Keyingi yillarda jonajon Oʻzbekistonimizga eʼtibor va hurmat doirasi kengayib borayotir. Ilgari muayyan mam­lakatlar bilan aloqa qilgan boʻlsak, endi BMTga aʼzo davlatlarning deyar­li hammasi bilan diplomatik aloqalar oʻrnatilib, oʻzaro manfaatli hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda. Ayniqsa, dunyoning eng qudratli davlatlari va eng nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda­gi ulugʻvor ishlar, ularning natijalari jahon ahlini hayratga solmoqda, qoyil qoldirmoqda. Bundan kimlardir xursand, kimlardir unchalik mamnun emas. Bu ham tabiiy holat. Zotan, hayot oq-qoradan ibo­rat, har bir inson kabi har qanday dav­latning doʻstlari bilan birga raqiblari ham boʻladi. Binobarin, hammaga birday yoqadigan insonni topish qiyin, bunday davlatni izlash esa undan-da mushkul.

Xoʻsh, Oʻzbekistonimizning jahon uzra obroʻsi, nufuzi oshib borayotganining sa­babi nimada? Axir bunday hurmatga loyiq koʻrilish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi! Dunyoga taʼsir oʻtkazayotgan yetakchilar bilan mu­zokara oʻtkazadigan davlatlar rahbarla­ri ham kamida oʻshalar darajasida, kerak boʻlsa, ulardan-da keng, teran fikrla­mogʻi, pozitsiyasini aniq-tiniq bayon etib, qatʼiy himoya qilmogʻi lozim. Shundagina ular tan oladi va tengma-teng muloqot qi­lishga majbur boʻladi.

Xuddi mana shunday holatlarda Prezi­dentimizning xalqaro miqyosda tan olin­gan liderligi, davlat rahbari sifatidagi kuchli siyosiy irodasi, aniq pozitsiyasiga ega ekani, bu pozitsiya zamirida xalqi­miz manfaati mujassam topgani namoyon boʻladi. AQSH davlat rahbari ijtimoiy tarmoqlarda Prezidentimiz haqida sami­miy, ijobiy fikrlar yozgani bejiz emas.

Davlatimiz rahbarining qatʼiy siyo­sati, metin irodasi, tinimsiz saʼy-ha­rakati tufayli nainki mamlakatimiz, balki butun dunyo uchun ahamiyatli boʻlgan tarixiy voqealar amalga oshirilmoqda. Shulardan baʼzilari xususida muxtasar fikr yuritamiz.

Kuz fasli, yaʼni sentyabr, oktyabr, no­yabr oylaridagi voqealarga nazar solay­lik. Prezidentimiz sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 80 yillik yubileyi sessiyasida ishtirok etdi va nutq soʻzladi. Ahamiyatli tomoni shundaki, davlatimiz rahbari ushbu xalqaro tashkilot minba­rida bu gal ham oʻzbek tilida — ona ti­limizda gapirdi. Buning zamirida katta maʼno-mazmun bor. Bu bilan Prezidenti­miz ona tilimiz nihoyatda boy, goʻzal, ja­rangdor, nafis til ekanini yana bir karra namoyon etdi. Bu oʻsha xalqaro anjumanda ishtirok etgan barcha davlatlar vakillari ongiga singdi. Bu gʻururimizni oshiradi, qalbimizni iftixor bilan toʻldiradi.

Buning sabablari maʼlum: sobiq itti­foq davrida BMT u yoqda tursin, oʻz yur­timizda — Oʻzbekistonimizda boʻladigan majlislaru turli tadbirlarda ona tili­mizda gapirolmas edik. Rasmiy tadbirlar tugul uch-toʻrt kishining oʻzaro gurunglari­da ham, ulardan biri boshqa millat vaki­li boʻlsa, oʻshaning tilida suhbat qurishga majbur edik. Shunday ekan, jahonning eng oliy tashkiloti, agar shunday deyish joiz boʻlsa, minbarida ona tilimiz ja­ranglashi tarixiy voqea. Zero, har qanday davlatning mustaqilligini belgilovchi muhim omillardan biri uning tilidir.

Bu voqeaning ahamiyatini barcha yurtdoshlarimiz teran anglab yetmaganga oʻxshaydi. Negadir shunaqa unutilmas, tarixiy voqea sifatida qayd etiladigan hodisalarga bir oz eʼtiborsiz qaraymiz, goʻyo har doim shunday boʻlib kelgandek. Holbuki, bundan barchamiz birday sevin­mogʻimiz kerak, hatto bir-birimizni qut­lasak ham arziydi. Uning oʻrniga har xil mayda-chuydalar, maishiy masalalar haqi­da gapiramiz, yozamiz, shular yuzasidan bahslashamiz.

Prezidentimizning AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi va unda kelishilgan masalalar, BMT Bosh Assam­bleyasining 80 yillik yubiley sessiyasi doirasida AQSHning yetakchi korporatsiyalari va banklari rahbarlari bilan muloqotlarda erishilgan natijalarga koʻra, umumiy qiymati 100 milliard dol­lardan ortiq shartnomalar va istiqbol­li loyihalar shakllantirilgani haqida yozildi, gapirildi, ularning natijalari haqida hali koʻp yoziladi, gapiriladi.

YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi soʻnggi qirq yilda birinchi marta tashkilotning Parijda joylash­gan qarorgohidan tashqarida — qadimiy Samarqand shahrida boʻlib oʻtgani tom maʼnodagi tarixiy voqeadir. Bu xalqaro anjuman ham davlatimiz rahbarining ta­shabbusi va saʼy-harakati bilan amalga oshirildi. Unda 180 dan ziyod mamlakatdan 4600 vakil ishtirok etdi. Ushbu anjuman YUNESKO Bosh konferensiyasi sessiyala­rida eng koʻp vakil qatnashgan tadbir si­fatida eʼtirof etildi.

Bu bejiz emas. Samarqandga kelgan­lar YUNESKO tadbirlarida qatnashish bahonasida qadimiy kentimizning noyob meʼmoriy obidalari va zamonaviy Sa­marqandni, bu yerdagi bunyodkorlik ishla­rini koʻrib ketadi. Sohibqiron Amir Temur saltanatining poytaxti boʻlgan Samarqandni ziyorat qilish dunyodagi har bir maʼrifatli insonning orzusidir. Bu shaharga keluvchilar soni yildan yilga koʻpayib borayotgani ham shundan dalolat beradi.

YUNESKO sessiyalarida Samarqand­ning yoshi 3000-yildan ziyod ekani eʼtirof etilgani ham bejiz emas. Prezidenti­miz YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilish marosimida qayd etganidek, bunday nufuzli anjumanning Samarqandda oʻtkazilgani YUNESKOga aʼzo davlatlarning yangi Oʻzbekistondagi keng koʻlamli, jadal islohotlar va ular­ning natijalarini koʻrishga qiziqishi, ishonchi ortib borayotganidan dalolatdir.

Ikki hafta davomida Bosh konfe­rensiya sessiyasi majlislari bilan bir qatorda 150 dan ziyod seminarlar, kon­ferensiyalar, xalqaro koʻrgazmalar va boshqa tadbirlar boʻlib oʻtdi. YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasida bir necha muhim qarorlar qabul qilindi. Jumladan, Butunjahon turkiy tillar kunini taʼsis etish toʻgʻrisida rezolyu­siya qabul qilindi. Bu butun turkiy xalqlarni (ular 200 milliondan ziyod) quvontirdi. Ushbu masala Bosh konfe­rensiya sessiyasi kun tartibiga Ozarbay­jon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya va Oʻzbekiston tomonidan YUNESKOga aʼzo 21 davlat qoʻllab-quvvatlashi orqa­li kiritilgan. Ushbu tarixiy qaror ay­nan Samarqandda qabul qilingani ham davlatimizning xalqaro miqyosdagi nu­fuzi oshib borayotganiga yana bir yorqin misoldir. Endi barcha turkiy tilli xalqlar har yili 15-dekabrda ushbu kun­ni bayram sifatida nishonlaydi.

Samarqandda oʻtgan ushbu nufuzli anju­manda mazkur xalqaro tashkilotning yangi Bosh direktori saylandi. Ushbu lavozimga misrlik olim va siyosiy arbob Xolid al-Ananiy saylandi. Prezidentimiz 12 no­yabr kuni Xolid al-Ananiyni qabul qildi va uni yangi lavozim bilan tabriklab, kel­gusi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi. 2017-yildan buyon YUNESKOga rahbarlik qilib kelgan Odri Azule xonim Prezidentimiz farmoniga binoan Oʻzbekiston va YUNESKO oʻrtasida fan, taʼlim va madaniyat sohala­ridagi hamkorlikni mustahkamlash, xalqi­mizning boy madaniy merosini keng omma­lashtirish ishlariga qoʻshgan katta hissasi uchun davlatimizning “Doʻstlik” ordeni bi­lan mukofotlandi.

Kuzning soʻnggi oyida mamlakatimizda yana bir tarixiy voqea roʻy berdi. 13-noyabr kuni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiya­si markazida “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros — umumiy ke­lajak” mavzusida xalqaro kongress boʻlib oʻtdi. Prezidentimiz kongress ishtirok­chilariga tabrik yoʻlladi. Unda, jumladan, bunday deyiladi: “Mazkur anjuman yangi barpo etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida boʻlib oʻtayot­gani albatta bejiz emas. Ushbu muazzam majmuada uch ming yildan ziyod shonli tarix, jumladan, mintaqamiz zaminida­gi Birinchi va Ikkinchi Renessans davr­larini, shuningdek, Yangi Oʻzbekiston­ning bugungi taraqqiyoti va kelajagini mujassam etgan noyob intellektual-maʼ­naviy maskanda Sizlar bu haqiqatni yaqqol his qilishingiz mumkin”.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu markazda islom si­vilizatsiyasiga oid noyob manbalar, ilmiy tadqiqot va taʼlim yoʻnalishlari jamlan­gan. Milliy meʼmorlik anʼanalari va za­monaviy arxitektura uygʻunligida barpo etilgan mazkur mahobatli majmuaning toʻrt tomonida 34 metrli peshtoqlar, oʻrta qismida 65 metrli gumbaz qad rostlagan.

Xalqaro kongress qatnashchilari ushbu markaz zallarini hayrat va havas bilan tomosha qildi. Zamonaviy texnologiya­lar asosida tarix “jonlantirilgani” mehmonlaru mezbonlarni lol qoldirdi. Markazdagi maʼlumotlaru sharoitlarni koʻrgan kishi moʻjizalar olamiga tushib qolganday his etadi oʻzini. Darhaqiqat, bu yerdagi har bir zalda, har bir yoʻlakda, qisqasi, har qadamda moʻjizaga duch kela­siz...

Maʼlumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yilda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari­ning Maslahat uchrashuvlari formati yoʻlga qoʻyilgan edi. Mazkur Maslahat uch­rashuvining yettinchisi 15-16-noyabr kun­lari Toshkentda boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvga raislik qilgan Prezidentimiz mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha qator muhim takliflarni ilgari surdi. Sammitda Ozarbayjon Respublikasi Maslahat uchrashuvlari for­matiga toʻla huquqli aʼzo sifatida qabul qilindi.

BMTning Markaziy Osiyo mamlakatla­ri boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari Koxa Imnadze BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning murojaatini oʻqib eshit­tirdi.

Uchrashuv arafasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqola­si eʼlon qilindi. Unda mintaqamiz dav­latlarining oʻzaro hamkorligi natijalari aniq misollar asosida tahlil qilingan, kelgusidagi vazifalar belgilab berilgan. Maqolada, jumladan, bunday satrlar bor: “Maslahat uchrashuvlari formati yoʻlga qoʻyilgan 2017-yil mintaqaviy hamkor­lik tarixida tub burilish yasadi. Min­taqa yetakchilari koʻp yillar mobaynida birinchi marta tashqi vositachilarsiz tizimli va muntazam muloqotni boshla­dilar. Bu ishonchga, ochiqlik va umumiy manfaatlarni anglashga asoslangan yan­gicha siyosiy tafakkur ramziga aylandi. Aynan Maslahat uchrashuvlari doirasi­dagi muloqot tufayli eski davrdan qol­gan bir qator kelishmovchiliklarni bar­taraf etish va ishonchsizlikdan haqiqiy hamkorlikka oʻtishga erishildi”.

Darhaqiqat, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining doimiy uchrashuvlari, oʻzaro ochiq muloqotlari naqadar yuksak natijalar berayotganini, ular mintaqamiz aholisi manfaati uchun xizmat qilayotganini xalqlarimiz oʻz hayotida koʻrib turibdi. Bu hamkorlik davlatlarimiz taraqqiyotida ham oʻz ifodasini topmoqda. Zero, xalqimizning “Birlashgan oʻzar” degan hikmatida teran maʼno- mazmun mujassam.

Markaziy Osiyo davlatlari Prezident­lari — Shavkat Mirziyoyev, Qosim-Jomart Toqayev, Imomali Rahmon, Sadir Japarov va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev 15-noyabr kuni Islom si­vilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmonlar “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Re­nessans”, “Ikkinchi Renessans” va “Yangi Oʻzbekiston — yangi Renessans” boʻlimla­rini koʻzdan kechirdi.

Qisqasi, bu yilgi kuz mamlakatimiz ha­yotida unutilmas, tarixiy voqealarga boy boʻldi. Shunisi ayonki, tinchlik-xotirjam­lik bor yurtda ana shunday quvonarli, butun jahon eʼtiborini tortadigan va havasini keltiradigan tadbirlar oʻtkaziladi. Oʻz­bekistonimiz ana shunday yurt — “olamni mahliyo aylagan diyor” (A.Oripov). Shuning uchun bu yurtda taraqqiyot bor, kelajakka ishonch bor. Bu yurtda barcha saʼy-harakatlar inson manfaatlariga, uning baxtli, faro­von yashashiga yoʻnaltirilgan.

Mamatqul HAZRATQULOV,

Oʻzbekiston Respublikasida

xizmat koʻrsatgan jurnalist