Mamlakatimizda birjalar tarixi oʻtgan asrning 90-yillariga borib taqaladi. Oʻshanda tashkil etilgan “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati ayni paytga kelib Markaziy Osiyodagi eng yirik, MDH mamlakatlari ichida eng yetakchi xomashyo savdo maydonchalaridan biriga aylandi.

Birjalar ularda savdoga qoʻyiladigan obyektlarga qarab turlarga boʻlinadi. Valyuta birjasida pul, fondda qimmatli qogʻozlar asosiy oʻrin tutsa, tovar birjasida esa xomashyo va mahsulotlar uning muhim obyekti hisoblanadi. Respublika tovar-xom ashyo birjasida ham milliy va xorijiy kompaniyalarning mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan yuqori likvidli tovar aktivlari, shu jumladan, qora va rangli metallar, neft mahsulotlari, mineral oʻgʻitlar, shakar, un, don va boshqa tovarlarning oldi-sotdisi amalga oshiriladi.

2020-yilda koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq murakabliklar va cheklovlarga qaramay, 53,6 trillion soʻmlik bitimlar imzolangan boʻlib, bu 2019-yildagiga nisbatan 24,7 foiz koʻpligini koʻrsatadi.

Ayni paytda birjada 800 mingdan ziyod savdo ishtirokchisi roʻyxatdan oʻtkazilgan. Uning 300 dan ziyod mahalliy savdo maydonchasi mamlakatimizning deyarli barcha tumanlarida faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, 14 ta xorijiy savdo maydonchasi Xitoy, Rossiya, Belarus, Ukraina, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻizistonda ochilgan.

— Bu jarayonda tadbirkorlik subyektlarining faolligi ortib boryapti, — deydi “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari Zulfiddin Kamolov. — Oʻtgan yili kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan shartnomalar hajmi 20,5 trillion soʻmni tashkil qildi. Xususan, tadbirkorlar birja orqali 13,3 trillion soʻmlik tovar resurslarini sotib olgan boʻlsa, 7,2 trillion soʻmga teng mahsulotlarini savdo maydonchalarimiz orqali sotishdi. Sotuvchi korxonalar birja savdolarida haqiqiy bozor narxi shakllanganligi tufayli 2019-yildagi foydadan 40,4 foiz ortiq, yaʼni 3 trillion soʻm qoʻshimcha daromad oldi.

Joriy yilning yanvar-fevral oyida Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi 11,3 trln soʻmlik bitimlar tuzildi. Bu oʻtgan yilning mos davri bilan solishtirganda 46,2 foizga koʻpdir. Tuzilgan bitimlarning 90 foizi birja savdolariga, qolgan 10 foizi elektron tijorat savdo tizimlariga toʻgʻri keldi.

Yana bir raqamga eʼtiboringizni tortmoqchiman. 2020-yil davomida savdo platformalarimiz orqali umumiy hisobda 97,4 million AQSH dollariga teng mahalliy mahsulot tashqi bozorga sotilgan. Yirik eksport shartnomalari polietilen (52 foiz), neft mahsulotlari (13 foiz) va paxta tolasi (12 foiz) boʻyicha tuzildi. Shu bilan birga, xorijiy savdo maydonchalari tarmogʻining kengayishi nafaqat mahalliy tovarlarni tashqi bozorlarga olib chiqishga, balki talab yuqori boʻlgan mahsulotlarni mamlakatimizga olib kirish orqali ham ichki bozor narxlarning barqarorlashishiga yordam beradi. Oʻtgan yili xorijiy savdo maydonchalarimiz koʻmagida 24,8 million AQSH dollariga teng mineral oʻgʻit, oziq-ovqat va neft mahsulotlari import qilindi.

Mamlakatimiz birja lugʻatiga “forvard”, degan tushuncha kirib kelganiga hali koʻp vaqt boʻlgani yoʻq. Aslida bu inglizcha soʻz, ilgari, avval degan maʼnoni bildiradi. Birja faoliyatida forvard soʻzi shartnomaga nisbatan qoʻllanilib, tovarni avvaldan belgilangan narxda kelajakda yetkazib berish yuzasidan olingan majburiyatni nazarda tutadi. Ushbu mexanizm, bir tomondan, yaqin istiqbolda yetkaziladigan tovar uchun narxlarni oldindan belgilash, ikkinchi tomondan, mahsulotlar uchun toʻlovlarni oldindan olish imkonini beradi. Yaʼni, mahalliy tadbirkorlar va fermerlar xarid qilinadigan tovarlar boʻyicha narxlar oʻzgaruvchanligidan oʻzlarini himoya qilishlari, tovar ishlab chiqaruvchilar esa oʻz faoliyatlarini yana-da samarali rejalashtirishlari mumkin.

— Oʻtgan yili Respublika tovar-xomashyo birjasida ilk marta qiymati 1,88 trillion soʻmga teng boʻlgan 1 480 ta forvard shartnomasi imzolandi, —deydi Zulfiddin Kamolov. — Bunday savdolarda shakar, sement, paxta tolasi, paxta yogʻi, texnik paxta chigiti, neft mahsulotlari va chorva uchun yem kabi 21 turdagi mahsulot sotilgan. Forvard bitimlari boʻyicha oʻtkazilgan elektron savdolarda 102 nafar sotuvchi va 250 nafar xaridor ishtirok etgan.

Keyingi paytda joriy etilayotgan yangiliklarning samarasi haqida gap borganda, elektron tijoratning V2V modelini aks ettiruvchi koʻrgazma-yarmarka savdolari eʼtiborni tortadi. Uning hajmi 2019-yilgi koʻrsatkichga nisbatan 53 foizga ortib, 2,4 trillion soʻmdan oshdi. Bu tizimda ilk marta birjaning hisob-kitob kliring palatasi orqali tuzilgan bitimlarning kafolatini taʼminlovchi mexanizm ham ishga tushirildi. Ushbu tizimning mobil ilovasi ham yoʻlga qoʻyildi. Unda yarmarka. uzex.uz veb-saytining barcha funksiyalari havola etilgan. Yana bir yangilik birjaning transport. uzex.uz logistika portalida maxsus elektron savdo yoʻnalishining joriy etilishi boʻldi. Bu platforma tovarlarni, shu jumladan, birjada sotilgan yuqori likvidli mahsulotlarni xaridorlarga yetkazib berish boʻyicha logistika xizmatlarini koʻrsatishga moʻljallangan.

Elektron tijorat sohasida bir nechta yirik innovatsion loyiha amalga oshirildi. Xususan, davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portalidagi elektron doʻkon savdo maydonchasida buyurtmachilar tomonidan hududlar kesimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida amalga oshirish imkoniyatini beruvchi milliydokon.uzex.uz (emilliydokon. uzex.uz) qoʻshimcha sahifasi ish boshladi. Bunda davlat buyurtmachilari ushbu sahifadan foydalangan holda, oʻrtadagi masofaning yaqinligi evaziga qoʻshimcha vaqt va pul mablagʻlarini tejashlariga, mahalliy tadbirkorlar esa oʻzlarining hududidagi davlat xaridlarida kengroq ishtirok etishlariga imkoni yaratildi.

— Birjaning avtoraqam.uzex.uz veb-saytining qamro toboro kengayib boryapti, — deydi “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ matbuot xizmati rahbari Hikmatillo Tillaboyev. — Oʻtgan yili mazkur shaffof onlayn-auksioni orqali 246,6 milliard soʻmlik 100 mingdan ziyod avtomobil raqamlari sotildi. Bu koʻrsatkichi avvalgi yilga nisbatan 2,7 barobarga, qiymat boʻyicha 58 foizga oshgan. Bitta bitimning oʻrtacha qiymati 2,4 mln soʻmga teng boʻldi. Bundan tashqari, birjaning transport.uzex.uz logistika portalida elektron savdo tizimi hamda elektron hujjat almashinuvi boʻyicha yangi exdoc.uz xizmati ham yoʻlga qoʻyildi.

Xoʻsh, joriy yilda yana qanday zamonaviy xizmatlar joriy etilishi kutilyapti?

— Birinchi navbatda, Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasida va Davlat dasturida belgilab berilgan birja savdolariga yangi tovar resurlarini, xususan, tabiiy gazni jalb qilish, uning ulgurji savdosini tashkil etish, kumush va boshqa qimmatbaho metallar savdosini kengaytirish moʻljallanmoqda, —deydi Zulfiddin Kamolov. — Birja IT-kompaniya ekanligini inobatga olgan holda, Maʼlumotlarni qayta ishlash markazini modernizatsiya qilish va elektron savdo tizimlarning axborot xavfsizligini kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻriladi. Ular savdolarning yangi mexanizmlarini yoʻlga qoʻyishga, jumladan, birja savdolarining yangi elektron tizimi va yagona kliring faoliyatini yoʻlga qoʻyishga xizmat qiladi.

Tez orada davlat xaridlari boʻyicha yagona portal ishga tushirilishi kutilmoqda. Bu esa elektron savdolarda ishtirok etish tartibini yana-da yengillashtiradi. Barcha turdagi davlat xaridlari zamonaviy dizayn va qulay interfeysga ega bitta portalga birlashtiriladi. Portalda tovarlarning yagona klassifikatori joriy etiladi hamda mijozlarni birjaning barcha savdo tizimlarida yagona roʻyxatdan oʻtishi mumkin boʻladi.

Bundan tashqari, birja xodimlari malakasini oshirish va brokerlarni tayyorlash boʻyicha oʻquv markazini tashkil qilish ham moʻljallangan. Ayni vaqtda xorijiy ekspertlar va malakali murabbiylarni jalb qilgan holda, birja xodimlari uchun oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilib kelinmoqda. Ushbu tashabbus elektron savdolarining yangi shakllarini joriy etish va treyderlik kasbi yoʻnalishida yoshlar uchun yangi ish joylarini yaratish imkonini beradi.

Abdurauf QORJOVOV,

iqtisodiy sharhlovchi