Oqibatda bolalarining huquqlari oʻz ota-onalari tomonidan oʻnglab boʻlmas darajada buzilmoqda. Bu kabi holatlar boʻyicha joriy haftada huquq himoyachisi Saodat Abduzokirova va bir guruh ota-onalar Bola huquqlari boʻyicha vakilning shaxsiy qabuliga murojaat qilishdi.

Qabulga kelgan onalar murojaatida, turmush oʻrtogʻi bilan ajrashganliklarini, farzandlari ularning qaramogʻida ekanligini, bolalarining taʼlim, dam olish, xalqaro sport musobaqalarida qatnashish va sogʻligʻini tiklash kabi masalalarida vaqtincha xorijga chiqishlarida oʻzlari bilan birgalikda turmush oʻrtoqlarining ham ruxsati kerakligini, biroq bolalarning otasi oradagi nizo tufayli sobiq turmush oʻrtogʻidan qasd olish maqsadida oʻz farzandiga xorijga chiqishi uchun ruxsat bermayotganligini yoki toʻlayotgan alimentidan voz kechishlarini talab qilayotganligini, bu esa, oʻz navbatida bolalarning erkin harakatlanish huquqlarini buzayotganligidan shikoyat qilishdi.

Hozirda ushbu muammoli holat boʻyicha Telegram kanali ochilganligi, unda ushbu muammoga duch kelgan 500 ga yaqin onalar Telegram kanali orqali bogʻlanishganini maʼlum qilishdi.

Endi bolani otaning ruxsatisiz chet davlatiga olib chiqish mumkinligi yoki yoʻqligi toʻgʻrisidagi masalaga toʻxtalsak, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yilning 26-dekabrdagi PQ-4079-sonli qaroriga 1-ilova “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi toʻgʻrisida«gi Nizomga muvofiq, voyaga yetmagan shaxslar xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirishda va xorijga chiqish uchun ota-onalari yoki vasiylar (homiylar)ning fuqaroning xorijga chiqishiga notarial tasdiqlangan roziligi xatini taqdim etishlari shartligi belgilab qoʻyilgan.

Maʼlumot uchun: Voyaga yetmaganlarni xorijga chiqishlari uchun biometrik pasporti bolaning tugʻilgan kunidan boshlab, bir yoshgacha — 2 yil muddatga, bir yoshdan 25 yoshgacha 5 yil muddatga beriladi. Ushbu biometrik pasportini olishda voyaga yetmagan bolaning ota-onasining notarial tartibda tasdiqlangan rozilik arizasi talab etiladi. Bunday ariza mavjud boʻlmasa, voyaga yetmagan bolani xorijiy davlatga olib chiqishga ruxsat berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi 73-moddasida ota-ona oʻz bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shartligi, ota-ona oʻz bolalarining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgarligi, ular oʻz bolalarining sogʻligʻi, jismoniy, ruhiy, maʼnaviy va axloqiy kamoloti haqida gʻamxoʻrlik qilishlari shartligi belgilab qoʻyilgan.

Lekin yuqoridagi holatlarda otalar tomonidan bolalarga nisbatan otalik huquqlari suiisteʼmol qilinayotganligi koʻzga tashlanmoqda.

Bola huquqlari boʻyicha vakil bolaning koʻchib yurish huquqiga oid amaldagi qonunchilikni takomillashtirish, ota-onalar oʻrtasida bolalarga nisbatan ota-ona huquqlari suiisteʼmol qilinishining oldini olish boʻyicha ishlarni kuchaytirish, bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish va onalarning murojaatlarini individual oʻrganish orqali qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritish zarurligi toʻgʻrisida xulosa qabul qilinishini maʼlum qildi.