Biologik faol qoʻshimchalar sertifikatlash markazi akkreditatsiyasi qaytarib olindi

    Markaz qadogʻi va tarkibi boʻyicha maʼlumotlar dori vositasi bilan bir xil boʻlgan mahsulotga BFQ deb ishlab chiqarish uchun ruxsatnoma bergan.

    Ijtimoiy tarmoqlar va OAVlarda dorilar oʻrnini bosadigan biologik faol qoʻshimchalar (BFQ), oziq-ovqat qoʻshimchalari va boshqa (ozdiruvchi yoki semirtiruvchi) mahsulotlarning reklamasi ortib boryapti.

    Bu esa isteʼmolchilarni baʼzi hollarda shifokor koʻrsatmalariga amal qilmay, ushbu mahsulotlarni mustaqil ravishda isteʼmol qilishiga olib kelmoqda. Bunday harakatlar inson salomatligiga salbiy taʼsir qilib ayrim kasalliklarning yanada kuchayishi xavfini oshiradi.

    Raqobat qoʻmitasi ayrim BFQ mahsulotlarida dorilarga xos xususiyatlarning mavjudligi va tarkibi dori vositasiga oʻxshash ekanini aniqladi.

    Xususan, “Bio max pharm” MCHJ tomonidan “Bio Smekta” biologik faol qoʻshimchasini ishlab chiqarish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirilgan. Biroq mazkur BFQ qadogʻi va tarkibi boʻyicha maʼlumotlar dori vositasi bilan bir xil ekan.

    "Mazkur holat boʻyicha Qoʻmita tomonidan Oʻzbekiston akkreditatsiya markazini jalb etgan holda oʻrganish oʻtkazildi. Oʻrganish davomida “Agro kimyo standart” MCHJ qoshidagi “Uni-chem-test” laboratoriyasi tomonidan ushbu mahsulotni amaldagi texnik meʼyorlarga muvofiq deb tasdiqlangani maʼlum boʻldi.
    Kamchiliklar boʻyicha hujjatlar Oʻzbekiston akkreditatsiya markaziga yuborildi va “Uni-chem-test” laboratoriyasining faoliyatiga huquqiy baho berish soʻraldi. Markaz tomonidan taqdim etilgan maʼlumotga koʻra, 2024-yil oktyabr oyida “Agro kimyo standart”ning sertifikatlashtiruvchi organi akkreditatsiya talablarini buzganligi sababli uning akkreditatsiya sertifikati amal qilishi toʻxtatilgan", deyiladi axborotda.