Aniqlanishicha, Bojxona kodeksidagi huquqiy boʻshliq tufayli tovarlarni reeksport qilishda (bojxona hududiga ilgari olib kirilgan tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan import bojxona bojlari va soliqlarini undirmasdan qaytarish yoki iqtisodiy siyosat choralarini qoʻllamasdan olib chiqish) korrupsion xavf yuzaga kelmoqda.

Bugungi kunda, tashqi iqtisodiy faoliyat (keyingi oʻrinlarda - TIF) subyekti amaldagi qonun hujjatlari talablari asosida biror-bir bojxona rejimi ostida olib kirilgan tovarni “reeksport” bojxona rejimi ostida respublikadan qayta olib chiqish imkoniyatiga ega.

Jumladan, “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan tovarlarni reeksport bojxona rejimi ostida olib chiqish tartibi qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq boʻlsagina amalga oshiriladi.

Bunda tovar yoki uni qayta ishlash mahsulotini bojxona organi identifikatsiya qila olsagina tovar reeksport qilinishiga yoʻl qoʻyiladi.

Shuningdek, ilgari erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarni reeksport qilish bojxona rejimiga joylashtirishga ayni bir vaqtning oʻzida qator talablar va shartlarga rioya etilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.

Bugungi kunda, TIF subyektining murojaati asosida reeksport bojxona rejimiga rasmiylashtirish uchun bojxona yuk deklaratsiyasi elektron tarzda bojxona postiga taqdim etiladi.

Biroq, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida amaldagi Bojxona kodeksining 33-moddasiga muvofiq tovarga qoʻyilgan talablardan biri sifatida keltirib oʻtilgan ishlatilmagan va taʼmirlanmagan tovarlarga istisno tariqasida tovarni qaytarishga sabab boʻlgan nuqsonlarni yoki boshqa holatlarni aniqlash uchun ishlatilganligini belgilashning aniq mezonlari mavjud emas.

Yaʼni, ushbu normaga asosan “tovarni qaytarishga sabab boʻlgan nuqsonlarni aniqlash uchun tovardan foydalanish” hollarini oʻrganish uchun mutaxassislar jalb qilinishi lozim boʻlgan murakkab jarayon hisoblanadi.

Bundan tashqari, “boshqa holatlarini aniqlash uchun tovardan foydalanish” hollarini oʻrganish esa keng tushuncha hisoblanib, har qanday holatni ushbu normaga moslashtirish mumkin.

Natijada, tovar haqiqatdan ham maqsadli ishlatilgan boʻlsada, uning nuqsonlarni aniqlash uchun foydalanganligi maqomi ostida deb qarash TIF ishtirokchisining shaxsiy qarashlariga bogʻliq boʻlib, korrupsiyaga oid xavf-xatarni keltirib chiqaruvchi omillardan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, xodim tomonidan oʻtkaziladigan bojxona koʻrigi jarayonida tovarlarni haqiqatdan ham yuqorida koʻrsatilgan maqsadlar uchun ishlatilganligiga baho berish murakkab jarayonlardan hisoblanadi.

Shu munosabat bilan, Bojxona kodeksning 33-moddasiga asosan, tovarni ishlatilishi va taʼmirlanishiga sabab boʻlgan aniq mezonlarni ishlab chiqilishi korrupsiyaga oid xavf-xatarlarning oldini olish choralaridan biri hisoblanadi.

Takomillashtirilishi lozim boʻlgan yana bir masala — bu yangi texnologik uskunalarni olib kirishda bojxona rasmiylashtiruvida aniq mezonlar belgilanishi.

Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 246-moddasi 7-bandi hamda Adliya vazirligida 2013-yil 20-martda 2436-son bilan roʻyxatdan oʻtgan “Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda import bojxona boji va QQSdan ozod qilinadigan texnologik jihozlar roʻyxatini tasdiqlash haqida”gi Qarori bilan tasdiqlangan texnologik jihozlar roʻyxatida keltirilgan tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda import bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinishi belgilangan.

Mazkur bojxona toʻlovlaridan imtiyozlar xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan bojxona hududiga olib kirilayotgan yangi texnologik uskunalar (“erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimida bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida, uning ishlab chiqarilgan yili 3 yildan koʻp boʻlmagan texnologik uskuna)ga tatbiq etib kelinmoqda.

Shu bilan birga, texnologik jihozlarning yangiligini tasdiqlash uchun xoʻjalik subyektlari tomonidan bojxona organlariga “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga bojxona rasmiylashtiruvi paytida olib kirilayotgan texnologik jihozning ishlab chiqarilgan yilini tasdiqlovchi ishlab chiqaruvchi zavodning texnik pasporti yoki jihozlarni ular tomonidan ishlab chiqarilganligi, shu jumladan, ishlab chiqarilgan yili toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan ishlab chiqaruvchining hujjati taqdim etish lozim.

Bugungi kunda, MDHga aʼzo boʻlmagan davlatlardan olib kelinayotgan texnologik jihozlarning aksariyati ishlab chiqaruvchining hujjati, yaʼni xati asosida bojxona toʻlovlaridan imtiyoz qoʻllanilib, bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilmoqda. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan ishlab chiqaruvchining xati elektron tarzda BYUDga ilova qilinib, bojxona organlarining axborot tizimiga yuboriladi. Lekin, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida xatning asllik darajasiga baho berish mexanizmi mavjud emas. Ushbu holat ham bojxona xodimining yakuniy xulosasiga, yaʼni inson omiliga sabab boʻlmoqda.

Shu bois, taqdim etilgan ishlab chiqaruvchi xatini asllik darajasini aniqlashning aniq mexanizmini ishlab chiqish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Buning natijasida esa tovarlar chiqarib yuborilganidan keyingi bojxona nazorati samaradorligini oshirish, korrupsiyaga oid xavf-xatarlarning oldi olish, davlat byudjetiga bojxona toʻlovlari tushumini oshirish, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan qasddan soxta hujjatlarni yuborish holatlarini keskin kamaytirish hamda bojxona qonunbuzilish xolatlari aniqlangan taqdirda javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash kabi ijobiy natijalarga erishish mumkin.

Tahlillar natijasida aniqlanishicha, bugungi kunda eksport koʻrsatkichlarining sunʼiy oshirilishi natijasida “soxta eksport” yuzaga kelmoqda.

Bugungi kunda, amaldagi qonunchilikka asosan, tovarlarni eksportga yoʻnaltirishni ragʻbatlantirish mexanizmlari joriy etilgan boʻlib, ushbu yoʻnalishda eksport operatsiyalari bilan shugʻullanuvchi TIF subyektlari bir qator soliq imtiyozlaridan foydalanib kelmoqda.

Jumladan, 2019-yil 1-yanvardan boshlab tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni, shu jumladan komissioner (ishonchli vakil) orqali realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumida eksport ulushi 15 foizdan yuqori boʻlgan yuridik shaxslar soliq solinadigan bazani tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksportga realizatsiya qilish hajmiga toʻgʻri keladigan foyda qismi yuzasidan yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi boʻyicha hamda yagona soliq toʻlovi boʻyicha kamaytiradilar.

Shuningdek, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni, shu jumladan, komissioner (ishonchli vakil) orqali realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumida hisobot davri yakuni boʻyicha tayyor mahsulot eksporti ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan yuridik shaxslarga ularning arizalariga koʻra eksportga moʻljallangan mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan xom ashyo, butlovchi buyumlar va materiallar importida qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashni bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab 120 kunga kechiktirish imkoniyati berilishi belgilangan.

Amaldagi imtiyozlardan foydalanish maqsadida eksport shartnomalari boʻyicha tovarlarning qiymati asossiz oshirilish holatlari kuzatilmoqda.

Olingan tahliliy maʼlumotlarga koʻra, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari boʻyicha eksport shartnomalari narxlari 20 baravarga oshirilgan holatlar aniqlangan. Shuningdek, 2020-yilda eksport shartnomalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorlik summalari jami eksport hajmining 0,8%ni tashkil etdi (2019-yilda 1,8%ni tashkil etgan).

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, eksport shartnomalari boʻyicha tovarlarning narxi asossiz oshirilishi quyidagi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi:

- foydalanilgan soliq imtiyozlari hisobiga davlat byudjetiga undirilayotgan soliq tushumining kamayishi;

- eksport koʻrsatkichlarining sunʼiy oshishi natijasida “soxta eksport”ning yuzaga kelishi;

- tashqi savdo aylanmasining eksport xajmi boʻyicha notoʻgʻri maʼlumotlar shakllanishi;

- shartnomalar boʻyicha pul tushumi taʼminlanmasdan muddati oʻtgan debitor qarzdorliklar shakllanishiga sabab boʻladi.

Yuqoridagilarga asosan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bojxona sohasidagi masalalar yuzasidan quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq deb hisoblaydi:

  1. Chet eldan xorijiy valyutadagi tushum tushishi kechiktirilishiga yoʻl qoʻygan eksport qiluvchilarga davlat soliq xizmati organlari tomonidan jarima qoʻllash choralarini kuchaytirish;
  2. TIF subyektlarining “qora roʻyxati”ni shakllantirib borish, ushbu roʻyxatga tushgan xorijiy korxonaga eksportni amalga oshirayotgan rezident korxonalar tomonidan debitor qarzdorligi bartaraf etilmagunga qadar tovarni faqat “oldindan toʻlov” shakli ostida yetkazib berish;
  3. Eksportga yoʻnaltirilgan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash qoidalarini belgilab beruvchi meʼyoriy hujjat loyihasini ishlab chiqish (statistik qiymat va tovarning haqiqiy bahosi bojxona qiymatidan shakllantirilishini nazarda tutish).