviy texnologiyalar rivojlangani bois, mualliflar poetik lug'atni qog'oz ko'rinishida emas, elektron shaklda yaratishni afzal ko'rdi. Buning uchun maxsus veb-sayt ishga tushirilib, unga badiiy tarjimaga oid boshqa lug'atlar, mavzuga doim yirik maqolalar, videodarslarni ham kiritish mo'ljallangan. O'zbek-ingliz tilida yaratilayotgan mazkur elektron poetik lug'atda foydalanuvchi so'zlarning shunchaki tarjimasini emas, balki o'zbek va ingliz tilidagi izohi, har ikki til adabiyotidan ana shu tasvir vositasi ishtirok etgan badiiy asardan misollar, uning mohiyatini tarjimon tasavvur qilishida ko'maklashuvchi fotosurat bilan boyitilgan kontentni ko'rish mumkin bo'ladi.

       Saytda “tarjimon kundaligi” rukni uchun maxsus joy ajratiladi. Unda istalgan tarjimon mavjud so'zlarning muqobillarini taklif qilishi, yangi so'zlarni qo'shish orqali lug'at bankini boyitib borishining imkoniyati yaratiladi. Keyinroq elektron lug'atning mobil` ilovasini ishga tushirish ham ko'zda tutilgan.

      Noyob poetik lug'atni yaratish jarayonlariga xorijlik mutaxassis, Malta davlat universiteti Badiiy tarjima kafedrasi mudiri, professor Serxio Portelli ham konsultant sifatida jalb qilingan bo'lib, mutaxassisga so'zlarning inglizcha izohlarini ko'rib berish vazifasi yuklatilgan. Dunyoning sanoqli davlatlaridagina mavjud bunday lug'at Portellida ham katta qiziqish uyg'otmoqda. U kelajakda mamlakatida ana shunday poetik lug'at yaratish niyatida.

     Tarjimashunoslik sohasida yangilik bo'lishi kutilayotgan mazkur poetik lug'at nafaqat yurtimiz, balki xorijlik tarjimonlar uchun muhim qo'llanmaga aylanib, loyiha kelgusida o'zbek tilining jahondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonamiz.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri