Xorij mahsulotlari o'zimizda ishlab chiqariladigan uskunalardan anchagina qimmat turadi. Buning ustiga, mamlakatimizga kirgunicha unga belgilangan miqdordagi boj to'lovi ham qo'shiladi. Biznes egasi shu asbob-uskunani mahalliy bozordan xarid qilay desa, o'zimizda uning muqobili ishlab chiqarilmaydi.
Shu holatni hisobga olib, 2020 yil 27 noyabrda Vazirlar Mahkamasining “O'zbekiston Respublikasida o'xshashi ishlab chiqarilmaydigan chetdan olib kiriladigan texnologik asbob-uskunalarga bojxona boji va qo'shilgan qiymat solig'i bo'yicha imtiyozlar berish mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat asosida respublika hududiga chetdan olib kirishda ularning o'nta raqamdan iborat TIF TN kodi va asosiy parametrlarini ko'rsatgan holda import bojxona boji va qo'shilgan qiymat solig'idan ozod qilinadigan texnologik asbob-uskunalarning ro'yxati tasdiqlandi. Xo'sh, bu bilan tizimdagi qanday muammolar o'z echimi topadi?
— Mazkur qaror orqali mamlakatimiz hududiga bojxona to'lovlaridan (import bojxona boji hamda QQSdan) imtiyoz qo'llanilgan holda olib kiriladigan texnologik jihozlarning aniq parametr va nomlari belgilab berildi, — deydi Toshkent shahri bojxona boshqarmasi to'lovlar bo'limi xodimi Nodir Qo'chqorov. — Bu bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshiruvchi postlarda qarorning turlicha talqin qilinishi hamda munozarali vaziyatlar kelib chiqishining oldini oladi. Shuningdek, chetdan olib kiriladigan texnologik asbob-uskunalarga bojxona imtiyozlari berish mexanizmi takomillashadi hamda ularni mahalliy ishlab chiqarish yo'lga qo'yilishidan manfaatdorlik oshadi.
Mahsulot ekspertizasi
Tadbirkor import qilinayotgan texnologik asbob-uskunaning o'xshashlari ishlab chiqarilishi mamlakatimizda mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash maqsadida ekspertizadan o'tkazish uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKga murojaat qiladi. Markaz tomonidan o'xshash texnologik asbob-uskuna ishlab chiqarilishi mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash maqsadida ekpertizadan o'tkazish natijasi bo'yicha xulosa beriladi. ekspertiza ikki yo'nalishda — texnologik asbob-uskunani ro'yxatga kiritish hamda ro'yxatdan chiqarish maqsadida o'tkaziladi.
Bunday xulosa ikki ish kuni mobaynida amalga oshiriladi. SHuni ham ta'kidlash kerakki, markaz bir yilda kamida bir marta majburiy tartibda ro'yxatni ekspertizadan o'tkazadi va texnologik asbob-uskunani Davlat statistika qo'mitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi va “O'zstandart” agentligi hamda manfaatdor vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organlaridan ishlab chiqaruvchilar to'g'risida olingan ma'lumotlar asosida ro'yxatdan chiqarish taklifi bilan chiqadi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatdor
Muayyan soha yoki yo'nalishga beriladigan imkoniyat boshqasiga salbiy ta'sir qilishi mumkin. Masalan, biror joyimiz og'rib, uni davolash uchun dori ichsak, tanamizning boshqa a'zosi bundan jabr ko'rishi ham bor gap. Bozorda ham shunday: ba'zida import qilinuvchi mahsulot bojining kamayishidan ayrim mahalliy tadbirkorlar ziyon ko'radi.
Qarorda nazarda tutilgan imtiyozlar yangi texnologik asbob-uskunalarga qo'llanilishi hamda bitta shartnomaga muvofiq, mazkur texnologik asbob-uskunalar bilan birga, ularning ajralmas qismi sifatida etkazib berilgan butlovchi va ehtiyot qismlarga ham tatbiq qilinishi belgilangan.
— Qarorda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish maqsadida, agar shu turdagi asbob-uskunalar import qilinganda, bojxona to'lovlaridan imtiyoz qo'llash ko'zda tutilmagan, — deydi Nodir Qo'chqorov. — Unga muvofiq, importyordan chetdan olib kelinayotgan texnologik asbob-uskunalar uchun bojxona to'lovlari (import bojxona boji hamda QQS) undirilmaydi. Natijada respublika hududiga kirib kelayotgan tovar narxiga faqatgina transport tashish xarajatlari qo'shiladi. Bu esa texnologik asbob-uskunalar tannarxi sun'iy oshib ketishining oldini olish barobarida ular yordamida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardosh va arzon bo'lishiga zamin yaratadi.
Importyor foydasi
Demak, ishlab chiqaruvchilar har tomonlama foyda ko'radi. SHunday bo'lgach, tabiiy ravishda texnikalarni chet eldan olib kirib, biror tadbirkorlikni yo'lga qo'ymoqchi yoki ularni sotib, foyda ko'rmoqchi bo'lgan importyor uchun buning qanday manfaati bor, degan savol tug'iladi.
Masalan, ishbilarmon tomonidan 50 ming AQSH dollariga teng texnologik jihoz import asosida olib kelinsa, unga nisbatan ushbu qaror bilan faqatgina QQSdan 15 foiz miqdorda imtiyoz qo'llanilgan taqdirda 7500 AQSH dollari (bugungi kundagi Markaziy bank kursi bo'yicha taxminan 76 million so'm) miqdoridagi mablag' tadbirkorning o'z ixtiyorida qolishiga olib keladi. Bu esa, o'z navbatida, tadbirkorga qo'shimcha ish o'rnini yaratish, ishlab chiqarishni kengaytirish, arzon va raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish, bozorda o'z o'rnini tezda topishiga yordam berishi mumkin.
Yuqorida ta'kidlanganidek, o'xshashi ishlab chiqarilmaydigan texnik jihozlarga bojxona boji va qo'shilgan qiymat solig'i bo'yicha imtiyozlar berilishi orqali bozorda narxlar sun'iy oshib ketishining oldi olinadi. Qolaversa, chet el uskunalari bilan ishlab chiqarishni yo'lga qo'yayotgan tadbirkor uchun ham engillik beradi. Demak, bu mahalliy mahsulotlar tannarxiga ham ijobiy ta'sirini ko'rsatadi.
O'zbekiston kioto xalqaro konventsiyasiga qo'shildi
Bojxona sohasida xalqaro munosabatlarning o'ziga xos o'rni bor. SHu yilning 21 dekabr kuni Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va uyg'unlashtirish to'g'risidagi xalqaro konventsiyaga (Kioto, 1973 yil 18 may, 1999 yil 26 iyunda qabul qilingan o'zgartirishlar bilan) O'zbekiston Respublikasining qo'shilishi to'g'risida”gi Qonun bilan mamlakatimiz Kioto xalqaro konventsiyasiga a'zo bo'ldi.
Qonunga ko'ra, O'zbekiston ushbu xalqaro Konventsiyaga qo'shimcha shart bilan (Tovarlarni kabotaj tashish bobini mustasno qilgan holda) qo'shiladi.
Ma'lumot uchun, Kioto konventsiyasi 1973 yil 18 mayda Kioto shahrida qabul qilingan bo'lib, unga 1999 yil 26 iyunda o'zgartirishlar kiritilgan. 2006 yil 3 fevralda yangi tahrirda kuchga kirgan. Bugungi kunda Xalqaro bojxona tashkilotiga a'zo 183 ta davlatdan 121 tasi, shuningdek, 7 ta MDHga a'zo davlat (Ozarbayjon, Armaniston, Belarus`, Qozog'iston, Rossiya, Tojikiston va Ukraina) mazkur konventsiyaga qo'shilgan.
Konventsiyaga a'zo bo'lish bojxona tartibotlarini soddalashtirish va uyg'unlashtirish orqali tashqi savdo sub'ektlariga qulay shart-sharoitlar yaratishga zamin yaratadi.
Sohiba MULLAEVA,
“YAngi O'zbekiston” muxbiri