Bolalar salomatligini mustahkamlashda tabiatdan bahra olish uchun gʻoyat qulay fursat

    Bo'sh vaqtda 20 Iyul 2023 2275

    Mamlakatimizda yangi Oʻzbekistonni barpo etishdek ulugʻ maqsadga erishish yoʻlida asosiy tayanchimiz boʻlgan yosh avlodga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish, ularga barcha sohalarda oʻz iqtidori va salohiyatini toʻliq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi.

    Yoshlarning bilim va iqtidori, ijodkorlik qobiliyatini rivojlantirish bilan bir qatorda, ularning mazmunli dam olishini tashkil etish va sogʻlomlashtirish ham zamonaviy talablarga mos ravishda amalga oshirilmoqda.

    Xususan, sogʻlomlashtirish oromgohlariga jalb etiladigan bolalarga koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish, bu yoʻnalishdagi ishlarni takomillashtirish va rivojlantirish dolzarb masalalar sirasidandir. Zero, yozgi taʼtil bolalar salomatligini mustahkamlash, tabiatdan bahra olish uchun gʻoyat qulay fursat sanaladi.

    Bugun yozgi taʼtil chogʻida mehnat jamoalari xodimlari farzandlariga oromgohlarga yoʻllanma berish yaxshi anʼanaga aylangan.

    “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati birlashgan kasaba uyushma qoʻmitasi hamda tizimdagi boshlangʻich kasaba uyushma qoʻmitalari ana shunday xayrli ishni yoʻlga qoʻygan.

    Aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan yozgi taʼtil davomida tizimda faoliyat koʻrsatayotgan ishchi-xodimlarning jami 2 ming farzandi sogʻlomlashtirilishi rejalashtirilgan.

    “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ birlashgan kasaba uyushma qoʻmitasi bergan

    maʼlumotlarga koʻra, taʼtil boshlanishi bilan xodimlar farzandlari yozgi sogʻlomlashtirish oromgohlariga navbat bilan yuborilmoqda. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasidan 61, Navoiy viloyatidan 85, Sirdaryo viloyatidan 270, Qashqadaryo viloyatidan 600 dan ortiq bola mamlakatimizning soʻlim hududlaridagi oromgohlarda dam olib qaytgan.

    Kuni kecha Qashqadaryo viloyatidagi “Muborak” IEM ishchi-xodimlarining 30 nafar farzandi Toshkent temir yoʻl vokzalidan Soliq qoʻmitasi tasarrufidagi “Gʻazalkent” bolalar sogʻlomlashtirish markaziga kuzatib qoʻyildi.

    Bu yerda bolalarni jismonan chiniqtirish, bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash uchun barcha sharoit yaratilgan.

    Oromgohda sport musobaqalari, turli viktorinalar, tanlovlar hamda boshqa qator madaniy-maʼrifiy tadbirlar uyushtiriladi.

    — Bolalar taʼtilni qanchalik mazmunli oʻtkazsa, bu ularning yangi chorakdagi faolligiga, fanlarni aʼlo baholarga oʻzlashtirishiga xizmat qiladi, — deydi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ birlashgan kasaba uyushma qoʻmitasi raisi Anvarjon Rustamov. — Buning uchun qator madaniy-maʼrifiy tadbirlar bilan birga, turli sport musobaqalari oʻtkazish ham yaxshi anʼanaga aylangan. Musobaqalar, eng avvalo, oʻgʻil-qizlarimizni sogʻlom turmush tarziga rioya etishga chorlaydi. Qolaversa, jismoniy tarbiyaga oshno boʻlgan oʻquvchining irodasi mustahkam, ruhi tetik, yuragi baquvvat boʻladi.

    Bir soʻz bilan aytganda, yozgi sogʻlomlashtirish oromgohlarida oʻquvchi yoshlarni maʼnan barkamol, yetuk inson qilib tarbiyalash uchun zarur sharoitlar muhayyo. Dam olish davomida bolajonlar milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va anʼanalarimizni targʻib qiluvchi tadbirlarda ishtirok etadi. Maxsus dastur asosida oʻquvlar, sport musobaqalari tashkil etiladi. Bolalarning sogʻlom ovqatlanish ratsioniga qatʼiy amal qilinadi.

    Lutfulla SUVONOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri