Shu bilan birga, bola huquqlarini himoya qilish yoʻnalishida yana koʻplab muhim va dolzarb masalalarni hal etishni bugun davrning oʻzi talab etmoqda.
Davlatimiz rahbari 2024-yil 19-noyabr kuni Oliy Majlis Senatining parlament saylovidan keyin oʻtkazilgan birinchi majlisidagi nutqida taʼkidlaganidek, madaniyatimizga xos boʻlmagan illatlarga qarshi murosasiz munosabatda boʻlishimiz va ayovsiz kurashishimiz shart. Bolaning hayoti, sogʻligʻi, shaʼni va qadr-qimmatiga tajovuz qiladigan, jismoniy va ruhiy azob yetkazishi mumkin boʻlgan barcha holatlarda davlat tomonidan tegishli huquqiy va ijtimoiy choralar koʻrilishi qonun bilan mustahkamlab qoʻyildi.
2024-yil 14-noyabrda sohada tarixiy ahamiyatga ega hujjat — “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonun bilan bolalarga nisbatan zoʻravonlikning 6 ta shakliga taʼrif berilib, ularni sodir etishni taqiqlash hamda qonunan taʼqib qilishning huquqiy asoslari mustahkamlandi. Bolalarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olishga doir chora-tadbirlar va ularni samarali amalga oshirish mexanizmi belgilandi.
BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasiga koʻra, ishtirokchi-davlatlarga bolani jismoniy va ruhiy zoʻravonlik, haqoratlash va suiisteʼmolliklar, gʻamxoʻrlik qilmaslik yoki beparvolik bilan muomalada boʻlish, qoʻpol muomala qilish, ota-ona, qonuniy vasiylar yoki bola haqida gʻamxoʻrlik qiluvchi har qanday boshqa shaxs tomonidan ekspluatatsiya qilish, jumladan, shahvoniy suiisteʼmolliklar sodir etishning har qanday shakllaridan himoya qilishi shartligi belgilangan.
Mazkur xalqaro majburiyatning Oʻzbekistonda qay tarzda bajarilishi tahlili nuqtayi nazaridan bolaga nisbatan zoʻravonlikka oid xabarlar Bolalar ombudsmani tomonidan alohida nazoratga olingan holda oʻrganilmoqda. Mutasaddi idoralar bilan birga bunday mazmundagi har bir holat individual va har tomonlama oʻrganilyapti hamda zarur choralar koʻrilmoqda.
Jumladan, 2024-2025-yillarda jami murojaatlarning 21 foizini bolaga nisbatan sodir etilgan zoʻravonlik boʻyicha qonuniy chora koʻrish toʻgʻrisidagi murojaatlar tashkil etdi. Yaʼni Bolalar ombudsmaniga yoʻllangan har beshinchi murojaat bolaga nisbatan turli shakldagi zoʻravonlikka oid boʻlmoqda.
Mana shu kontekstda ushbu yoʻnalishda faoliyatni samarali va taʼsirchan tashkil qilish uchun asos boʻladigan hujjat — 2024-yilda qabul qilingan qonunga toʻxtalish joiz. Zero, mazkur qonun bilan bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilishning mutlaqo yangi tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Qonunning asosiy maqsadi zoʻravonlikning oldini olish, undan jabr koʻrgan bolalar bilan ishlash tizimini yaratishdan iborat. Unga koʻra, bolaning hayoti, sogʻligʻi, jinsiy daxlsizligi, shaʼni, qadr-qimmati hamda qonun bilan himoyalanadigan boshqa huquq va erkinliklariga tajovuz qiladigan, jismoniy yoki ruhiy azob yetkazayotgan yoki yetkazishi mumkin boʻlgan va uning asosiy ehtiyojlariga zid harakatlar yoki harakatsizlik, jumladan, internetdan foydalangan holda sodir etilgan harakatlar (harakatsizlik) bolalarga nisbatan zoʻravonlik deb eʼtirof etiladi.
Hujjatda zoʻravonlik shakllari ilk bor aniq belgilab berildi. Jismoniy zoʻravonlik, jinsiy zoʻravonlik, ruhiy zoʻravonlik, gʻamxoʻrlik koʻrsatmaslik, ekspluatatsiya qilish va taʼqib etish (bulling) bolalarga nisbatan zoʻravonlikning shakllaridir. Bular qonun bilan taqiqlanishi va taʼqib qilinishi qatʼiy belgilandi.
Bolaning asosiy ehtiyojlari degan tushuncha qonunan mustahkamlandi. Bunda bolaning toʻlaqonli rivojlanishi, jismoniy va ruhiy salomatligi uchun oziq-ovqat, uy-joy va boshqa zarur sharoitlar bilan taʼminlash, xavfsizlik, taʼlim olish, ijtimoiy aloqalarni oʻrnatish, hayotiy koʻnikmalarni rivojlantirish va imkoniyatlarni roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoitlar — bolaga taʼminlanishi shart boʻlgan asosiy ehtiyojlar doirasi belgilab berildi.
Ushbu qonun davlat bolalarni zoʻravonlikning barcha shaklidan himoya qilish uchun huquqiy, maʼmuriy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa choralar, jumladan, bola va uning oilasini qoʻllab-quvvatlashi hamda bolalarga nisbatan zoʻravonlik holatlarini aniqlash va oldini olish, zoʻravonlik holatlari haqida xabar berish, ushbu holatlarni tergov qilish, aybdorlarni javobgarlikka tortishning muqarrarligini taʼminlash, zoʻravonlik qurbonlarini reabilitatsiya qilish, ularning huquqlarini tiklash va ijtimoiy moslashtirish mexanizmining huquqiy asosidir.
Xususan, har qanday turdagi zoʻravonlikdan jabr koʻrgan bola zoʻravonlik qurboni deb tan olinadi va u zoʻravonlikning barcha shaklidan himoyalanish, zoʻravonlik holati yuzasidan davlat organlari yoki sudga murojaat qilish, bepul huquqiy, ijtimoiy, ruhiy va tibbiy yordam olish, himoya orderi talab qilish hamda yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni qoplatish huquqiga ega.
Shuningdek, qonun bilan bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish uchun umumiy va individual choralar belgilanib, himoya orderi berish, jabrlangan yoki xavf ostidagi bolaga kompleks yordam koʻrsatish, bolaning hayoti yoki sogʻligʻiga xavf tugʻilganda uni qonuniy vakillari qaramogʻidan olib qoʻyish kabi taʼsirchan mexanizmga asos solindi.
Shu tariqa davlatimiz rahbarining sohaga alohida eʼtibori va qatʼiy siyosiy irodasi tufayli yurtimizda bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish jarayoni yangi, tarixan muhim huquqiy-institutsional bosqichga oʻtmoqda.
“Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun ijrosini tizimli taʼminlash, bolalarning xavfsizligi va qoʻllab-quvvatlanishini kafolatlaydigan barqaror mexanizmlarni shakllantirish maqsadida joriy yil 17-dekabrda Oʻzbekiston Prezidentining “2026-2030-yillarda bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni imzolandi.
Strategiya bolalar uchun zoʻravonlikdan xoli muhit yaratish, xavf ostidagi bolalarni erta aniqlash hamda jabrlangan yoki zoʻravonlikka guvoh boʻlgan bolalarga kompleks yordam koʻrsatishni ustuvor vazifa sifatida belgilab, sohada yuritiladigan izchil, tizimli va idoralararo faoliyat uchun asosiy dasturilamal hujjatdir.
Unda bolalar va ularning oilalariga ijtimoiy, psixologik, taʼlim va huquqiy xizmatlar koʻrsatishni kengaytirish, bolalar bilan ishlashda individual yondashuvni joriy etish, shuningdek, bolalar bilan ishlashda ijtimoiy yondashuvga asoslangan kichik hajmli, ochiq formatdagi markazlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish nazarda tutilgan.
Bunday shakldagi markazlarning tashkil etilishi bola uchun xavfsiz va doʻstona muhitni taʼminlaydi. U boshdan kechirayotgan murakkab vaziyatda maxsus va malakali yordam koʻrsatish imkonini yaratadi. Shuningdek, bolalar manfaatlarini tergov va sud jarayonlarida ishonchli taʼminlash, sohada faoliyat yurituvchi mutaxassislarni maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazish va idoralar oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, bolalarga nisbatan zoʻravonlik holatlarini yagona elektron tizim orqali hisobga olish va monitoring qilish choralari muhim yoʻnalishlar sifatida belgilandi.
Bolalar oʻz huquq va qonuniy manfaatlarini mustaqil himoya qilishda kattalarga nisbatan zaifligi tufayli ish yurituvining barcha protsessual bosqichida ularga samarali yuridik yordam, vakillik hamda ijtimoiy va psixologik qoʻllab-quvvatlash kafolatlanishi shart. Strategiya bilan aynan ana shu kafolatlar taʼminlanishi mexanizmi yoʻlga qoʻyilmoqda.
Jumladan, bolaga qarshi jinoyatlar sodir etilganda jabrlanuvchi bolaga ruhiy ziyon yetkazmaydigan sharoit yaratish, zoʻravonlikka guvoh boʻlgan bolalarga alohida yondashuvni qoʻllash, shuningdek, malakali advokat, psixolog va qonuniy vakillarni oʻz vaqtida jalb etish va tezkor idoralararo oʻziga xos amaliyotni shakllantirish talab etiladi. Bu esa bola manfaatlari bilan ishlashga ixtisoslashgan kadrlar korpusini shakllantirishni talab etadi.
Strategiyaning yana bir ahamiyatli jihati, hujjatda taʼlimdan chetda qolgan va ijtimoiy xavf ostidagi bolalarni qoʻllab-quvvatlash, ularni kasbga yoʻnaltirish, jamiyatga moslashtirish, oilalar bilan ishlash yoʻnalishida bolaga nisbatan zoʻravonlik xavfini kamaytirish, ota-onalarni qoʻllab-quvvatlash qamrab olingan. Yaʼni ijtimoiy xavf ostidagi bolalar boʻyicha ishlashda nafaqat qatʼiy choralar koʻrish, balki ota-onalarni ijtimoiy murakkab vaziyatlarda qoʻllab-quvvatlash orqali oilaning bola uchun farovon va barqarorligini taʼminlash yondashuviga tayanilmoqda.
Zero, bugun farzandi uchun xavfsiz, jismonan va ruhan sogʻlom muhit yaratish ota-onaning birlamchi vazifasi ekanini tushuntirish, bu borada ota-onalarning bilimi va koʻnikmasi, asosiysi, bolani bosim va tazyiqdan xoli usullarda tarbiyalash tafakkurini shakllantirish nihoyatda muhim.
2026-2030-yillarda bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda bola manfaatlarini himoya qilish yoʻnalishidagi progressiv va ortga qaytmas islohotlarning keyingi bosqichiga asos yaratuvchi hujjat sifatida sohada mutlaqo yangi formatdagi tarixiy davrga asos solmoqda. Umuman, hujjat bolalar uchun zoʻravonlikdan xoli, farovon hayot yaratish nafaqat davlat, balki butun jamiyatning birdek vazifasi ekanidan dalolat beradi. Shuning uchun ham bolalar manfaatlarini taʼminlash yoʻlida barcha saʼy-harakatimiz mushtarak boʻlishi zarur.
Surayyo RAHMONOVA,
Oliy Majlisning bola huquqlari boʻyicha vakili,
yuridik fanlar doktori, professor