Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi oʻzbekiston fuqarolarini aeroportlarda tekshirilmagan va begona yuklarni olishdan qattiq ogohlantiridi.
Qayd etilishicha, Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi aviaqatnovlar davomida ayrim shaxslar aeroportlarda oʻz yuklarini Oʻzbekistonga yetkazib berishni iltimos qilishi mumkin. Ular turli bahonalar bilan (masalan, ogʻir kasal qarindoshi borligi yoki yukni joʻnatish imkoniyati yoʻqligi) ishontirishga harakat qiladi.
"Bunday vaʼdalarga ishonmang va begona yukni hech qanday holatda qabul qilmang!
Oʻtgan yillarda bir necha Oʻzbekiston fuqarolari aynan shunday vaziyatlarga tushib qolgan va noqonuniy yuklarni, jumladan, narkotik moddalar va soxta hujjatlarni bilmasdan olib oʻtgani uchun hibsga olingan:
2023-yil – Istanbul aeroportida 27 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi nomaʼlum shaxsning iltimosiga binoan yukni olib oʻtishga rozi boʻldi. Biroq chegarada tekshiruv vaqtida yuk ichidan katta miqdorda narkotik moddalar topildi. Natijada, u 10-yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
2022-yil – Antaliya shahridan Toshkentga qaytayotgan yana bir fuqaro oʻziga notanish kishining yukini olib oʻtishga rozi boʻldi. Yuk tarkibida soxta pasport va noqonuniy hujjatlar borligi aniqlanib, fuqaro bir necha yilga ozodlikdan mahrum etildi", — deyiladi xabarnomada.