Videoselektor tarzida oʻtkazilgan mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimlari, Hukumat aʼzolari, Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi vakillari, tegishli vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari va masʼul xodimlari qatnashdi.

Joylardan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyatlar, tuman-shahar hokimlari, prokurorlari, tegishli vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hududiy tuzilmalari rahbarlari hamda masʼul xodimlari ishtirok etishdi.

Ochiq va oshkora ruhda oʻtgan yigʻilishda Bosh prokuror N.Yoʻldoshev kun tartibidagi masala yuzasidan maʼruza qildi.

Maʼlumki, Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbusi va qatʼiy siyosiy irodasi bilan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda.

Eng avvalo, huquqiy asoslarni yaratishga eʼtibor berilib, soʻnggi toʻrt yilda 70 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi.

Davlat xizmati tizimi tubdan takomillashtirildi. Davlat xizmatchilarining ijtimoiy himoyasi kuchaytirilib, soʻnggi yillarda ish haqlari sezilarli oshirildi.

Korrupsiya keng tarqalgan kapital qurilish va oliy taʼlim sohalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish boshlandi.

Vazirlik va idoralarda, mahalliy hokimliklarda “komplayens nazorat” tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda.

Qisqa muddatda koʻrilgan chora - tadbirlar oʻzining dastlabki natijalarini ham koʻrsata boshladi.

Oʻzbekiston soʻnggi toʻrt yilda Jahon bankining “Biznes yuritish” indeksida 18 pogʻonaga, Meros jamgʻarmasining “Iqtisodiy erkinlik” indeksida esa, 52 pogʻonaga koʻtarildi.

Shuningdek, Jahon bankining “Korrupsiyani tiyib turish”, “Transperens interneshnl” xalqaro nohukumat tashkilotining “Korrupsiyani qabul qilish”, Jahon odil sudlov loyihasining “Korrupsiyaning mavjud emasligi” indekslarida sezilarli yuqoriladi.

Shu bilan birga, ayrim sohalarda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligi koʻrsatildi.

Bosh prokuror N.Yoʻldoshev maʼruzasida, nemis davlat arbobi Bismarkning “Yomon qonunlar va yaxshi amaldorlar bilan davlatni boshqarsa boʻladi. Ammo amaldor yomon boʻlsa, eng yaxshi qonunlar ham yordam bermaydi”, degan soʻzlaridan iqtibos keltirib, bu purmaʼno soʻzlar bugunga qadar dolzarbligini yoʻqotmaganligini taʼkidladi.

Taassufki, respublikamizda oʻtgan ikki yilda 1.986 nafar mansabdor shaxslar korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bunday jinoyatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zarar miqdori 2 trln. soʻmdan oshgan.

Yigʻilishda prokuraturaning nazorat tadbirlari hamda tergov natijalari tahlili asosida korrupsiya eng koʻp uchrayotgan sohalar, vazirlik va idoralar kesimida aniq misollar va raqamlarda koʻrsatib berildi.

Iqtisodiy sohadagi korrupsiyaviy holatlar asosan byudjet mablagʻlaridan foydalanish jarayonida sodir etilayotanligi taʼkidlandi.

Oʻtgan ikki yilda respublika boʻyicha 371 mlrd. soʻm byudjet mablagʻlarini talon - toroj qilish holatlari aniqlanibbu qilmishlar uchun 2.477 nafar shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Byudjet mablagʻlarining ratsional taqsimlanishi va maqsadli ishlatilishi yuzasidan davlat nazoratiga masʼul moliya organlarida yuklatilgan vazifalar talab darajasida bajarilmayotganligi tanqid ostiga olindi.

Moliya organlarining byudjet sarfini toʻlaqonli nazorat qilishiga tizimdagi korrupsiya holatlari ham toʻsqinlik qilmoqda.

Oʻtgan ikki yilda moliya organlarining 41 nafar xodimi korrupsiya holatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Masalan, Davlat moliyaviy nazorati departamentining Surxondaryo viloyati boshqarmasi bosh nazoratchi-taftishchisi N. Uzun qurilish kollejida aniqlangan 265 mln. soʻmlik kamomadni yashirish evaziga kollej bosh hisobchisi A.dan 2.000 dollar va 500 ming soʻm olganligi uchun sud hukmi bilan jazoga tortilgan.

Yoki, Gʻaznachilikning Andijon viloyati boshqarmasi mansabdor shaxslari xodimlarga ish haqi berish vaji bilan bankdan 1 mlrd. soʻm ortiqcha pul olishga erishib, uni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborganligi yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov oʻtkazilmoqda.

Vazirlik tizimidagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining 22 nafar xodimi pensiya uchun ajratilgan mablagʻlarni talon-toroj qilganligi va boshqa suiisteʼmolchiliklari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Masalan, jamgʻarmaning Piskent tumani boʻlimi bosh inspektori M. “Xalq banki” kassiri H. bilan birga, 142 nafar vafot etgan fuqarolar nomiga pensiya rasmiylashtirib, jami 86 mln. soʻmni oʻzlashtirib yuborgan.

Bank tizimida mablagʻlarni talon - toroj qilishbank xizmatlarini koʻrsatish, ayniqsa, kredit ajratishdagi suiisteʼmolchilik holatlari tanqid ostiga olindi.

Oʻtgan ikki yil mobaynida banklarning 166 nafar mansabdor shaxslari korrupsiyaviy jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan.

Masalan, Xalq banki va Mikrokreditbankda boshqaruv raisi lavozimlarida ishlab kelgan E. oʻz mansabidan foydalanib, qator korrupsiyaviy jinoyatlarga qoʻl urgan.

Xususanmuqaddam qator jinoyatlarni sodir etib, AQSHda yashirinib yurgan X. bilan til biriktiribSirdaryo viloyatida 4 ta soxta firma tashkil qilganBu firmalarni amalda boshqarish uchun 18 nafar shaxslardan iborat uyushgan guruh faoliyatini yoʻlga qoʻyishgan.

Uyushgan guruh 2019-yil soʻnggi 9 oyida qariyb 732 mlrd. soʻmni qonunga xilof tarzda naqdlashtirib, 7 mlrd. soʻmga yaqin byudjet mablagʻini talon - toroj qilgan. 215 mlrd. soʻm turli plastik kartalarga moliyaviy yordam koʻrinishida oʻtkazilib, 22,5 mln. dollar naqd pulga aylantirilib, xorijga olib chiqib ketilgan.

Uyushgan guruh rahnamolik qilgan firmalar 101 mlrd. soʻm soliq toʻlovlaridan ham boʻyin tovlagan.

Bundan tashqari, E. Xalq banki boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlangachbank binosi qurilishini olib borayotgan pudratchilarni oʻziga tanish pudratchilarga almashtirib, obyekt qurilishida 5,5 mlrd. soʻmlik bank mablagʻini talon - toroj qilgan.

“Mikrokreditbank”ka rahbar etib tayinlanganda esa, oʻz rahnamoligidagi firmalar orqali birgina xizmat kabineti uchun 100 mln. soʻmlik mebel jihozlarini 273 mln. soʻmga, bankning Sirdaryo filiali uchun 700 mln. soʻmlik binoni 4 mlrd. 700 mln. soʻmga sotib olib, mablagʻlarni oʻmargan.

Hozirda E. va uning jinoiy sheriklari qamoqqa olinib, sud oldida javob bermoqda.

Aholining iqtisodiy faolligini qoʻllab-quvvatlash uchun turli ijtimoiy loyihalarga byudjet mablagʻlari muhtojlarga yetib bormasdan, ayrim bank mansabdor shaxslari tomonidan talon-toroj qilinayotganligi koʻrsatib oʻtildi.

Birgina “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida soʻnggi ikki yilda aholiga tarqatilishi lozim boʻlgan 1,7 mlrd. soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari bank mansabdor shaxslari tomonidan talon - toroj qilingan.

Masalan, “Milliy bank”ning Shahrixon filiali rahbari R. va kassa mudiri D. 19 nafar fuqaro nomiga qalbaki hujjatlar tayyorlabimtiyozli kredit mablagʻlaridan 378 mln. soʻmini shaxsiy manfaatlari uchun oʻzlashtirib yuborgan.

Oʻtgan ikki yilda mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilganligi uchun 31 nafar soliq xodimlari ham jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Masalan, Dangʻara tumani davlat soliq inspeksiyasi rahbari T. pul mablagʻlarini naqdlashtirish bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruh tuzgan. Uyushgan guruh boshqa fuqarolar nomiga 22 ta soxta firmalarni ochib, ularga norasmiy rahbarlik qilib kelgan.

Ushbu firmalarda 268 mlrd. soʻmlik noqonuniy pul aylanmalari amalga oshirilib, 19 mlrd. soʻm soliq toʻlovidan qochishga erishilgan, shuningdek jinoiy yoʻl bilan topilgan 200 mln. soʻm legallashtirilgan.

Hozirda Turgʻunboyev va uning 14 nafar jinoiy sheriklari sudda javob bermoqda.

Qurilish sohasi korrupsiyalashgan sohalardan biri boʻlib qolayotganligi oqibatida soʻnggi ikki yilda 1.233 nafar shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Qurilish uchun yer ajratish, tanlov va tender oʻtkazish, shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirish, muhandislik - kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish jarayonlarida korrupsiya koʻplab kuzatilmoqda.

Misol uchun, Navbahor tuman hokimining 1 - oʻrinbosari X. “Konimex baliqchi” jamiyati rahbari A.dan baliqchilik havzasiga kollektor qazilishiga ruxsat berishi evaziga 11 ming dollar olganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Byudjetdan moliyalashtiriladigan qurilish ishlari uchun pudratchilarni tanish - bilishchilik yoki pora evaziga tanlab olish kabi korrupsiyaviy amaliyot kuzatilmoqda.

“Suvoqova” korxonasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi mutaxassisi N. “Diyorbek Uchqun” korxonasi rahbari B.ga tanishlari orqali qurilish obyekti olib berish evaziga 14 ming dollar berishni talab qilib, 9 ming dollar olganda qoʻlga olingan.

Bu sohada davlat boshqaruvi va nazoratiga masʼul Qurilish vazirligi tizimida ham suiisteʼmolchiliklar kuzatilayotganligi alohida taʼkidlandi.

Misol uchun, Toshkent shahar hokimligining kapital qurilish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari A. va Chilonzor tuman hokimiyati boʻlimi boshligʻi Sh. “Max Saodat” jamiyatiga koʻp qavatli uy - joy qurish uchun Chilonzor tumanidan 1 gektar yer ajratish evaziga 1 mln. 400 ming dollar talab qilib, 50 ming dollarni olgan vaqtda ushlangan.

Transport sohasida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning sabab va shart - sharoitlari bartaraf etilmaganligi koʻrsatib oʻtildi.

Soʻnggi ikki yilda Transport vazirligi va sohadagi korxonalar xodimlaridan 57 nafari korrupsiyaviy jinoyatlarga qoʻl urgan.

Tahlillarga koʻra, tizimda yoʻl qurilishi uchun ajratilgan byudjet mablagʻlarini talon - toroj qilish, yoʻlovchi va yuk tashish xizmatidan tushgan pullarni oʻzlashtirish bilan bogʻliq jinoyatlar sodir etilmoqda.

Misol uchun, “Kattaqoʻrgʻon tuman yoʻllardan foydalanish” korxonasi direktori R. bosh hisobchi Sh. hamda muqaddam shu korxonada sodir etgan qator jinoyatlari uchun sudlanib, korxonada faoliyatini yana davom ettirib kelayotgan jinoiy sheriklari bilan til biriktiribumuman taʼmir koʻrmagan 20 ta yoʻlni taʼmirdan chiqarganliklari haqida qalbaki hujjatlarni tuzib, 2,4 mlrd. soʻm byudjet mablagʻlarini oʻmargan.

Qishloq xoʻjaligi sohasidagi vazirlik va idoralarda hanuzgacha turli qonun buzilishlar, suiisteʼmolchiliklarga barham berilmayotganligi tanqid ostiga olindi.

Oʻtgan ikki yilda qishloq xoʻjaligi sohasiga daxldor vazirlik va idoralarning 391 nafar xodimlari turli koʻrinishdagi jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan.

Misol uchun, Yangiyoʻl tumani qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi Yu. “Valiyev Invest baraka” fermer xoʻjaligi rahbari V. bilan til biriktirib, fermer xoʻjaligining 30 sotix yer maydonini soxta kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish orqali 38.400 dollarga sotib yuborgan.

Qishloq xoʻjaligi sohasining rivoji, avvalo, yer maydonlaridan oqilona va samarali foydalanish bilan chambarchas bogʻliq.

Ayrim rahbarlar tomonidan yerlardan xoʻjasizlarcha va noqonuniy foydalanish holatlariga yoʻl qoʻyilayotganligi taʼkidlandi.

Xususan, yer maydonlarini xatlovdan oʻtkazish jarayonida respublika boʻyicha 967 ta holatda 34.822 gektar yer maydoni qonunga zid ajratib berilgan.

Yer ajratish va undan foydalanishda korrupsiya, tanish - bilishchilik, oshna - ogʻaynigarchilik holatlari mavjudligi qayd etildi.

Buxoro viloyatida qisqa muddatda oʻtkazilgan oʻrganishlarda 21.493 gektar yerni noqonuniy muomalaga qaratish bilan bogʻliq qonunga zid qarorlar qabul qilingan.

Misol uchun, Jondor tuman hokimi 2020-yil 16-maydagi qarori bilan oʻrinbosarining yaqin qarindoshiga 100 gektar yer maydonini chorvachilik yoʻnalishida, garchi yetarli chorvasi boʻlmasada, noqonuniy ajratib bergan.

Yer ajratish jarayonlarida korrupsiyaviy jinoyatlari uchun soʻnggi ikki yilda hokimliklarning 22 nafar masʼul xodimlari javobgarlikka tortilgan.

Xususan, Arnasoy tuman hokimining oʻrinbosari S. “Oqqush halol parranda” jamiyati rahbari J.ga 10 gektar yer ajratib berish evaziga 13 ming dollar talab qilib, 2 ming dollar olganida qoʻlga tushgan.

Shu kabi, yer ajratib berish evaziga Yunusobod tuman hokimi oʻrinbosari Z. 5 ming, Buvayda tuman hokimi oʻrinbosari D. 20 ming, Mirzo Ulugʻbek tuman hokimligi uy - joy shirkatlari uyushmasi raisi A. 35 ming dollar olganligi uchun qonun oldida javob berdi.

Ayrim xodimlar tadbirkorlarga yordam berish oʻrniga, ulardan tamagirlik qilib, pul undirayotganligi tashvish bilan taʼkidlandi.

Misol uchun, Surxondaryo viloyat hokimligi boʻlimi boshligʻi I. Shoʻrchi tuman hokimligi bosh mutaxassisi T. orqali tadbirkor B.dan 1 mlrd. soʻm imtiyozli kredit olishida yordam berganligi uchun 2 ming dollarni talab qilib olgan.

Boʻsh binolarni tadbirkorlikka jalb qilish borasida ham turli qonun buzilishlarga yoʻl qoʻyilmoqda.

Misol uchun, Andijon viloyat hokimligi mutaxassisi Q. muqaddam sudlangan A. va M. bilan til biriktirib, soxta hujjatlar bilan Shahrixon tuman Silga qarshi kurashish dispanseri binosini “nol” xarid qiymatida qoʻlga kiritgan.

Keyinchalik binoda hech qanday tadbirkorlikni yoʻlga qoʻymasdan, binoni buzib, qurilish materiallarini 760 mln. soʻmga sotib yuborgan.

Joylarda bozorlar faoliyatini toʻgʻri va samarali tashkil qilish hokimliklar zimmasidagi asosiy vazifalardan biridir.

Ayni paytda, bozorlarda tanish - bilishchilikturli suiisteʼmolchilik va talon - torojliklar kuzatilmoqda.

Birginapoytaxtdagi “Yangiobod ixtisoslashgan bozori” direktori I. qator korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etishda ayblanib, tergov oʻtkazilmoqda.

U muqaddam savdo va bozor sohalarida ishlab, bir necha marotaba sudlangan, soʻnggi bor “Sergeli dehqon bozori” direktori lavozimida ishlaganda sodir etgan suiisteʼmolchiliklari va talon - torojliklar uchun 2016-yilda sud hukmi bilan jazolangan.

I. 2019-yil fevral oyida yana “Sergeli dehqon bozori” direktori lavozimiga tayinlanib, oʻsha yilning aprel oyidan esa “Yangiobod ixtisoslashgan bozori” direktorligiga oʻtgan.

Bu bozorda ham “eski hunarini” davom ettirgan I. bozorga shaxsiy mulki sifatida qarab, tushumlarni va bozor mulkini talon - toroj qilish bilan shugʻullanib kelgan.

Gʻaraz maqsadlarini amalga oshirish uchun atrofiga oʻziga hayrihoh shaxslarni toʻplab, qisqa muddatda 2,7 mlrd. soʻmlik tushum pullarini oʻmarganligi, 919 mln. soʻm soliqdan boʻyin tovlaganligi, bozorda 124 ta noqonuniy qurilmalar qurdirganligi aniqlangan.

Talon - toroj qilgan pullardan qariyb 740 mln. soʻmini legallashtirgan, jumladan, 340 mln. soʻmga 5 xonali kvartira, 200 mln. soʻmga “Trailblezer” avtomashinasini sotib olgan.

Bunday talon - torojlik oqibatida bozor oʻta ayanchli holatga kelib qolgan.

Shu bilan birga, “Sergeli dehqon bozori”, “Farhod dehqon bozori”, “Aviasozlar dehqon bozori”ga oʻziga yaqin shaxslarni lavozimga oʻtkazishga erishib, ushbu bozorlarga ham oʻzi norasmiy rahbarlik qilgan.

Aholi bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish ijtimoiy sohadagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Ana shunday sharoitda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi ayrim xodimlar bevosita zimmasidagi vazifalarni bajarishda turli suiisteʼmolchiliklarga qoʻl urayotganligi ham koʻrsatib oʻtildi.

Soʻnggi ikki yilda vazirlik tizimidagi 57 nafar xodimlar turli korrupsiyaviy jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan.

Masalan, Toʻraqoʻrgʻon tuman bandlikka koʻmaklashish markazi direktori E. aholi bandligini taʼminlash uchun ajratilgan byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilgan.

E. 3 nafar xodimlari bilan jinoiy til biriktirib, 2019-yilgi paxta mavsumida toʻraqoʻrgʻonlik 327 nafar ishsizlar Toshkent va Jizzax viloyatlariga terimga jalb etilganligi, ularga jamoat ishlari jamgʻarmasidan mukofot puli berilishi haqida soxta hujjatlarni tuzib, soxta hujjatlarni bankka taqdim qilib, mukofot puli sifatida jami 276,4 mln. soʻm naqd pullarni olib, “choʻntakka urgan”.

E. pandemiya sharoitida jamoat tadbirlariga jalb qilingan fuqarolarga ish haqlari jamoat ishlari jamgʻarmasidan toʻlanishi belgilanganidan foydalanib, ushbu mablagʻlarni ham oʻzlashtirish payiga tushadi.

Shu maqsaddadarhol yaqinlari nomiga 6 ta soxta firmalarni tashkil qilib, ushbu firmalarga, goʻyoki, pandemiya davrida 179 nafar ishsizlar jamoat ishlariga yuborilganligi haqida soxta hujjatlarni tuzib, 325,5 mln. soʻm mablagʻni talon - toroj qilgan.

E. jinoiy yoʻl bilan topilgan mablagʻlar hisobiga 2 ta Lasetti va 2 ta Damas avtomashinasini sotib olib, legallashtirgan.

Hozirda E. va uning jinoiy sheriklari qamoqqa olingan, tergov oʻtkazilmoqda.

Oliy taʼlim tizimida ham korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar toʻliq bartaraf etilmaganligi ham koʻrsatib oʻtildi.

Oʻtgan 9 oyda tizimdagi 70 nafar xodimlar taʼlim jarayoni bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir qilganTizimda eng koʻp kuzatilayotgan korrupsiya oʻqishga kiritish masalasi bilan bogʻliq boʻlib qolmoqda.

Nostrifikatsiya jarayonida korrupsiyaviy omillar tanqid ostiga olindi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining yordamchisi Sh. sheriklari orqali 4 nafar fuqarodan xorijiy diplomlarni nostrifikatsiya qilib berish evaziga jami 6.500 dollar olganda ushlangan.

Taʼlim sifatini nazorat qilishga masʼul idoraga xorijiy diplomni nostrifikatsiya qilish, yaʼni boshqaruv idorasi funksiyasining berilishi korrupsiyaning oldini olish imkonini cheklashi taʼkidlandi.

Madaniyat, sogʻliqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport, xalq taʼlimi, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari hamda Ekologiya va atrof - muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi tizimi ham korrupsiyadan xoli emasligi koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, Madaniyat vazirligining ayrim mansabdorlari oʻziga xos jinoiy sxema yaratishgan.

Muqaddam oʻgʻirlik va talon - torojlik jinoyatlari uchun 7 yil ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtab chiqqan I. 2019-yil fevral oyida vazirlik bosh hisobchisi lavozimiga tayinlanganByudjetni oʻmarishda qulay imkoniyatni qoʻlga kiritgan I. dastlab ishni tanishlari Yo. va K bilan jinoiy reja tuzishdan boshlaydi.

Rejaga koʻra, I. vazirlik xaridlarini fuqaro K. va uning yaqinlariga tegishli firmalarga berish uchun 26 ming dollar ulush oladi.

Shundan soʻng, vazirlik tizimidagi teatr, madaniyat uylari va boshqa tashkilotlarga zarur grim mahsulotlari uchun tanishi K.ga tegishli firmalarga 2,6 mlrd. soʻm oʻtkazib beriladi.

Oʻz navbatida, bu firmalar grim oʻrniga “Oʻrikzor” bozoridan 264 mln. soʻmga arzon va sifatsiz kosmetika mahsulotlarini sotib olib, uni grim ekanligi haqida soxta hujjatlarni tuzib, vazirlikka topshiradi.

Vazirlik esa, madaniyat muassasalariga umuman kerak boʻlmagan bu mahsulotlarni grim sifatida soxta hujjat qilib, ularga yetkazib beradi.

Sxemaga koʻra, mahsulot narxi hujjatlarda bir necha barobar qimmat koʻrsatilib, 2,3 mlrd. soʻm mablagʻ talon - toroj qilingan.

Vazirlik ishlar boshqarmasi boshligʻi O. teatr va musiqiy maktablarga aslida yetkazib berilmagan mebel va musiqa anjomlari yetkazib berilgani haqida soxta hujjatlar tuzib, 1,7 mlrd. soʻmni oʻziga tanish firmalarga oʻtkazib, talon - taroj qilgan.

Shuningdek, 13,5 mlrd. soʻmlik mebel va jihozlarni tanishlaridan 20,2 mlrd. soʻmga olish yoʻli bilan 6,7 mlrd. soʻm ham talon - toroj qilingan.

Bu jinoiy sxema bilan 12 mlrd. soʻm byudjet mablagʻi oʻmarilgan. Hozirda bu shaxslar qamoqqa olinib, tergov oʻtkazilmoqda.

Vazirlik va idoralarda korrupsiyaga imkon berayotgan ayrim sabab va shart-sharoitlar oʻrganilganda, ayrim sohalarda ichki idoraviy nazorat hamda yuridik xizmatning oʻrni sezilmayotganligi, baʼzi rahbarlarning oʻzi bundan manfaatdor emasligi ham korrupsiyaga chek qoʻyishga imkon bermayotganligi taʼkidlandi.

Barcha sohalarda qonunlar ijrosini bevosita taʼminlashga masʼul boshqaruv idoralari, ijro ustidan nazoratga masʼul esa 50 dan ortiq nazorat - tekshiruv organlari mavjudBiroq, nazorat organlarining qonuniylikka taʼsiri sezilmayotganligi tanqid ostiga olindi.

Yigʻilishda huquqni muhofaza qilish faoliyatidagi korrupsiya holatlari muhokama qilindi.

Oʻtgan ikki yilda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 318 nafar xodimlari jinoiy qilmishlari uchun javobgarlikka tortilganligi koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, “Ark buloq” bojxona posti boshligʻi J. boshchiligidagi bir guruh bojxona xodimlari pora evaziga turli subyektlar tomonidan import qilingan tovarlar qiymatini pasaytirib koʻrsatib, davlat manfaatlariga qariyb 9 mlrd. soʻm zarar yetkazgan.

Tergov jarayonida J.ning uyida oʻtkazilgan tintuvda, pora sifatida olingan 311 ming dollar naqd pullar olingan.

Bundan tashqari, jinoiy yoʻl bilan topilgan pullar evaziga Boʻstonliq tumanida 8 sotixli dala hovli qurganligi, “Toshkent - siti” majmuasidan 2 ta xonadon va 1 ta noturar joy hamda “Kaptiva” avtomashinasini sotib olganligi aniqlangan.

Hozirda J. va sheriklari sud oldida javob bermoqda.

Komissiya yigʻilishi qizgʻin muhokamalar bilan kechdi. Soʻzga chiqqan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov, Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi N.Umarov, Bosh vazir oʻrinbosari B.Musayev, Adliya vaziri R.Davletov va “Xalqaro press-klub raisi” Sh.Kudratxodjayevlar korrupsiyani oldini olish boʻyicha vazifalar borasida oʻz fikr va mulohazalarini bildirdilar.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Moliya vaziri T.Ishmetov, Moliya vaziri oʻrinbosari - Moliya vazirligi Gʻaznachiligi boshligʻi O.Isakov, Qurilish vaziri B.Zakirov, Yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi F.Salixov, Qishloq xoʻjaligi vaziri J.Xodjayev, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi U.Tashkenbayev, Madaniyat vaziri O.Nazarbekov, Markaziy va tijorat banklari rahbar va boshqa mutasaddi xodimlarining tushuntirish va izohlari eshitildi.

Yigʻilish yakuni boʻyicha tegishli sohalar, vazirlik va idoralarda korrupsiyaga barham berish boʻyicha kompleks tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan qaror qabul qilindi.

Bosh prokuratura