Bojxona omborlari nima uchun kerak?

    Mamlakatimizga import tarzida olib kirilayotgan tovarlarga tegishli ruxsat etuvchi hujjatlar, sertifikatlar olingunga qadar, shuningdek, bojxona toʻlovlari toʻlangunga qadar tovarlar vaqtincha saqlov uchun bojxona omborlariga joylashtiriladi.

    Bojxona ombori – bu maxsus jihozlangan va belgilangan joy boʻlib, binolarning hududini va (yoki) ochiq maydonchalarni oʻz ichiga olgan hamda tovarlarni bojxona nazorati ostida saqlashga moʻljallangan boʻladi. Qoidaga koʻra, bojxona omborlari ochiq yoki yopiq turda boʻlishi mumkin.

    Xususan, ochiq turdagi bojxona omboridan har qanday shaxslar foydalanishi mumkin. Yopiq turdagi bojxona omborida esa litsenziatning tovarlari saqlanadi, shuningdek, litsenziatning tarkibiy tuzilmalari tovarlarini ham joylashtirish mumkin .

    Bojxona omborlarini kimlar tashkil etishi mumkin?

    Taʼkidlab oʻtish joizki, bojxona ombori tashqi iqtisodiy faoliyat jarayonidagi muhim vositalardan biri hisoblanadi.

    Bojxona omborlari Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan tashkil etiladi. Bojxona ombori faoliyati bilan shugʻullanish uchun tadbirkorlik subyekti bojxona organlaridan litsenziya olishi lozim.

    Ushbu litsenziya Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni, Bojxona kodeksi va Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida beriladi.

    Oʻz navbatida tashkil etilayotgan bojxona ombori belgilangan litsenziya talablari va shartlariga muvofiq boʻlishi talab etiladi.

    Bojxona ombori boʻyicha litsenziya davogarlariga qonunchilik bilan qanday yengilliklar yaratildi?

    Ushbu yoʻnalishni tartibga solish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2020-yil 9-aprel kuni “Bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo doʻkoni faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilindi. Ushbu qaror bilan litsenziya davogarlariga bir qator yengilliklar yaratildi.

    Xususan, avvallari tadbirkorlar ushbu xizmatlardan foydalanish uchun ortiqcha vaqt va xarajat sarflagan holda bevosita bojxona organiga kelgan holda murojaat qilishgan boʻlsa, endilikda oʻzlariga yaqin boʻlgan Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali tegishli soʻrovnomalarni toʻldirgan holda murojaat qilishlari mumkin boʻldi.

    Bunda, soʻrovnoma toʻldirish jarayonida tadbirkorning majburiy toʻlovlar, shuningdek ijro hujjatlaridan qarzdorligi avtomatik ravishda tekshiriladi.

    Ilgari litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya daʼvogarining soʻrovnomasi kelib tushgan kundan boshlab oʻttiz kundan ortiq boʻlmagan muddatda qabul qilingan boʻlsa, endilikda yigirma kun ichida qabul qilinadi.

    Litsenziya shartnomasini tuzish jarayonida ortiqcha byurokratik holatlarni bartaraf etish maqsadida litsenziya shartnomasi – ommaviy oferta shaklida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joylashtiriladi.

    Bundan tashqari, tadbirkorlar tomonidan kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqishning har bir bosqichi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan nazorat qilib boriladi.

    Mazkur davlat xizmatlarining Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali joriy etilishi tadbirkorlik subyektlariga tezkor va sifatli davlat xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlaydi.

    Shuningdek, bojxona ombori faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya amal qilish muddati cheklanmagan holda berilishi belgilandi.

    Muqaddam tegishli hujjatlar qogʻoz nusxada taqdim etilar va litsenziya 5 (besh) yil muddatga berilar edi. Shu bilan birga, litsenziya olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar soni ham sezilarli ravishda qisqartirildi.

    Misol uchun, davlat yongʻin xavfsizligi va sanitariya nazorati idoralari xulosasi, bojxona omborlarida saqlanishi lozim boʻlgan tovarlar roʻyxati, bojxona omborining turi (ochiq yoki yopiq) haqidagi maʼlumotlar va boshqalar endilikda talab qilinmaydi.

    Shuningdek, bojxona omborlari inshootlarining bojxona rejimlaridan kelib chiqib zonalarga ajratilishi, inshootlarning ikkita qulf bilan qulflanishi kabi talablar ham bekor qilindi.

    Baxtiyor MURATOV,

    Toshkent shahar bojxona boshqarmasi

    boshligʻining birinchi oʻrinbosari