Baykal ko'li yaqinida Yevroosiyodagi eng katta quyosh teleskopi qurilishiga start berildi

    Rossiya Fanlar akademiyasining Sibir filialining Quyosh-yer fizikasi instituti Buryatiya (Rossiya Federatsiyasi)da Yevroosiyodagi eng katta quyosh teleskopini qurishni boshladi.

    U Rossiyada bunyod etilayotgan Milliy geliogeofizika majmuasining eng murakkab va qimmat asbobiga aylanadi. Shanba kuni kelajak teleskopining tamal toshi qo'yildi.

    “Teleskopni loyihalash ishlari o'tgan yili yakunlandi. Biz Glavgosekspertizadan ijobiy xulosa va qurilishga ruxsat oldik. Va bu yil Rossiya Federatsiyasi hukumati noyob ilmiy asbob – quyosh teleskopini qurishni boshlash to'g'risida qaror qabul qildi”, dedi Quyosh-yer fizikasi instituti direktorining birinchi o'rinbosari Sergey Olemskoy.

    Uning so'zlariga ko'ra, teleskop Yevroosiyodagi eng yirik teleskop bo'ladi, 2023-yilda ish qurilish maydonchasini tayyorlash bilan cheklanadi, 2024-yil boshidan ayrim turdagi ishlar uchun subpudratchilar jalb qilinadi.

    Obyekt Quyosh-yer fizikasi instituti Sayan quyosh rasadxonasi hududida, Buryatiyaning Mondi qishlog'i yaqinida quriladi. Asbobning narxi taxminan 36 milliard rublni tashkil etadi va uni ishga tushirish 2030-yilga mo'ljallangan.

    Teleskop olimlarga kichik diametrli teleskoplar va orbitadagi observatoriyalar o'rgana olmaydigan fotosferaning nozik tuzilishini tadqiq etishga yo'l ochadi. Shuningdek, u spektral tahlillarni o'tkazish va magnit maydonlar va materiya harakati haqida noyob ma'lumotlarni olish, quyosh chaqnashlari va Quyoshdagi boshqa hodisalarning sabablarini o'rganish imkonini beradi, deb xabar beradi mir24.tv.