Ijtimoiy yo'naltirilgan zamonaviy bozor iqtisodiyotida kichik biznes muhim o'rin tutadi. Eng avvalo, mazkur soha bozor kon'yunkturasi o'zgarishlariga tez moslasha oladi hamda raqobatchilik muhitini shakllantiradi, xaridorlarga yangidan yangi tovarlar va xizmatlarni taklif etishi barobarida ishchi o'rinlari tashkil etishning muhim manbai hisoblanadi.

Mamlakatimizda har yili yaratilayotgan ish o'rinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga to'g'ri kelyapti. Hozirgi kunda ushbu tarmoqda 5 milliondan ziyod aholi, ayniqsa, yoshlarning mehnat qilayotgani uning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotdagi o'rni ham ortib borayotganini ko'rsatadi. Shu bois yurtimizda kichik biznesni rivojlantirishni rag'batlantirishga, xususiy tadbirkorlik huquqlarining kafolatlari va himoyasining kuchli tizimini yaratishga katta e'tibor berilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 15-sentyabrda qabul qilingan ”Tadbirkorlik sub'ektlari uchun ma'muriy va soliq yukini yanada kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni ham ham ana shu maqsadlarga xizmat qiladi.

Soliqchi ko'makchi

 Behzod BOTIRALIYEV:

Davlat soliq qo'mitasi bosh inspektori :

— Mazkur farmonda tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlash,“Soliqchi — ko'makchi” tizimi orqali ularga nisbatan ma'muriy va soliq yukini kamaytirishga ham alohida e'tibor qaratilgan. Unga asosan, 2021 -yil 1-oktyabrdan boshlab qat'iy belgilangan miqdordagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'i to'lovchisi bo'lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan  soliq hisobotini topshirish majburiyati bekor qilinadi. Buning natijasida 2000 ming nafar tadbirkor har chorakda hisobat topshirishdan ozod etiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi qarori bilan to'qimachilik, charm-poyabzal, maishiy texnika kabi 13 turdagi iste'mol tovarlariga import qilingandan so'ng 12 oy o'tgach sotuvga qo'yilishi hamda chakana savdoda realizatsiya qilinishiga taqiq qo'yilgan edi. Lekin turli sabablarga ko'ra, tadbirkorlik subyektlarining mazkur tovarlari bir yil o'tishiga qaramay sotilmay, omborlarda turib qolgan. Bu esa, o'z-o'zidan ularning zarar ko'rib ishlashlariga olib kelgan.

Endilikda farmon bilan ana shu 13 turdagi iste'mol tovarlarini sotuvga qo'yish va realizatsiya qilish taqiqi bekor qilindi.

Ayni paytda respublikamiz hududlarida yakka tartibdagshi tadbirkorlik subyektlari tabaqalashtirilmagan holda, 270 000 so'm miqdorida ijtimoiy soliq to'lab kelayotgan edi.

Qabul qilingan hujjatga muvofiq, 2022-yil 1-yanvardan 2023-yil 1-yanvarga qadar respublika tumanlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorlik sub'ektlariga belgilangan ijtimoiy soliq stavkasi ikki baravarga pasaytirilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi, ya'ni 135 000 so'm miqdorida tzlagnishi belgilanadi.

Ochiq, shaffof va xolis nazorat

Farid NAZIROV, 

O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bo'lim boshlig'i:

— Farmonda tadirkorlik sub'ektlari faoliyatini nazorat qilish tartibining soddalashtirilishi bilan bog'liq bir qancha o'zgarishlar o'z ifodasini topgan. Xususan, 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab 7 turdagi vazirlik va idora hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining 16 turdagi nazorat funktsiyalari bekor qilindi.

Bundan tashqari, tadbirkorlik sub'ektlarini tekshirish bo'yicha davlat nazorati funktsiyalari ro'yxati turli qonunchilik hujjatlari, shu jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari bilan belgilangan bo'lsa, endilikda mazkur ro'yxat qonun bilan tasdiqlanishi, bunda, tegishli qonun qabul qilingandan so'ng ro'yxatga kiritilmagan davlat nazorati funktsiyalarini amalga oshirishga yo'l qo'yilmasligi belgilandi.

Bu esa, hududlarda turli xil huquqni qo'llash amaliyotining chek qo'yilishiga hamda tekshirishlarda yagona yondashuvning vujudga kelishiga olib keladi. Shuningdek, vakolatli organni xabardor etish tartibida o'tkaziladigan tekshiruvlar ro'yxatiga fuqarolarning hayoti va sog'lig'iga, jamoat xavfsizligi, atrof-muhitga zarar etkazish xavfining oldini olish uchun kechiktirib bo'lmaydigan nazorat tadbirlarini o'tkazish bilan bog'liq tekshiruvlar kiritilishi qat'iy belgilab qo'yildi.

Qayd etish kerakki, 2022-yil 1-yanvardan nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini belgilangan tartibda tasdiqlangan savolnoma bo'yicha tekshirish ishlarini olib boradi. Bu esa, o'z navbatida, nazorat qiluvchi organning tadbikorlik sub'ektini faqat belgilangan doirada tekshirishiga hamda nazorat ob'ekti bo'lmagan sohasiga aralashishining oldini oladi.

Tekshirishlarni ro'yxatga olish kitobining hisobi elektron tarzda yuritiladi, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlarni o'tkazishga qonunbuzilishlarga yo'l qo'yilishini oldini olish bo'yicha profilaktika tadbirlari belgilangan tartibda o'tkazilgandan so'ng yo'l qo'yiladi. Bundan soliq tekshiruvlari, jinoyat ishlari va tezkor-qidiruv faoliyati doirasida, shuningdek, qonunchilik hujjatlari buzilishi haqidagi murojaatlar va ma'lumotlar asosida o'tkaziladigan tekshiruvlar mustasno hisoblanadi.

Bugungi kunga qadar o'tkaziladigan tekshiruvlarning ochiqligi, oshkoraligi va xolisligini ta'minlovchi, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o'tkaziladigan tekshiruvlarning tashkiliy jihatlari va tartib-taomillarini kompleks tartibga solish hamda ularning qonuniyligi monitoringini olib borishning yagona yaxlit tizimi mavjud emasligi nazorat qiluvchi organlar faoliyatining shaffofligini ta'minlash va o'tkaziladigan tekshiruvlarning asosliligini xolis baholash imkonini bermay kelayotgan edi.

Endilikda farmon bilan mas'ul vazirlik va idoralarga 2022-yil 1-aprelga qadar “YAgona davlat nazorati” axborot tizimini ishlab chiqish va ishga tushirish vazifasi belgilandi. Ushbu tizim, o'z navbatida, tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bog'liq katta hajmdagi ma'lumotlarni yig'ish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beribgina qolmay, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslarning elektron reestrlarini yuritish, tekshiruvlarni elektron ro'yxatga olish, tadbirkorlik sub'ektlarini tegishli majburiy talablar bo'yicha onlayn o'qitish va nazorat qiluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladigan tekshirishlarning belgilangan tartibda o'tkazilishini baholash imkonini beradi.

Tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini nazorat qilish faoliyati bilan bog'liq bu kabi yengilliklar kelgusida, albatta, ular tomonidan erkin  va davlat organlariga suyangan holda faoliyat yuritilishini ta'minlashga xizmat qiladi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ”Tadbirkorlik sub'ektlari uchun ma'muriy va soliq yukini yanada kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga binoan,  2022-yildan tadbirkorlik subyektlariga ma'muriy bosim darajasini aniqlash va yengillashtirish, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan Tadbirkorlik faoliyati erkinligi indeksi joriy etiladi.

Mazkur hujjat bilan tadbirkorlik faoliyatini yuritishni engillashtirish va biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo'yicha “yo'l xaritasi” tasdiqlandi.

Abdurauf QORJOVOV,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri