Bolalarga eʼtibor – kelajakka eʼtibor!

    Metallurglar farzandlarining “Sohil” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida maroqli dam olishlari uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Yoz faslida besh mavsumda faoliyat koʻrsatuvchi oromgohning bir mavsumi 12 kundan iborat.

    Oʻquvchilarning yozgi taʼtil davrida maroqli dam olib, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishida sogʻlomlashtirish oromgohlarining oʻrni beqiyos. Yozgi oromgohlar jismoniy faollik, ijtimoiy oʻzaro taʼsir, shaxsiy oʻsish va oʻyin-kulgini oʻzida mujassam etadi. Bu esa bolalarning har tomonlama rivojlanishi va farovonligi uchun qimmatlidir. Shu bois yozgi sogʻlomlashtirish mavsumiga har yili oʻzgacha tayyorgarlik koʻriladi.

    “Oʻzmetkombinat” AJda metallurglarning farzandlari uchun qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Metallurglar farzandlarining “Sohil” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida maroqli dam olishlari uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Yoz faslida besh mavsumda faoliyat koʻrsatuvchi oromgohning bir mavsumi 12 kundan iborat. Har bir mavsumda oromgoh 140 nafar oʻgʻil-qizni oʻz bagʻriga qabul qiladi. Mavsum yakuniga qadar 700 nafar bola dam olib sogʻlomlashtirilishi rejalashtirilgan. 12-iyun kuni “Oʻzmetkombinat” AJ va kombinat Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi hamkorligida tashkil etilgan bu bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida birinchi mavsumda boshlandi.

    Yozgi oromgoh ekologik toza hududda joylashgani bolalar salomatligi uchun muhim ahamiyatga ega. Mavsum davomida bolajonlarning vaqtlarini mazmunli oʻtkazish uchun bu yerda turli koʻngilochar tanlovlar tashkil etiladi. Shu bilan birga, bolalar ingliz tili, robototexnika va kompyuter texnologiyalari toʻgaraklarida shugʻullanadi.

    “Sohil” oromgohiga oʻz ishiga sidqidildan yondashadigan pedagog-tarbiyachi, yetakchi, toʻgarak rahbarlari, ichki ishlar xodimlari jalb etildi. Tibbiyot xodimlari bolalar salomatligini nazorat qilib borsa, yetakchilar turli qiziqarli oʻyin va musobaqalar bilan ularning vaqtini maroqli oʻtkazishga yordamlashadi. Oshpazlar esa mazali taomlar tayyorlab, kelajagimiz egalarining jismoniy kamolotiga hissa qoʻshadilar. Asosiysi, bolalarning miriqib dam olishi, koʻngilli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Ular oromgohlarda oʻzaro doʻstlashadi, qalblari bir olam zavqqa toʻlib, yangi oʻquv yiliga boy taassurotlar bilan qaytadilar.

    “Sohil” yozgi bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida 26-iyundan ikkinchi mavsum boshlanadi.

    “Oʻzmetkombinat” AJ Axborot xizmati.

    Reklama