Hozirgi kunda Oʻzbekiston diniy bagʻrikenglik va dinlararo muloqot borasida butun dunyoga namuna boʻlmoqda. Respublikamizda istiqomat qilayotgan fuqarolar qaysi dinga mansubligidan qatʼi nazar, hamjihat, tinch va osoyishta yashab, yurtimiz ravnaqi uchun xizmat qilyapti.
Yurtimizda vijdon erkinligiga doir qonun asoslari yana-da takomillashtirildi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda turli din vakillarining hech qanday toʻsiqlarsiz oʻz dinlariga eʼtiqod qilishi uchun barcha sharoit mavjud.
Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston hududi qadim asrlardan turli madaniyat, til, urf-odat, turmush tarziga ega, xilma-xil dinlarga eʼtiqod qiluvchi, bir-biriga oʻxshash boʻlmagan bir necha xalqlar yashagan oʻlkadir. Oʻzbekistonning muhim savdo yoʻllari chorrahasida joylashgani, koʻplab davlatlar bilan iqtisodiy aloqalar qilgani yerli xalqlarning diniy va maʼnaviy hayotiga, shuningdek, Movarounnahrdagi urf-odatlar ham oʻzga yurtlar madaniyati rivojiga salmoqli taʼsir koʻrsatgan. Bu esa oʻziga xos millatlararo hamjihatlik va diniy bagʻrikenglikni shakllantirishdagi asosiy omillardan biri boʻlib xizmat qilgan.
Haqiqatan ham, Oʻzbekiston zaminida qadimdan islom dini bilan birga boshqa dinlar ham rivojlanib, jamiyatning maʼnaviy yuksalishiga muayyan hissa qoʻshgan.
Mana shunday diniy bagʻrikenglik namunalarini yurtimizda yashab oʻtgan buyuk ajdodlarimiz hayotida ham koʻrish mumkin. Buyuk sarkarda Amir Temur bobomizning qoʻshini tarkibida yahudiy va yana boshqa dinga mansub askarlar ham xizmat qilgan. Sohibqironning oʻgʻli Mironshoh oʻsha paytdagi Fransiya, Ispaniya va Angliya kabi davlatlar bilan diplomatik aloqalar uchun masʼul etib tayinlangan. Hindiston xalqi bugungi kungacha Zahiriddin Muhammad Bobur va uning avlodlarini hurmat bilan yodga oladi. Sababi boburiylar davlatni diniy bagʻrikenglik asosida boshqargan edi.
Boshqa dinlar singari islom dini ham azaldan insoniyatga asl muruvvatni, dindoshlariga, hatto gʻayridinlar (islomdan boshqa dinga eʼtiqod qiluvchilar)ga ham ehtirom hamda bagʻrikenglik bilan munosabatda boʻlishni oʻrgatib kelgan va kelmoqda. U oʻzidan avvalgi samoviy dinlar (yahudiylik, nasroniylik)ni shunchaki hurmat qilish bilan cheklanmay, oʻsha din vakillariga cheksiz muruvvat koʻrsatgan. Ularning haq-huquqlarini shariat qonunlari bilan mustahkamlab qoʻygan. Madaniyat va anʼanalariga ehtirom bilan qaragan. Asrlar davomida bu qoidalarga amal qilib yashagan musulmonlar bir-birlariga va hatto oralarida yashaydigan gʻayridin (boshqa dindagi)larga, ahli zimma (islom davlati soyasida yashaydigan gʻayridinlar)ga ham muruvvatning mislsiz namunalarini koʻrsatishdi. Chunki bu Olloh taoloning amri hamda Rasulining ummatga bergan koʻrsatmasi edi. Olloh taolo “Moida” surasida shunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Olloh uchun (toʻgʻrilikda) sobit turuvchi, odillik bilan guvohlik beruvchi boʻlingiz: biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni ularga nisbatan adolatsizlik qilishga undamasin!...”.
Rasululloh (s.a.v.)dan rivoyat qilingan hadisda esa: “Kim ahli zimmaga biror zahmat yetkazsa, qiyomat kuni meni oʻzining dushmani sifatida koʻradi”, deb marhamat qilganlar. Aynan ana shu hadisni eʼtiborga olgan holda Hazrati Umar (r.a.) Amr ibn Os (r.a.)ni Misrni fath qilishga yuborayotib: “Ehtiyot boʻling! Yana Rasululloh (s.a.v.)ni oʻzingizga dushman qilib qoʻymang”, deb ogohlantirgandilar.
Qurʼoni karim oʻzidan oldingi muqaddas kitoblar — Zabur, Tavrot, Injilni tan olishga, ahli kitoblarni, yaʼni boshqa din vakillarini hurmat qilishga chaqiradi. Odamlarni oʻzaro mehr-muhabbat, hamkorlikka undab, fitna, nifoq va nizolarning har qanday koʻrinishini yengib oʻtishga daʼvat etadi. Muqaddas dinimiz tarixidan ham bagʻrikenglikning yuksak koʻrinishiga namuna boʻla oladigan misollarni koʻplab keltirish mumkin. Jumladan, Xaybar gʻazotida musulmonlarga oʻlja tushgan narsalar ichida Tavrotdan bir qancha sahifalar ham bor edi. Yahudiylar kelib Rasulullohdan oʻsha sahifalarni qaytarib berishni soʻradilar. Paygʻambarimiz ularni yahudiylarga qaytarib berishga amr qildilar. Zero, boshqa din vakillarining qadriyatlarini eʼzozlash islom dinining goʻzal axloqlaridandir. Shuning uchun yahudiylar uchun muqaddas hisoblangan sahifalarga zarracha ziyon yetkazilmay oʻzlariga qaytarildi.
Qurʼoni karim bizga taʼlim bergan yana bir muhim haqiqat — bu boshqa din vakillari, yaʼni nasroniylar va yahudiylar ibodat qiladigan joylarga chuqur ehtirom va hurmat bilan munosabatda boʻlmoqlikdir.
Paygʻambarimiz Madinaga hijrat qilganlaridan soʻng u yerdagi yahudiylar bilan ahdnoma tuzib, tinch-totuv va jamiyat manfaati uchun hamkorlikda yashash asoslarini belgilab, unga amal qilib yashadilar. Muhammad (s.a.v.) boshqa din vakillari bilan shaxsan yaxshi aloqada boʻlar, ularga goʻzal muomala qilar edilar. Jumladan, ularga hadyalar berib, ular tomonidan qilingan hadyalarni qabul qilib ham olar edilar. Masalan, Paygʻambar (s.a.v.) boshqa din vakillari tomonidan hadya qilingan kiyimlarni kiyib yurganlari tarixda maʼlum va mashhur.
Paygʻambar (s.a.v.) Habashistondan kelgan nasroniy mehmonlarni oʻz masjidlariga tushirganlar va “Ular bizning sohiblarimizni hurmat qilgan edilar. Men ularni oʻzim ikrom qilishni xush koʻraman”, deb shaxsan oʻzlari ularga xizmat qilganlar. U zot (s.a.v.) Najron nasorolari guruhini ham oʻz masjidlariga tushirganlar va u yerda ibodat qilishlariga ruxsat berganlar”.
Dinlararo bagʻrikenglik gʻoyasi nafaqat dindorlarning, balki butun jamiyat aʼzolarining ezgulik yoʻlidagi hamkorligini nazarda tutadi hamda tinchlik va barqarorlikning muhim sharti hisoblanadi. Azal-azaldan yurtimizning yirik shaharlarida masjid, cherkov va sinagogalar oʻz ibodatchilariga emin-erkin xizmat koʻrsatib kelgani, tariximizning ogʻir sinovli damlarida ham diniy asosda hech qanday mojaro kelib chiqmagani xalqimizning dinlararo bagʻrikenglik borasida ulkan tajribaga ega ekanligidan dalolat beradi. Shu bois ham Oʻzbekistonda tom maʼnoda diniy bagʻrikenglikning yuksak anʼanalariga amal qilinayotgani jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda.
Yahudiylar jamoasining vakillaridan biri R.Beneman shu haqda toʻxtalar ekan, Buxoroda dastlabki sinagoga VIII asrdayoq qurilganini, boshqa din vakillari bilan bir qatorda oʻz dinlariga erkin eʼtiqod qilish uchun oʻsha paytdayoq yetarli shart-sharoit yaratib berilganini taʼkidlab, “Oʻrta asr Yevropasi va Vizantiya imperiyasida quvgʻin qilingan yahudiylik, Markaziy Osiyoda boshqa dinlar bilan bir xil huquqqa ega edi”, deb yozadi.
Hozir yurtimizda 130 dan ortiq millat vakillari, 16 ta diniy konfessiya, 2200 dan ortiq diniy tashkilotlarning diniy bagʻrikenglik asoslariga rioya qilgan holda oʻzaro tinch-totuvlikda umrguzaronlik qilayotgani soʻzlarimizning yaqqol dalilidir.
Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
direktori oʻrinbosari