—  Bugungi kunda dunyo miqyosida 121 milliondan ziyod odamda koronavirus infektsiyasi aniqlangan. Har kuni dunyo bo'yicha virus yuqtirganlar soni 500 - 550 ming nafarni tashkil etyapti. Ming afsuski, buning oqibatida har kuni 10 mingdan ko'proq odam hayotdan ko'z yumyapti. O'zbekistonda esa bugungi kungacha 82 mingdan ziyod koronavirus infektsiyasi holati aniqlangan. 99 foiz bemorning salomatligi tiklangan, — dedi Nurmat Otabekov. — Mamlakatimizda so'nggi uch oy mobaynida vaziyat ancha barqaror bo'lib turdi.  Har kuni o'rtacha 40-45 nafar bemor qayd etildi. Afsuski, keyingi paytda infektsiya yuqtirganlar soni ortayotganini kuzatish mumkin. Ayni paytda ular soni bir kunda 200 nafarga etay deb qoldi. Mutaxassislar epidemik vaziyat murakkablashishini karantin choralari yumshatilishi, ayrim mamlakatlarda uning bekor qilinishi, ayniqsa, ko'plab odamlarning oddiy profilaktik tadbirlarga rioya qilmay qo'yganliklari bilan bog'lamoqda. Darhaqiqat, so'nggi paytda ko'pchilik ancha beparvo bo'lib qoldi. Kasallikni yuqtirishdan cho'chimay qo'ydi. Go'yo endi kasallik chekindi, batamom tugatildi, degan fikrga bordi. Qolaversa, hali niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, jamoat joylariga borishdan tiyilish, antiseptik vositalardan foydalanish kabi talab va qoidalar bekor qilingani yo'q. Ayrim mamlakatlarga yo'l ochilganidan keyin xorijiy davlatlarga borish, u erda dam oluvchilar soni ko'paydi. Bunday paytda, tabiiyki, boshqa hududlardan kelgan odamlar bilan muloqot qilish imkoniyati paydo bo'ladi. Ayni shu holat turli kasalliklarning boshqa hududlardan yurtimizga kirib kelishiga sabab bo'lyapti. Agar e'tibor bergan bo'lsangiz, ilk koronavirusni ham xorijga borgan fuqaromiz olib kelgan edi. O'zbekistonda qayd etilgan birinchi “britancha shtamm” ham xorijga borgan yurtdoshimiz orqali kirib keldi.

— Ayni paytda kasallanayotgan bemorlarda koronavirusning qaysi turi kuzatilyapti?

— Hozirgi kunda bemorlarda, asosan, koronavirusning COVID-19 shtammi kuzatilyapti. Mamlakatimizda bir kunda o'rtacha 25-30 mingta laboratoriya tekshiruvi o'tkazilyapti. Bu har 100 ming aholiga nisbatan 75-80 tani tashkil etadi. Mana shunday laboratoriya tekshiruvlarini ikki, lozim bo'lganda, uch baravar ko'paytirish soha xodimlari zimmasidagi asosiy vazifa sanaladi.  Faqat shu yo'l bilangina biz aholi orasida kasallikka chalinganlarni erta aniqlashimiz, sog'lom odamlardan ajratib olish va muloqotda bo'lganlar orasida profilaktik tadbirlarni o'tkazish orqali epidemiologik jarayonni  jilovlashimiz mumkin bo'ladi.

— Kasallanayotganlar orasida bolalar nisbatan ko'pligi aytilyapti.

— Bir yildan ko'proq vaqt mobaynida koronavirusga qarshi kurashish borasida muayyan tajriba va ma'lumotlarga ega bo'ldik. Darhaqiqat, tahlillar shuni ko'rsatadiki, bolalar avval umumiy kasallanganlarning 2-5, ba'zan 5-7 foizini tashkil etgan. Bu ko'rsatkich esa endi 25 foizni tashkil qilmoqda. Demak, kasallanganlarning to'rtdan bir qismi bolalar hissasiga to'g'ri kelyapti. Lekin bir narsani to'g'ri tushunish kerak,   COVID-19 virusi bo'ladimi,  “britancha”, “braziliyacha” yoki “Janubiy Afrika” shtammi bo'ladimi, uni  davolash usuli va profilaktikasida deyarli farq yo'q.

— Dastavval, agar ommaviy immunitet hosil bo'lsa, kasallik chekinadi, degan qarashlar bor edi. Bu qay darajada to'g'ri?

— Virus bilan bevosita bog'liq bunday holatlar insoniyat tarixida avval ham kuzatilgan. Darhaqiqat, bunday vaziyatda ommaviy immunitet hosil bo'lishi muhim o'rin tutadi. Lekin  shuni unutmaslik kerakki, koronavirus infektsiyasi tarqalganiga endi bir yil bo'ldi. Ommaviy immunitet hosil qilishning ikki usuli mavjud. Birinchisi, kasallikdan keyin, ikkinchisi emlanish natijasida hosil bo'ladi. Qolaversa, ommaviy immunitet darajasi (kasallikka qarshi immuniteti bor shaxslar) 60-70 foiz atrofida bo'lsagina, kutilgan samarani berishi mumkin.

— Antitanacha uch oydan so'ng yo'q bo'lib ketadi, degan fikrlar ham mavjud.

— Koronavirusga chalinib tuzalgan har bir inson organizmida antitanacha hosil bo'ladi. Ular organizmda uch, olti, to'qqiz oygacha va hatto  undan-da ko'proq saqlanishi kuzatilmoqda. Yuqinda rossiyalik olimlar kuz faslida koronavirusga chalingan odam bir yildan so'ng emlanishi maqsadga muvofiq, degan fikrni bildirdi. Ushbu muallifning fikrida antitanacha odam organizmida 9-10 oygacha saqlanadi, undan keyin qayta kasallanish ehtimoli mavjud, deyilgan. Bunda, albatta, vaksina asqatadi. Chunki vaksina virusga chalingan, chalinmagan organizmda ham qo'shimcha antitanachalar hosil qilishga imkoniyat yaratadi.

— Ma'lumki, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) Tojikistonda o'tkir yuqumli poliomielit kasalligi tarqalayotgani haqida bayonot berdi. U erda 18 mart holatiga ko'ra, asab sistemasini falaj qiladigan xastalikni yuzaga keltiruvchi polivirus (sPVVP2) bilan 4 nafar bola zararlangani aniqlangan. Bu kasallikning O'zbekistonga kirib kelish ehtimoli bormi? Bor bo'lsa, uning oldini olish borasida qanday chora-tadbirlar ko'rilyapti?

— Mamlakatimiz 2002 yilda “O'zbekiston shol kasalligidan xoli hudud” maqomini beruvchi JSST sertifikatini olgan. To'g'ri, qo'shni mamlakatlar, xususan, Tojikiston va Afg'onistonda shol kasalligi qayd etilganidan xabarimiz bor. Buni inkor qilmaymiz. Qolaversa, uning oldini olish uchun barcha kerakli chora-tadbirlar ko'rilyapti. Tojikiston bilan chegaradosh hududlarda shol kasalligiga qarshi ommaviy emlash tadbirlari o'tkazish, virus bilan bog'liq barcha klinik belgilarni muntazam kuzatib borish, faol monitoring qilish orqali uning O'zbekiston hududiga kirib kelishi va tarqalishiga yo'l qo'ymaslik imkoniyati mavjud. Shu bois, qo'shni mamlakat bilan chegaradosh viloyatlarimizda ommaviy emlash tadbirlarini o'tkazish orqali ehtiyot choralari ko'rilyapti. Joriy yilning 10 martidan bugungi kunga qadar Surxondaryo viloyatida istiqomat qiluvchi 5 yoshgacha bo'lgan bolalarning 150 ming nafari  shol kasalligiga ommaviy emlandi va ushbu maqsadda 300 ming dozadan ortiq vaktsina sarflandi.

Shol — bu aslida emlash orqali oldi olinadigan kasallik. Shuning uchun aholining 98-99 foizini  mazkur kasallikka qarshi emlash bilan qamrab olish, ularda immunitet shakllantirish doimiy maqsadimizga aylangan. Bu virus hatto hududimizga kirib kelgan taqdirda ham uning keng tarqalishiga yo'l qo'yilmaydi. Buning uchun barcha ehtiyot choralari ko'rilgan. Xavotirga esa hojat yo'q. Qolaversa, bir paytlar Tojikiston va Afg'onistonda bu borada vaziyat keskinlashganda, nafaqat bolalar, balki katta yoshdagilar ham ommaviy emlangan.

“Yangi O'zbekiston” muxbiri

Risolat MADIEVA suhbatlashdi