Baliqchilikda turlarni diversifikatsiya qilish bo'yicha mintaqaviy hamkorlik qilinmoqda

    Ular orasida Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va O'zbekiston vakillari bor.

    Akvakulturani diversifikatsiya qilish bo'yicha Toshkentda o'tkazilgan Mintaqaviy seminar Ozarbayjon, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Turkiya vakillarini birlashtirdi.

    Toshkentda bo'lib o'tgan seminar FAO — Turkiya hamkorlik dasturi (FTPP-II) doirasida ishlab chiqilgan “Markaziy Osiyo, Ozarbayjon va Turkiyada baliqchilik xo'jaligi va akvakul`turani barqaror boshqarish uchun salohiyatni rivojlantirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.

    Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) O'zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo'mitasi, Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti va “O'zbekbaliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda kichik fermerlar va bilim tarqatish xizmatlari xodimlariga mo'ljallangan akvakulturani diversifikatsiya qilish bo'yicha mintaqaviy seminar tashkil qildi.

    Seminarda Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va O'zbekiston vakillari ishtirok etdi.

    FAOning Baliqchilik va akvakul`tura bo'yicha katta mutaxassisi Haydar Fersoy barqaror rivojlanish uchun akvakul`turani diversifikatsiya qilish muhimligini ta'kidlab, ishtirokchilarga FISHCap loyihasining asosiy maqsadi baliqchilik va akvakul`tura sohasidagi ilg'or tajribalarni benefitsiar mamlakatlar o'rtasida tarqatish ekanligini qayd etdi.

    Seminar davomida Yevropa va O'zbekiston vakillarining amaliy tadqiqotlari va ma'ruzalari, shuningdek, turlarni diversifikatsiya qilishning hozirgi holati bo'yicha ma'lumotlarni o'z ichiga olgan mamlakat taqdimotlari o'tkazildi. Ta'kidlanganidek, turlarni diversifikatsiya qilish akvakulturaning barqaror rivojlanishiga hissa qo'shsa-da, mamlakatda yangi turlarni joriy etish moliyaviy jihatdan qimmat va texnik jihatdan qiyin bo'lishi mumkin. Shu munosabat bilan, akvakulturaning yangi turlarini muvaffaqiyatli joriy etish istiqbollarini baholashda davlat va xususiy sektor o'zlarining mavjud rivojlanish resurslarini baholashlari muhimdir.

    Ma'lumot uchun, FAO-Turkiya hamkorlik dasturi Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, O'zbekiston va ulardan tashqarida ham oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, qishloq joylarda qashshoqlikni kamaytirish, o'rmonlarni barqaror boshqarish, cho'llanishga qarshi kurashish va ekotizimlarni saqlashga ko'maklashishni maqsad qilgan.