Albatta, bularning barchasi muhim. Zero, har qanday davlat oʻz taraqqiyot yoʻlini aniq raqamlar, solishtirma maʼlumotlar va xalqaro mezonlar orqali belgilaydi.
Ammo
oddiy inson uchun barqaror rivojlanish tushunchasi butunlay boshqacha maʼnoga
ega. Yaʼni bu uyida toza ichimlik suv boʻlishi, farzandi yaxshi maktabda
oʻqishi, poliklinikada soatlab navbat kutmasligi, yoshlarning ish topishi,
mahallada yoʻl va yoritish yaxshilanishi, havoning tozaligi, tadbirkorning
ortiqcha toʻsiqlarsiz ishlashi, davlat idorasida masalasi adolatli hal
boʻlishidir.
Shu
maʼnoda, BRM faqat BMT kun tartibi yoki xalqaro majburiyat emas. U, avvalo,
inson qadri, oila farovonligi, mahalla obodligi va mamlakat kelajagini
taʼminlaydigan hayotiy mezondir.
Oʻzbekiston
soʻnggi yillarda BRMni milliy taraqqiyot siyosati bilan uygʻunlashtirish
borasida muhim institutsional asos yaratdi. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
mamlakatning keyingi taraqqiyot bosqichini inson salohiyati, ijtimoiy adolat,
iqtisodiy oʻsish, ekologik barqarorlik va xalq xizmatidagi davlat boshqaruvi
bilan bogʻlaydi. Biroq bugungi bosqichda eng muhim savol quyidagicha qoʻyilishi
kerak: mazkur maqsadlar oddiy odamlar hayotida qanchalik sezilyapti?
Chunki
taraqqiyotning haqiqiy mezoni faqat yalpi ichki mahsulot oʻsishi, reytingdagi
oʻrin yoki qabul qilingan dasturlar soni bilan oʻlchanmaydi. U odamlarning
kundalik hayotidagi oʻzgarish bilan baholanadi.
Prezidentimizning
oʻtgan yili Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida mamlakat
iqtisodiy oʻsishi, infratuzilma rivoji va aholi turmush sharoiti bilan bogʻliq
muhim natijalar qayd etildi. Jumladan, elektr energiyasi ishlab chiqarish 85
milliard kilovatt-soatga yetgani, 715 ming aholi xonadoniga birinchi marta toza
ichimlik suv yetib borgani, yana 2,3 million aholi uchun suv taʼminoti
yaxshilangani taʼkidlandi. Shuningdek, kambagʻallik darajasi yil boshidagi 8,9
foizdan 5,8 foizga tushgani maʼlum qilindi.
Bu
raqamlar, shubhasiz, katta ijobiy oʻzgarishlardan dalolat beradi. Lekin BRM
nuqtayi nazaridan yana bir savol muhim: bu natijalar barcha hududlar, barcha
mahallalar va ijtimoiy guruhlar hayotida birdek sezilyaptimi?
Agar
respublika boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich yaxshi boʻlsa-yu, ayrim chekka
mahallada suv tanqisligi saqlansa, shaharda yangi uylar qurilsa-yu, boshqa
hududlarda yoshlar barqaror ish topishda qiynalsa, umumiy taʼlim qamrovi
oshsa-yu, ayrim maktablarda sifat muammosi qolsa, demak BRMni amalga
oshirishning navbatdagi bosqichi hali oldinda.
Boshqacha
aytganda, Oʻzbekiston uchun bugungi vazifa katta strategiyalarni mahalla, oila
va inson hayotiga yanada chuqurroq tushirishdir.
Yordamdan
doimiy daromadga oʻtish zarur
Kambagʻallikni qisqartirish
Oʻzbekistonda keyingi yillarda davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan
biriga aylandi. Zero, barqaror taraqqiyotning eng muhim sharti insonning
munosib turmush kechirishi, barqaror daromadga ega boʻlishi va hayotda oʻz
imkoniyatini roʻyobga chiqara olishidir.
Jahon banki maʼlumotlariga koʻra,
2024-2025-yillarda Oʻzbekistonda aholi daromadlari oʻsishi, ayniqsa, past daromadli
qatlamlar uchun ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Natijada kambagʻallik darajasi 8,9
foizdan 5,8 foizga tushgan, aholi daromadlari oʻrtasidagi tafovut ham bir oz
qisqargan.
Bu
ijobiy natijani endi mustahkamlash kerak. Kambagʻal oilaga nafaqa yoki bir
martalik yordam berish zarur, ammo undan ham muhimrogʻi shu oilaning barqaror
daromad manbaiga ega boʻlishidir. Buning uchun har bir kambagʻal oila boʻyicha
“daromad xaritasi” ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq: kim kasb oʻrganadi, kim
ishga joylashadi, kim mikrobiznes boshlaydi, kimga ijtimoiy xizmat kerak, kimni
kooperatsiyaga ulash mumkin — bular qogʻozda emas, mahalla darajasida aniq
koʻrinishi lozim.
Kambagʻallikni
qisqartirishning keyingi bosqichi “ijtimoiy yordam”dan “iqtisodiy faollik”ka
oʻtish bilan bogʻliq. Yaʼni yordam oluvchi oila asta-sekin oʻz daromadi, kasbi,
biznesi yoki mehnat bozoridagi oʻrni orqali mustaqillikka chiqishi lozim. Bu
BRMning haqiqiy natijasi boʻladi.
Qamrovdan
sifatga koʻchish vaqti keldi
Taʼlim
BRMning eng muhim yoʻnalishlaridan biri. Chunki sifatli taʼlim boʻlmasa,
kambagʻallikni qisqartirish ham, innovatsion iqtisodiyot qurish ham, munosib
ish oʻrinlarini yaratish ham qiyin.
Oʻzbekistonda
maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta taʼlim va oliy taʼlim qamrovini kengaytirish
boʻyicha katta ishlar qilindi. Lekin keyingi bosqichda asosiy urgʻu qamrovdan
sifatga koʻchishi kerak. Bolalar maktabga boryaptimi bu — birinchi savol. Ammo
undan ham muhim savol bor: bola maktabda nimani oʻrganyapti?
Bitiruvchi
mustaqil fikrlay oladimi? Raqamli koʻnikmalarga egami? Mehnat bozorida oʻz
oʻrnini topa oladimi? Kasb tanlashga tayyormi? Oliy taʼlim yoki kasb-hunar
tizimi uni real iqtisodiyotga bogʻlay olyaptimi?
Shuning
uchun har bir hududda taʼlim natijalari mahalliy iqtisodiyot ehtiyojlari bilan
bogʻlanishi kerak. Qaysi tumanda agro qayta ishlash rivojlanmoqda, qaysi
hududda turizm, qaysi joyda sanoat, qaysi shaharda xizmat koʻrsatish va raqamli
iqtisodiyot oʻsmoqda — taʼlim va kasbga tayyorlash dasturlari shu ehtiyojlarga
moslashishi lozim.
Sifatli
taʼlimning haqiqiy mezoni faqat maktablar soni yoki qamrov darajasi bilan
oʻlchanmaydi. U, avvalo, bolaning bilimi, oʻqituvchining salohiyati, maktab
muhiti, kasbiy yoʻnaltirish, raqamli imkoniyatlar va bitiruvchining mustaqil
hayotga tayyorligida namoyon boʻladi.
Sogʻliqni saqlashda hal
qiluvchi boʻgʻin
Fuqaro
uchun sogʻliqni saqlash sohasidagi islohot, avvalo, oʻz mahallasida, oʻzi
qatnaydigan poliklinikasida seziladi. Yirik tibbiyot markazlari, zamonaviy
uskunalar va ixtisoslashgan klinikalar muhim. Lekin oddiy odam uchun eng
birinchi savol boshqacha: u shifokor qabuliga oʻz vaqtida kira olyaptimi? Dori
topilyaptimi? Tahlil topshirish osonmi? Bolasiga profilaktik yordam bormi?
Keksa ota-onasiga tibbiy xizmat yetib boryaptimi?
Shu
bois, sogʻlom turmush va farovonlikning maqsadi birlamchi tibbiy xizmatni
kuchaytirish bilan chambarchas bogʻliq. Poliklinikada navbat, shifokor
yuklamasi, dori-darmon mavjudligi, onalar va bolalar salomatligi, surunkali
kasalliklarni erta aniqlash, tibbiy xizmatdan qoniqish darajasi ochiq va doimiy
baholanadigan koʻrsatkichga aylanishi kerak.
Sogʻliqni
saqlashdagi eng katta samara kasallikni davolashdan oldin uning oldini olishda
koʻrinadi. Shuning uchun profilaktika, sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik,
ekologik xavflar va aholi salomatligi oʻrtasidagi bogʻliqlik mahalla darajasiga
tushuntirilishi lozim.
Arzon va qulay
Oʻzbekiston
iqlim oʻzgarishi taʼsirini chuqur his etayotgan mamlakatlardan biri. Suv
tanqisligi, yer degradatsiyasi, havo sifati, choʻllanish, energiya
samaradorligi va shaharlarda ekologik bosim — bularning barchasi BRM bilan
bevosita bogʻliq.
“Yashil
iqtisodiyot” deganda faqat yirik quyosh yoki shamol elektr stansiyalari
tushunilmasligi kerak. Albatta, bunday loyihalar strategik ahamiyatga ega.
Lekin oddiy inson uchun “yashil iqtisodiyot” uyida elektr taʼminoti barqaror
boʻlishi, isitish xarajati kamayishi, koʻchasida daraxtlar koʻpayishi, chiqindi
oʻz vaqtida olib ketilishi, suv tejovchi texnologiyalar arzon va qulay
boʻlishi, jamoat transporti va havo sifati yaxshilanishidir.
Shuning
uchun toza suv va sanitariya, arzon va toza energiya, barqaror shaharlar, iqlim
oʻzgarishiga qarshi kurash hamda yer resurslari va ekotizimlarni muhofaza
qilish bilan bogʻliq maqsadlar bir-biridan ajralgan holda emas, yagona hayotiy
zanjir sifatida koʻrilishi kerak. Suv tejalsa, qishloq xoʻjaligi
barqarorlashadi. Energiya samaradorligi oshsa, korxona xarajati kamayadi. Havo
tozalansa, aholi salomatligi yaxshilanadi. Shaharlar yashillashsa, hayot sifati
ortadi.
Ekologiyaga
faqat “tabiatni muhofaza qilish” mavzusi sifatida emas, iqtisodiyot, sogʻliq,
taʼlim, shaharsozlik va ijtimoiy adolat bilan bogʻliq umummilliy masala
sifatida qarash vaqti keldi.
Mahalla darajasidagi BRM
pasporti
BRM
koʻrsatkichlari xalq hayotida sezilishi uchun ularni mahalla darajasigacha
tushirish zarur. Respublika yoki viloyat boʻyicha oʻrtacha raqamlar muhim, ammo
ular har doim ham aniq muammoni koʻrsatib bermaydi.
Masalan,
viloyatda ichimlik suv qamrovi oshgan boʻlishi, ammo ayrim mahallalarda hali
ham suv muammosi saqlanishi mumkin. Xuddi shunday, tumanda ishsizlik kamaygani
holda muayyan mahallada yoshlar ish topishda qiynalishi kuzatiladi. Shaharda
yoʻllar taʼmirlangani aytilsa-da, ayrim koʻchalarda yoritish yoki piyodalar
xavfsizligi muammosi koʻrinadi.
Shuning
uchun har bir tuman va mahalla kesimida “BRM hayotiy pasporti”ni joriy etish
maqsadga muvofiq. Unda aholi uchun eng muhim koʻrsatkichlar aks etishi kerak:
ichimlik suv, elektr taʼminoti, yoʻl holati, maktab va bogʻcha sharoiti,
poliklinika xizmati, chiqindi yigʻish, yoshlar bandligi, ayollar daromadi,
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay muhit, havo sifati, internet va davlat
xizmatlari.
Bu
maʼlumotlar faqat idoralar uchun emas, aholi uchun ham ochiq va tushunarli
boʻlishi lozim. Odamlar oʻz mahallasida qaysi koʻrsatkich yaxshilanganini,
qaysi muammo saqlanayotganini, qaysi loyihaga qancha mablagʻ ajratilganini
bilishi kerak.
Byudjet natijaga bogʻlansa,
islohot salmogʻi ortadi
BRMni
amaliy natijaga aylantirish uchun mahalliy byudjetlar va infratuzilma loyihalarini
aniq natijalar bilan bogʻlash zarur. Hududga mablagʻ ajratishda faqat aholi
soni yoki umumiy ehtiyoj emas, balki natija ham hisobga olinishi kerak.
Masalan,
qaysi tumanda ichimlik suv taʼminoti yaxshilandi, qaysi mahallada ishsiz
yoshlar soni kamaydi, qaysi hududda maktabgacha taʼlim qamrovi oshdi, qaysi
shaharda havo sifati yaxshilandi, qaysi joyda fuqarolar davlat xizmatlaridan
koʻproq qoniqdi — shu natijalar hududlar faoliyatini baholashda asosiy mezonga
aylanishi lozim.
Boshqacha
aytganda, mablagʻ sarflangani emas, natija bergani, qurilish qilingani emas,
aholi undan foydalanayotgani, dastur qabul qilingani emas, odamlar hayotida
oʻzgarish sezilgani muhim.
Bu
yondashuv davlat boshqaruvida ham, jamoatchilik nazoratida ham yangi
madaniyatni shakllantiradi.
Ochiqlik va jamoatchilik
bahosi
BRMni
amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari,
mahalliy kengashlar, ilmiy markazlar va mustaqil ekspertlar faol ishtirok
etishi kerak. Chunki faqat idoralar hisobotiga tayanilsa, ayrim muammolar
koʻrinmay qolishi ehtimoli mavjud.
Davlat
xaridlari, qurilish, subsidiya, ijtimoiy yordam, yer ajratish, kommunal
xizmatlar va mahalliy infratuzilma loyihalari boʻyicha “ajratilgan mablagʻ —
bajarilgan ish — fuqaro bahosi” zanjiri ochiq boʻlishi lozim. Har bir mahallada
qaysi loyihaga qancha mablagʻ ajratildi, kim bajardi, muddat qanday, aholi bu
ishdan rozimi — maʼlumotlar sodda tilda eʼlon qilinsa, davlat boshqaruvida
ochiqlik va jamoatchilik ishonchi yanada mustahkamlanadi. Bu yerda jamoatchilik
nazorati davlatga qarshi emas, aksincha, islohotlarning sifatini oshirishga
xizmat qiladigan konstruktiv mexanizmdir. Fuqarolik jamiyati institutlari aynan
shu jarayonda davlat va aholi oʻrtasida ishonch koʻprigi vazifasini bajaradi.
Raqobat emas, hamkorlik
BRMni
amalga oshirishda Oʻzbekistonning qoʻshni davlatlar bilan hamkorligi alohida
ahamiyatga ega. Chunki suv, iqlim, energetika, transport, savdo, migratsiya va
ekologik xavflar milliy chegara tanlamaydi.
Qozogʻistondan
sanoat kooperatsiyasi, raqamli xizmatlar, mehnat unumdorligi va yuqori
qoʻshilgan qiymatli tarmoqlarni rivojlantirish boʻyicha oʻrganish mumkin.
Qirgʻiziston va Tojikiston bilan suv-energetika muvozanati, togʻli hududlarda
iqlim xavflari, chegaraoldi savdo va mehnat migratsiyasi masalalarida qoʻshma
yechimlar zarur. Turkmaniston bilan energetika, transport va ekologik
barqarorlik boʻyicha amaliy hamkorlik BRM nuqtayi nazaridan muhim.
Oʻzbekistonning
soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik muhitini mustahkamlash,
chegara masalalarini hal etish, transport bogʻliqligini kengaytirish va
mintaqaviy muloqotni kuchaytirish borasidagi tashabbuslari barqaror taraqqiyot
uchun sheriklik va oʻzaro ishonch qanchalik muhim ekanini koʻrsatmoqda.
Murojaatnomada ham 2025-yilda Samarqandda Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi
sammiti va Xalqaro iqlim forumi oʻtkazilgani, shuningdek, Xoʻjandda
Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston yetakchilari uchrashuvida muhim
kelishuvlarga erishilgani mintaqaviy barqarorlik nuqtayi nazaridan alohida qayd
etildi.
Bu
jarayonlar shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekiston uchun BRM nafaqat ichki islohotlar,
balki mintaqaviy barqarorlik va hamkorlik kun tartibining ham muhim qismiga
aylanmoqda.
Xulosa oʻrnida
Oʻzbekistonda
BRMni amalga oshirish uchun siyosiy iroda ham, strategik asos ham, islohotlar
tajribasi ham mavjud. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi, kambagʻallikni
qisqartirish siyosati, mahallabay ishlash tizimi, “yashil” energetika, suv
tejash, taʼlim va sogʻliqni saqlash islohotlari, raqamli davlat xizmatlari va
mintaqaviy hamkorlik tashabbuslari BRM bilan bevosita uygʻun.
Barqaror
rivojlanish maqsadlari xalq uchun tushunarsiz xalqaro atama boʻlib qolmasligi
kerak. U mahalladagi toza suvda, bolaning sifatli taʼlimida, onaning tibbiy
xizmatga yetishida, yoshlarning ish topishida, tadbirkorning erkin faoliyatida,
shahar havosining tozaligida va fuqaroning davlatga ishonchida namoyon boʻlishi
kerak.
Shundagina
BRM Oʻzbekiston uchun tashqi hisobot emas, yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining
hayotiy mazmuniga aylanadi. Barqaror rivojlanishning asl maqsadi ham shu —
raqamlarni emas, inson qadrini yuksaltirish.
Jahongir ISAYEV,
“Barqaror rivojlanish markazi”
NNT boʻlim boshligʻi