Olib kelinayotgan vaksinalar uchun xarajatlar kim tomonidan qoplanadi?

➖Rejali emlash bilan bogʻliq xarajatlarning barchasi davlat tomonidan qoplanadi.

Bir yilda vaksinalar xarid qilish uchun 20 mln. AQSH dollari miqdoridagi mablagʻ sarflanadi.

Emlashning qanday turlari bor, nega baʼzi holatlarda yosh bolalar, baʼzi holatlarda faqat kattalar emlanadi?

➖Bugungi kunda, zamonaviy tibbiyotda -

rejali emlash (emlash kalendariga muvofiq) – dastavval aholini 6 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi rejali emlagan boʻlsak, endilikda emlash kalendariga muvofiq 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash ishlari yoʻlga qoʻyilgan.

mavsumiy kasalliklarga qarshi emlash – gripp kasalligiga, virusli gepatitning A turiga qarshi emlash kiradi.

epidemik koʻrsatmaga asosan emlash – kuydirgi, meningit, shol, qizamiq, qizilcha kasalliklariga qarshi emlash yoki qoʻshni davlatlarda yuqumli kasalliklar boʻyicha vaziyat murakkablashib, uning respublikamizga chetdan kirib kelish xavfi yuzaga kelganda amalga oshiriladi.

profilaktika maqsadida – meningit,sariq isitma, virusli gepatit A, quturish kabi kasalliklarga qarshi endemik hududlarga borishdan va yangi jamoalar shakllanishidan avval emlanadi;

sogʻlomlashtirib emlash – tez-tez kasallikga chalinadigan bolalar, tinimsiz tibbiy cheklovlar belgilanadigan shaxslar uchun moʻljallangan emlash mavjud.

Maktab bolalari bir yilda necha marotaba emlanadilar va emlash jarayonining fasllar bilan bogʻliqligi bormi?

➖ Maktab bolalari aynan maktab davrida 4 marotaba emlanadilar:

1-sinfda sentyabr oyida ADS-M va Poliomiyelit;

9-sinfda may oyida – ADS-M bilan;

3 -sinf oʻquvchi ( 9 yoshli) qizlar-oktyabr va noyabr hamda aprel va may oylarida VPCH vaksinasi bilan emlanadilar.

Rejali emlash jarayonining fasllarga bogʻliqlik joyi yoʻq.

2020-2021-yillarda respublika boʻyicha qancha bolalar yuqumli kasalliklarga qarshi emlandi?

➖ Respublika boʻyicha har yili kamida 4,5-4,7 million bolalar 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi rejali emlanadilar. Bu raqam har yili tugʻiladigan bolalar sonidan kelib chiqib, oʻzgarib turishi mumkin.

Maktab oʻquvchilari emlanishlari uchun moliyaviy imkoniyatlari boʻlmasa u holda qanday yoʻl tutiladi?

➖ Oʻzbekistonda bolalarni emlash jarayonlari bepul.

Bola u yoki bu kasallikga qarshi emlanganidan soʻng nojoʻya taʼsirlar ham kuzatilib turadimi?

➖ Emlashdan keyin nojoʻya taʼsirlar kuzatilib turishi tabiiy hol. Nojoʻya taʼsirlarning barchasi roʻyxatga olinadi va monitoring qilib boriladi.

Emlash tadbirlari va vaksinalarning samaradorligi boʻyicha qanday statistik raqamlarni ayta olasiz?

➖ Hozir respublikamizda shol (poliomiyelit), boʻgʻma (difteriya), chaqaloqlar qoqsholi (stolbnyak), 20 yoshgacha boʻlganlar orasida virusli gepatit V, bakterial meningit kasalliklari, shuningdek, 5 yoshgacha boʻlgan bolalar orasida rotovirus kasalligidan oʻlim holatlari umuman qayd etilmayapti.