Ozarbayjonda boʻlib oʻtayotgan Oʻzbekiston madaniyati kunlari doirasida Boku shahridagi Ozarbayjon Milliy kutubxonasida Oʻzbek milliy adabiyoti ekspozitsiyasi tashkil etildi. Tadbirning ochilish marosimida ikki mamlakat madaniyat vazirlari va adabiyot sohasi vakillari ishtirok etdi.
Quvonarlisi, unda buyuk oʻzbek yozuvchisi Abdulla Qodiriyning ozarbayjon tilida qayta chop etilgan “Oʻtkan kunlar” romanining taqdimoti boʻlib oʻtdi.
“Asar ilk bor 1929-yilda ozarbayjon tiliga oʻgirilib, bir necha bor qayta nashr etilgan. Bu ikki xalq adabiyotining oʻzaro mushtarakligi mevasi. Asarda koʻtarilgan masalalar, tarixiy voqealar, qahramonlar taqdiri ozarbayjonliklarga ham begona emas. Shu sababli turkiy xalqlar ”Oʻtkan kunlar“ asariga qayta-qayta murojaat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, bu asarni butun turkiy xalqlarning adabiy mulki, deb aytsak xato boʻlmaydi”, deydi Qodiriyning nabirasi Xondamir Qodiriy.
Oʻzbek va ozarbayjon milliy adabiyoti vakillari, sanʼatshunos olimlar qatnashgan tadbir doirasida ikki mamlakatning adabiyot va kitobxonlik sohasida erishgan yutuqlari va hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.










