Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi bemorlarni davolovchi asosiy muassasaga aylangan.

Nafaqat viloyatimiz vakillari, balki charter reyslarda kelgan, shuningdek, “Doʻstlik” bojxona posti orqali qabul qilingan hamyurtlarimiz aynan shu yerda najot topmoqda. Jamoadagi dardga malham boʻlayotgan 70 nafar qalbi pok insonlar orasida vrach Muyassarxon Gʻoipova ham bor.

Shifokor pandemiyaga qarshi kurashga ilk bor 13-aprelda safarbar etilgan edi. Soʻnggi navbatchilikdan 20-iyulda qaytdi. Shu oxirgi ikki haftalikda hamkasblari bilan birga 98 nafar bemorni butkul sogʻlomlashtirib, karantinga kuzatishga muvaffaq boʻldi. Bu respublika boʻyicha bir kunda qayd etilgan eng yaxshi koʻrsatkich boʻlib turibdi.

— Kasallikning oʻzidan koʻra qoʻrquv, vahima qattiq taʼsir etar ekan, — deydi Muyassarxon Gʻoipova. – Bemor shifokor tomonida boʻlsa, xastalik yolgʻizlanadi va uni yengish mumkin. Buning teskarisida esa dardning chekinishi qiyin kechadi. Shu oddiy haqiqatni idrok etgandagina muolajalarimiz yaxshilikka qarab ketadi.

— Shifokorlarning oʻzlariga ham oson boʻlmagandir?

— Albatta. Ayrim kunlari 80 tagacha odam qabul qildik. Dastlabki navbatchilikda shunday holat boʻldi. Kombinezonga burkangan kuyi endigina palataga kirayotgan edim. Koʻz qiri bilan himoya koʻzoynagi va kombinezon oʻrtasida kichkina tirqish qolganini sezdim. Yoʻriqnomaga koʻra igna qalinligidagi boʻshliq ham boʻlmasligi kerak. Qoʻrqib ketdim. Baxtimga hammasi baxayr boʻldi.

Kasbiy layoqat bobida bizning shifokorlar malakasi ancha yuqoriligini Muyassarxon tajribasida ham tasdigʻini topdi. Opaga Qozigʻistondan ham murojaat tushgan.

— Jalaquduqlik farmatsevt tanishim Nilufarxonning hamkorlari ekan. Shu dugonam orqali menga qoʻngʻiroq qilishdi, — deydi M.Gʻoipova. –Uy sharoitida koronavirusdan davolanish boʻyicha maslahat berdim. Yaqinda xabar qilishdi: darddan forigʻ boʻlibdi.

Andijonda shifo topib, dil soʻzlarini izhor qilganlar qatorida samarqandlik, toshkentlik, sirdaryoliklar ham bor.

— Mana besh oydirki, shu xastalik bilan kurashayotgan viloyatimizning birorta tibbiyot xodimi oʻz burchiga hiyonat qilgani yoʻq, garchi shifokorlar orasida ham yoʻqotishlar uchrayotgan boʻlsada, — deydi M.Gʻoipova.

Haqiqtan ham shunday. Fursatdan foydalanib, Gippokrat qasamiga sodiq oliyjanob kasb egalarining oʻzlariga ham sogʻlik-omonlik tilaymiz.

Rustamjon ESHONOV.