Yer uchastkasi boʻyicha qonunbuzarlik haqida xabar bergan fuqarolarga pul mukofoti beriladi

    Mamlakatimizda 23 Mart 2021 2289

    Prezidentning “Yerdan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash hamda bu sohada davlat nazoratini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasi eʼlon qilindi.

    Yerdan foydalanish hamda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlashda vakolatli davlat organlari va tashkilotlari masʼuliyatini yana-da oshirish maqsad qilingan.

    Davlat soliq qoʻmitasi 2021-yil 1-iyulga qadar boʻsh turgan yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar hamda muhofaza zonalari hududlarida joylashgan yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olgan shaxslarga oshirilgan stavkalarda jarima qoʻllashni nazarda tutuvchi qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha taklifni hukumatga kiritadi.

    Vazirlar Mahkamasi davlat yer nazorati (monitoringi)ni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash choralarini koʻradi, unda “Ye-Yer Nazorat” AAT ishini samarali tashkil etish hamda yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish holatlarini aniqlash va bartaraf etish tartibi nazarda tutiladi.

    Kadastr agentligi:

    a) Qurilish vazirligi, Adliya vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish, yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish, ularda noqonuniy obyektlar qurish hamda tegishli hujjatlarda belgilanganidan ortiqcha yerdan foydalanish boʻyicha xabar bergan shaxslarni pul mukofoti bilan ragʻbatlantirish tartibi loyihasini ishlab chiqadi;

    b) Qurilish vazirligi bilan birgalikda yer uchastkalarida amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlari obyektlari toʻgʻrisida maʼlumotlar reyestrini shakllantiradi va yangilab boradi, QR-kodni yengil qurilma va koʻchmas mulk obyektining fasad qismiga joylashtirishga boʻlgan talablarni tasdiqlaydi;

    v) qonun hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.