Bavariyada “O'zbekiston madaniyati kechasi” bo'lib o'tdi

    200 nafarga yaqin ishtirokchilar hozir bo'lishgan ushbu tadbirda mamlakatimizning boy tarixi, betakror madaniyati va milliy pazandachilik san'ati namoyish etildi.

    Germaniyaning Bavariya Federal erida joylashgan Noyboern shahri markazidagi “Beuerer Halle” zalida mamlakatimizning Berlindagi elchixonasi tomonidan Turizm va madaniy meros vazirligi hamda «Milliy PR-markazi» ko'magida “O'zbekiston madaniyati kechasi” o'tkazildi.

    200 nafarga yaqin ishtirokchilar hozir bo'lishgan ushbu tadbirda mamlakatimizning boy tarixi, betakror madaniyati va milliy pazandachilik san'ati namoyish etildi.

    Tadbir avvalida ishtirokchilarga mamlakatimizning boy sayyohlik salohiyati taqdimoti o'tkazildi. Unda so'nggi yillar davomida O'zbekistonda sayyohlik jabhasini yanada rivojlantirishga yo'naltirilgan keng ko'lamli islohotlar va ular berayotgan salmoqli samaralarga alohida urg'u berildi.

    Ishtirokchilarning e'tibori aynan yurtimizda Evropa mamlakatlari sayyohlari uchun viza tizimining bekor qilinishi, sayyohlik infrastrukturasining rivojlanishi, turli-tuman yangi sayyohlik tur-paketlari va yo'nalishlari ishlab chiqilayotganiga qaratildi.

    Ma'lumki, har qanday mamlakatning sayyohlik salohiyati oshirilishida turizm xizmatlarining tashqi bozorlarda faol targ'ib etilishi muhim ahamiyatga ega. So'nggi yillar davomida Bavariyadan O'zbekistonga borayotgan sayyohlar oqimi tobora oshmoqda. Ushbu o'lkada faoliyat olib borayotgan sayyohlik agentliklarining ma'lumotlariga ko'ra, O'zbekiston yo'nalishi mahalliy sayyohlar o'rtasida ommaviylashib borayotir. Masalan, o'tgan yil sentyabr-oktyabr oylarida Bavariyaning Burgxauzen shahri burgomistri boshchiligidagi sayyohlar guruhi O'zbekistonga tashrif buyurgan bo'lsa, bu yil 10-16 aprel` kunlari Noyboern shahri burgomistri ishtirokidagi sayyohlar guruhi mamlakatimizda bo'ladi. Bundan tashqari, shaharning moziyshunos va sharqshunoslaridan iborat 12 kishilik kichik sayyohlik guruhi ham o'zlarining navbatdagi sayohat maskani sifatida O'zbekistonni tanlashdi. Rejaga binoan, ushbu guruhning sayohati joriy yil 27 aprel – 12 may kunlari Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari bo'ylab kechadi.

    O'zbek milliy kuy-qo'shiqlari va raqslaridan tashkil topgan madaniy dastur namoyishi taqdimot marosimiga alohida shukuh bag'ishladi. O'zbek sozandalari jo'rligida “Shodlik” ashula va raqs ansambli raqqosalari Mushtariy Do'smatova va Shahnoza Matchanova ijrosidagi raqslar ijrosi mahalliy san'at ixlosmanlarining gulduros olqishlariga sazovor bo'ldi.

    Taqdimot doirasida o'zbekistonlik taniqli oshpaz Bahriddin Chustiy boshchiligidagi guruhning milliy pazandachilik san'ati namoyishi ham tadbirga alohida mazmun bag'ishladi.