O'zbekiston belbog'li kurash federatsiyasi, Bog'dod tumani hokimligi bilan hamkorligidagi mazkur ochiq turnirda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va qo'shni Qirg'iz Respublikasidan 150 ga yaqin polvonlar g'oliblik uchun kurash tushdi.
Yuqori saviyada tashkil etilgan turnirda polvonlar belbog'li kurashning klassik yo'nalishida 60, 70, 80, 90, +90 kg. vazn toifalarida ishtirok etdi.
Murosasiz va qizg'in bahslarga boy tarzda o'tgan bellashuvlarning so'nggi natijalariga ko'ra, quyidagi polvonlar o'z vazn toifalarida barcha raqiblaridan ustun kelib, shohsupaning eng yuqorisidan joy egallashdi.
60 kg. – Husniddin Vahobov (Farg'ona)
70 kg. – Nusrat Sultonboev (Andijon)
80 kg. – Bekzod Abdug'aniev (Farg'ona)
90 kg. – Husniddin Ro'ziev (Andijon)
+90. – Obidali Mavlonov (Farg'ona)
Shuningdek, qirg'izistonlik polvonlardan bir nafari – 60 kg. vaznda ishtirok etgan Raman Saparov ham uchinchi o'rinni band etdi.
Kuchli uchlikdan joy olgan polvonlar turnir tashkilotchilari tomonidan medal`, diplom va qimmatbaho esdalik sovg'alari bilan mukofotlanishdi.
eslatib o'tamiz, Bog'dod tumanida 8-9 oktyabr kunlari 2003-2004 yillarda tug'ilgan o'g'il bolalar va qizlar o'rtasida mamlakat kubogi bahslari ham o'tkazilgan edi.
Miranshoh RO'ZIEV,
Farg'ona viloyat belbog'li kurash federatsiyasi bosh kotibi,
musobaqa bosh hakami:
– Bog'dod tumanida tashkil etilgan bellashuvlar yuqori saviyada o'tishida avvalo Farg'ona viloyati hokimligiga, tuman hokimligiga, Respublika belbog'li kurash federatsiyasiga o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Tumanda uch kundan buyon sport bayrami, desak muobalag'a bo'lmaydi. 8-9 oktyabr` kunlari o'smirlar o'rtasida mamlakat kubogi bahslarini, bugun esa ochiq turnirni chiroyli tarzda o'tkazdik. Albatta, bu kabi musobaqalar yoshlar o'rtasida jismoniy tarbiya va sportni, xususan, milliy sport turimiz bo'lgan belbog'li kurashni yanada rivojlanishiga xizmat qiladi. Qolaversa, terma jamoalarimiz uchun iqtidorli polvonlarni saralash vazifasini ham o'tab beradi.
Ilhom RAHMONOV tayyorladi