Bank faolligi indeksi: qaysi banklar reytingda pastladi?

    17 ta yirik banklar orasida to'rttasi o'z o'rinlarini saqlab qola olmadi.

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2024-yilning III choragi uchun "Bank faollik indeksi"ni yangiladi. U mamlakatdagi 31 ta tijorat banklari uchun, banklarning hajmiga qarab 17 ta yirik va 14 ta kichik banklarga guruhlangan holda hisoblab chiqilgan.

    Indeks 27 turdagi koeffitsiyentlarni guruhlashtirish, respublika o'rtacha koeffitsiyenti yoki Bazel qo'mita talablari bilan solishtirish va reytinglash asosida aniqlanadi. Ushbu reyting O'zbekistonda bank sektori barqarorligini baholashning muhim vositasi bo'lib, mamlakat moliya tizimini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Mazkur tadqiqotning asosiy maqsadi xususiy sektorning bank aktivlaridagi ulushi dinamikasini monitoring qilish, bank sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va transformatsiya jarayonlari samaradorligini baholashdan iborat.

    Reyting natijalari banklar pog'onalarining turlicha dinamikasini ko'rsatdi. 17 ta yirik banklar orasida to'rttasi o'z o'rinlarini saqlab qola olmadi, uchta bank esa o'z pozitsiyalarini yaxshiladi. Shu bilan birga, 10 ta bank o'z pog'onalarini o'zgarishsiz saqlab qolishdi, bu esa bank sektorda raqobatning kuchayganligini ko'rsatadi.

    Yirik banklar reytingida Top-6 bank — “Kapitalbank”, “Trastbank”, “Aziya Alyansbank”, “Hamkorbank”, “Ipak yo'li bank”, “Orient finansbank” o'z o'rinlarini saqlab qoldi. “Mikrokreditbank” joriy chorakda eng yaxshi natijani ko'rsatib, o'z pozitsiyasini birdaniga ikki pog'onaga yaxshiladi va reytingda 11-o'rinni egalladi. “O'zsanoatqurilishbank” moliyaviy ommaboplik bo'yicha va aktivlar sifati bo'yicha 1 pog'onaga, likvidlilik bo'yicha birdaniga 3 pog'onaga ko'tarilgani sababli umumiy reytingda o'z o'rnini 1 pog'onaga yaxshilagan.

    Davlat ulushi mavjud yirik banklardan “Xalq banki” umumiy reytingda 1 pog'onaga ko'tarilishiga moliyaviy ommaboplik va likvidlilik bo'yicha 1 pog'onaga, boshqaruv samaradorligi bo'yicha 2 pog'onaga yuqorilashishi turtki bergan. “O'zmilliybank”ning umumiy reytingda 1 pog'onaga tushib ketishi 2 ta asosiy ko'rsatkichlarda: boshqaruv samaradorligi 2 pog'onaga va likvidlilik bo'yicha 1 pog'onaga pasaygani bilan izohlanadi. Shuningdek, “Biznesni rivojlantirish banki” moliyaviy vositachilik ko'rsatkichi bo'yicha 4 pog'onaga pastlashi uning umumiy reytingdagi o'rnini 1 pog'onaga pasaytirgan. Reytingning moliyaviy vositachilik ko'rsatkichi bo'yicha “Mikrokreditbank” 2 pog'onaga va “Biznesni rivojlantirish banki” 4 pog'onaga pastlagan.

    2024-yilning III choragida kichik banklar reytingida quyidagi dinamika kuzatilmoqda: to'rtta bank o'z pozitsiyalarini yaxshilashga muvaffaq bo'ldi. Eng yaxshi natijani 5 pog'onaga ko'tarilib, umumiy reytingda 8-o'rinni egallagan “Yangi Bank” ko'rsatdi. Bundan tashqari, to'rtta tijorat banki o'z pozitsiyalarini bir pog'onaga oshirdi, bu esa ularning faoliyatidagi ijobiy o'zgarishlardan dalolat beradi. Biroq, to'rtta bank o'z natijalarini yomonlashtirdi, bu turli omillar, jumladan, bozor konyunkturasining o'zgarishi va ichki operatsion muammolar bilan bog'liq bo'lishi mumkin.