Intilganga tole yor derlar,

Vale har kim elda dostonmas.

Chin shoirlar, sheryurak erlar,

Bobur boʻlish, ammo osonmas.

 

Bu olamning shohlari ichra,

Hech kimda yoʻq Bobur bayoti.

Yashar Bobur ohlari ichra,

Adabiyot abadiyoti.

 

Tangri asli Boburni Hindga,

Bosqinchimas, baxt qilib berdi.

Tojmahalni azal-abadga,

Goʻzalikka taxt qilib berdi.

 

Qirq sakkiz yil umrini dogʻlab,

Qirq sakkiz ming azobdan aytdi.

Goh qalamin qonda siyohlab,

Sheʼr sehri-la gʻazabdan qaytdi.

 

“Boburnoma” – Vatan suvrati,

Tafakkurning bir gavharidir.

Asrlarning asil hayrati,

Shoh va shoir shoh asaridir.

 

Nvoiyning nomida oʻzbek

Millat boʻlib gʻururda yashar.

Dil koʻkida porlagan nurdek,

Boburni ham ardoqlar bashar.

 

Jahongirlar koʻpdir jahonda,

Lek Boburdek qalbi jahonmas.

Ming azobda, ming bir imkonda,

Bobur boʻlish axir osonmas.

Mahmud TOIR,

Oʻzbekiston xalq shoiri