Boshqaruv tizimini takomillashtirish — hokimiyatni xalqqa yaqinlashtirishdir

    Fikr 19 Yanvar 2021 8642

    Prezidentimizning parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasi davlatimiz, jamiyatimiz hayotida nihoyatda katta ahamiyat kasb etuvchi voqea boʻldi.

    Yilning bosh hujjatida mamlakatimiz rivojining strategiyasi, davlatimizda sodir boʻlayotgan jarayonlarga oid chuqur tahlilga asoslangan mulohazalar ilgari surildi. Prezidentimiz nutqi bugungi kunimizni anglash, erishilgan natijalarni xolisona baholash va shu bilan birga, kelajakda qilinajak ishlarni aniqlash uchun oʻta muhimdir.

    Shak-shubha yoʻqki, bugungi kunda har birimiz Murojaatnomada bayon etilgan fikr-mulohazalarni qunt bilan tahlil qilishimiz, unda ilgari ­surilgan gʻoyalardan kelib chiqqan holda ish-rejalarimiz, qolaversa, dunyoqarashimizni qayta koʻrib, oʻz shaxsiy pozitsiyamizni aniq belgilab olishimiz lozim.

    Maʼruzaning asosiy gʻoyasi — “qanchalik qiyin va murakkab boʻlmasin, demokratik islohotlar yoʻlidan hech qachon ortga qaytmaymiz”.

    Xorijiy tajriba shuni koʻrsatadiki, chuqur islohotlar, ayniqsa, boshlangʻich bosqichda, doimo jamiyatdagi muammolarni, iqtisodiyotdagi ziddiyatlarni keskinlashtiradi. Bu tabiiy hol. Shu bilan birga, oʻzgarishlarning samarasini insonlar bugun, shu kunda, oʻz hayot darajasi yaxshilanishi orqali koʻrishi kerak. Bu esa hal qiluvchi jihatdan davlat boshqaruvi tizimi samaradorligi bilan bevosita bogʻliqdir.

    Soʻngi toʻrt yil mobaynida bu borada katta ishlar amalga oshirildi va ular oʻz natijasini bermoqda.

    Hukumatning tashkiliy tuzilmasi tubdan qayta koʻrib chiqildi. Uning safida dunyo koʻrgan, eng nufuzli xorijiy universitetlarni tugatgan, xalqaro tajribaga ega, keng fikrlovchi yurtdoshlarimiz koʻpaymoqda. Natijada hukumatimiz qiyofasi oʻzgardi, uning xalqaro raqobatbardoshligi ortdi.

    Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlar va birinchi navbatda, davlatning iqtisodiy siyosatni amalga oshirishdagi batamom yangi yondashuvini taʼminlashga qaratilgan oʻzgarishlar jadal davom ettirilmoqda.

    Davlat boshqaruvida shaffoflik va aholining keng ishtirokini taʼminlash maqsadida “Mening fikrim” maxsus veb-portali taʼsis etildi. Mamlakat byudjeti shakllanishi va ijrosi ochiqligini taʼminlash uchun “Openbudget” informatsion portali yaratilgani boshqaruv tizimi zamonaviylashganining muhim koʻrsatkichlaridan biridir.

    Mamlakatimizdagi islohotlarning dastlabki salmoqli natijalarini har bir yurtdoshimiz oʻzi, oilasi, mahallasi hayotidagi yangilanishlar misolida yaqqol koʻrmoqda. Bu zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari faoliyatida, yangidan bunyod etilayotgan shahar va qishloqlarimiz qiyofasida hamda ijtimoiy himoya masalasidagi amaliy ishlarda koʻzga tashlanadi.

    Vatanimizda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar jahonda nihoyatda yuqori baholanyapti, jamiyatimizda katta umidlar uygʻotdi. Mavjud muammolarga qaramasdan, bu siyosat yurtdoshlarimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Odamlar oʻz haq-huquqlarini yangicha anglamoqda, ularda daxldorlik hissi kuchaymoqda, aholining siyosiy ongi va ijtimoiy faolligi ortmoqda. Bu — jamiyat ravnaqining garovi.

    Taʼkidlash kerakki, ilk oʻzgarishlar jarayonida davlat boshqaruv tizimi islohotining birlamchi, yuzada turgan qatlami amalga oshdi. Endilikda murakkabroq, yechimi yuqori malaka, chuqur bilim, yangicha dunyoqarash talab qiladigan vazifalarni hal qilish vaqti keldi. Bu vazifalar Prezident Murojaatnomasida aniq belgilandi.

    Yechimini kutayotgan eng katta muammolardan biri sifatida vazirlik va idoralar faoliyatida qaror qabul qilish haddan tashqari markazlashganligi koʻrsatildi hamda mahalliy organlar vakolatini yana-da kengaytirish masalasi koʻndalang qoʻyildi.

    * * *

    Boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish — har bir davlat oldida turgan jiddiy masala. Bu, ayniqsa, insoniyatning bugungi kundagi rivojiga xos aqidadir. Yer yuzida toʻrtinchi sanoat inqilobi tobora avj olmoqda. Uning asosini raqamli texnologiyalar, Internet, nanotexnologiya ishlab chiqarish vositalari, sunʼiy idrok, oʻzi oʻrganadigan va bir-biri bilan operatsion bogʻlangan uskunalar tashkil etadi.

    Yangi ishlab chiqarish vositalari yangi ijtimoiy munosabatlarni talab qiladi.

    Bugungi kunda boshqarish ilgarigi davrlarga nisbatan ancha murakkablashmoqda. Nafaqat tashqi, balki jamiyatlar ichidagi raqobat keskinlashyapti. Axborotga egaligi tobora ortib borayotgan aholining hukumatga talablari kuchaymoqda. Hokimiyat faqat davlatni boshqarish tizimigina emas, balki, aholi va biznesga xizmat koʻrsatish markazi sifatida koʻrilmoqda. Rivojlangan davlatlarda boshqaruvning moslashuvchanlik qobiliyatiga ega, “egiluvchan” usuli tatbiq etilmoqda.

    Jamiyat rivojining asosiy mezoni odamlar imkoniyatlarini kengaytirish, ularning maʼnaviy va moddiy ehtiyojlarini toʻlaroq qondirishdan iborat. Taraqqiyot darajasi, birinchi navbatda, jamiyat oldida turgan masalalarni hal etishda har bir fuqaro qanchalik ishtirok etishi bilan belgilanadi.

    Shuning uchun, aholining siyosiy faolligi, umumdavlat darajasidan tortib mahalliygacha, barcha darajalarda jamiyat rivoji masalalarni hal etishda taʼsiri kuchayishi — taraqqiyotning asosiy omillaridan biri.

    Nomarkazlashtirish — davlat boshqaruvining muayyan vakolatlarini quyi tuzilmalarga, mahalliy hokimiyat organlariga berishni anglatadi.

    Har qanday davlatda markaziy hukumatdan umummilliy vazifalarni samarali ijro etish kutiladi. Bunga ichki va tashqi xavfsizlikni, qonuniylik hamda huquq-tartibotni, valyuta tizimi, makroiqtisodiy rivojlanish barqarorligini, yagona oʻlchov standartlari va hokazolarni taʼminlash singarilar kiradi. Mintaqalar, shaharlar va jamoalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning aniq masalalarini hal etish esa mahalliy hokimiyat organlarining vakolatiga berilishi kerak. Boshqacha aytganda, nomarkazlashtirish — boshqaruv organlarining xalq ehtiyojlarini qondirish bilan bogʻliq funksiyalarini avvalambor mahalliy hokimiyat organlari zimmasiga yuklash orqali davlatning xalqqa xizmati sifatini oshirish.

    Murojaatnomada bunga erishishga oid aniq fikr va mulohazalar ilgari surildi.

    * * *

    Davlat boshqaruvining haddan tashqari markazlashtirilishi maʼmuriy-buyruqbozlik tizimining asosiy xususiyatlaridan biri. Bunday sharoitda markaz barcha masalalar, shu jumladan, mintaqalar, mahalliy hududlar faoliyatiga tegishli boʻlgan mayda masalalar boʻyicha ham qaror qabul qiladi. Tabiiyki, bu ijtimoiy taraqqiyotning xususiyati va surʼatlariga, odamlar hayotining sifatiga taʼsir qilmasdan qolmas edi.

    Misol uchun, 2016-yilda mamlakatda 64 ta litsenziya turi mavjud boʻlsa, shundan atigi uchtasi viloyat hokimliklari va faqatgina bittasi tuman hokimliklari vakolatiga tegishli edi. Ruxsat berishga oid 220 ta hujjatdan faqatgina 11 tasini tuman yoki shaharlarda olish mumkin boʻlardi. Aksariyat holda kishilar oʻz hayotiy va ish faoliyati bilan bogʻliq masalalarni hal etish uchun sarson-sargardon boʻlib, poytaxtga kelib, davlat idoralari boʻsagʻasida sargʻayib turishga majbur edi. Koʻp holatda bu poraxoʻrlik va taʼmagirlikka olib kelardi.

    Mahalliy hokimliklar hudud oldida turgan muammolarni hal etish uchun zarur mablagʻlarga ega boʻlmagan. 2016-yilga kelib, Oʻzbekistonda mahalliy byudjetning atigi 20 foizi mahalliy soliqlar hisobiga shakllantirilib, qolgan qismini esa markazlashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadigan mablagʻlar — davlat byudjetidan ajratmalar, subvensiyalar va dotatsiyalar tashkil qilgan. Bu vaziyatda mahalliy organlar ijtimoiy dasturlarga xarajatlarni koʻp hollarda xususiy korxonalarning “ixtiyoriy-majburiy” ajratmalari evaziga qoplashga harakat qilardi. Bu esa biznesga maʼmuriy bosimni oshirib, ishbilarmonlik muhitini keskin yomonlashtirar va investitsiya oqimiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatgan.

    Keyingi toʻrt yilda davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish davomida mahalliy hokimiyat organlarining vakolatlari va moliyaviy imkoniyatlari koʻlami sezilarli darajada kengaydi. Misol uchun, 2015-yilda hududlar mahalliy byudjetlarida shakllangan qoʻshimcha manbalar 246 milliard soʻmni tashkil qilgan boʻlsa, 2019-yilda bu koʻrsatkich 6 trillion soʻmdan ortdi yoki 25 marotaba koʻproqni tashkil etdi.

    Nihoyatda katta mablagʻ va qoʻshimcha tushumlarni taqsimlashda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining ishtirokini taʼminlash maqsadida tariximizda birinchi bor “2021-yil uchun Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonunga binoan mahalliy byudjetlarni shakllantirish va ijrosi boʻyicha mahalliy Kengashlar vakolatlari keskin kengaytirildi.

    Xususan, mahalliy byudjetlarning xarajatlarini qisqartirish boʻyicha qarorlar tegishli Kengashlar tomonidan qabul qilinishi belgilab qoʻyildi. Shuningdek, ularga mahalliy byudjetlarga ajratiladigan soliqlar va daromadlarni hamda byudjetlararo transfertlarni taqsimlash hamda daromadlarning prognozini oshirib bajarishdan olingan mablagʻlarning bir qismini tuman va shaharlar byudjetlariga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun ajratish vakolati berildi.

    Mahalliy davlat hokimiyati organlari mustaqilligini yana-da oshirish uchun 2021-yilda Soliq kodeksida belgilangan, qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar uchun bazaviy soliq stavkasidan kelib chiqib, tuman va shaharlar kesimida ularning iqtisodiy rivojlanishiga qarab, kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentini qoʻllash vakolatlari berildi.

    Mahalliy boshqaruv organlari faoliyati samaradorligini oshirish koʻp jihatdan davlat xizmati tizimining oʻzini isloh qilish chora-tadbirlariga bogʻliq. Bu oʻrinda boshqaruv tizimini ekstensiv emas, balki intensiv rivojlantirishni taʼminlash asosiy maqsad hisoblanadi. Boshqacha aytganda, maʼmuriy menejmentning yangi shakllari, vositalari va usullarini ishlab chiqish hamda joriy etish hisobiga boshqaruv tizimi kam xodimlar bilan koʻproq vazifalarni bajarishga qodir boʻlishi kerak.

    Shu bois, Murojaatnomada raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hisobidan xodimlar sonini va ish jarayonlarini optimallashtirish choralarini amalga oshirish zaruriyatiga urgʻu berildi. Jumladan, hukumatga ikki oy muddatda boshqaruvda bir-birini takrorlaydigan idoralar va funksiyalarni, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha hujjatlar loyihalarini tayyorlash vazifasi yuklandi. Shuning evaziga davlat boshqaruvi xodimlari sonini oʻrtacha 15 foizgacha optimallashtirishga erishish belgilandi.

    Murojaatnomada qayd etilgan topshiriqqa muvofiq, kelgusi yil oxiriga qadar elektron davlat xizmatlarini 60 taga koʻpaytirib, jami 300 taga, masofaviy xizmatlar ulushini esa kamida 60 foizga yetkazish zarur.

    Ushbu vazifalarga erishish mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini tartibga soladigan qonun hujjatlarini takomillashtirishni talab etadi. Sohaga oid huquqiy hujjatlar davlat boshqaruvi funksiyalarini yuqoridan quyiga berish borasidagi aniq-ravshan siyosiy irodani, mahalliy organlarning vakolatlari va imkoniyatlari kengaytirilishini aks ettirishi lozim. Qonunlar va maʼmuriy reglamentlar ham hokimiyat organlarining majburiyatlari va huquqlarini, ularning yurisdiksiyasini aniq belgilashi, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish boʻyicha faoliyat samaradorligini oshirishga koʻmaklashishi kerak.

    Binobarin, davlatimiz rahbari tomonidan Qonunchilik palatasi va Senatga Vazirlar Mahkamasi bilan birga 2021-yil 1-aprelga qadar mahalliy ijro va vakillik organlari hamda mahalla instituti faoliyatini tubdan takomillashtirishga oid yangi qonun loyihalarini ishlab chiqish topshirigʻi berildi.

    Davlat xizmati tizimini isloh qilish davlat organlari faoliyatini baholashga yondashishni tubdan oʻzgartirishni taqozo etadi. Inson hayoti darajasi, aholi va biznesga yuqori sifatli “ijtimoiy xizmatlar” koʻrsatilishi, iqtisodiy faoliyat uchun zarur boʻlgan qulay muhit yaratish davlat organlari faoliyati samaradorligining asosiy koʻrsatkichi boʻlmogʻi kerak. Vaholanki, mahalliy hokimlik va Kengashlar bundan 27 yil avval qabul qilingan, bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermaydigan Qonun asosida ishlamoqda. Shuning uchun, Murojaatnomada aytilganidek “vazirlar va ularning oʻrinbosarlari faoliyatiga tuman, shahar, qishloq va mahallada amalda qanday oʻzgarish boʻlganiga qarab baho beriladi”.

    Davlatimiz, jamiyatimiz oldida turgan maqsadlarga boshqaruv organlarining ilgarigidek “yopiq tizim” sifatida faoliyat koʻrsatishi doirasida erishib boʻlmaydi. Barcha darajalarda davlat organlari faoliyati samaradorligini baholash hukumat institutlarining oʻz “ichki ishi” emas. U yoki bu masala boʻyicha qaror loyihasini tuzishdan boshlab uning ijrosi monitoringini olib borishgacha — barcha bosqichlar va darajalarda ochiq-oshkoralik, shaffoflik, ijtimoiy ekspertiza va nazorat zarur.

    Matbuot xizmatlarini faollashtirish hamda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun muntazam brefinglar oʻtkazish talab etiladi. Prezidentimiz qayd etganidek, “korrupsiyaning oldini olishda barcha davlat organlarida qaror qabul qilish jarayonlari ochiq va faqat ochiq boʻlishini taʼminlash hal qiluvchi ahamiyatga ega”.

    Bundan buyon qabul qilingan hujjatlar ijrosini tashkil etishda jamoatchilik ishtiroki va nazorati keng yoʻlga qoʻyiladi. Jumladan, “jamoatchilik eshituvlari” va “jamoatchilik monitoringi” tizimi joriy qilinadi. Bu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolar ham faol jalb etiladi.

    Davlat boshqaruvi, tizimini takomillashtirish koʻp jihatdan mahalliy vakillik organlarining hududlar rivojida tutgan oʻrnini oshirish bilan bogʻliq. Ijro etuvchi hokimiyat organlarining qonun hujjatlari talablariga qatʼiy rioya qilishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini bajarishi ustidan deputatlik nazoratini amalga oshirish Kengashlar faoliyatining asosini tashkil qilishi zarur.

    Xalq deputatlari mahalliy Kengashi — bu vakillik organi, xalqning ishongan vakillari. Bugungi kunda respublikamizda 218 ta mahalliy Kengash faoliyat olib borayotgan boʻlib, ulardagi deputatlar soni 6 ming 567 nafarni tashkil etadi. Taʼkidlash lozimki, xalq deputatlari shahar Kengashlarining sezilarli ravishda faollashuvi qayd etilmoqda. Deputatlarning ongi, ularning siyosiy faolligi va fuqarolik pozitsiyasi har tomonlama oʻzgarib yangi xarakterga ega boʻlmoqda.

    Shu bilan birga, tahlil Kengash faoliyatida oʻz yechimini kutayotgan muammolar va toʻliq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini koʻrsatdi. Kengashlar tomonidan qabul qilingan qarorlar oʻrganilganda, ularda tizimli muammolarning koʻtarilmagani, kamchilikka yoʻl qoʻygan davlat idoralari, mansabdor shaxslar faoliyatiga tegishli baho berilmagani, muammolarni bartaraf etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilanmagani aniqlandi. Eng avvalo, iqtisodiyotni isloh qilish va birinchi navbatda, kichik biznesga gʻov boʻlgan toʻsiqlarni bartaraf etish, xususiy mulk va tadbirkorlik himoya qilishga daxldor qonunlar bajarilishini taʼminlash bilan bogʻliq faoliyatga taalluqli.

    Prezidentimizning Murojaatnomasidan kelib chiqib aytish mumkinki, bugungi kunda mahalliy Kengashlar oldida ikkita asosiy vazifa turibdi, birinchisi, mahalliy Kengashlarning haqiqiy nazorat organiga aylanishiga erishish, ikkinchisi, deputatlarning joylardagi real muammolar bilan tizimli ishlashini taʼminlash.

    Shu bois, 2021-yilda har chorak yakunida hokim hamda sektor rahbarlarining hududda kambagʻallikni qisqartirishga oid manzilli dastur ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotini Kengashlar sessiyasida eshitish koʻzda tutilmoqda. Bundan tashqari, mahalliy Kengashlar hokimning hududlarda infratuzilmani, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi loyihalarni amalga oshirish maqsadida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan olingan mablagʻlar hisobidan olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotini muhokama qilib borish kerak.

    Mahalliy byudjet bilan bogʻliq masalalarda vakillik organlarining roli ortib borayotganini inobatga olib, moliya organi rahbarining mahalliy byudjet ijrosi, mahalliy byudjet daromadlarining qoʻshimcha manbalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi yoki boʻlmasa davlat soliq organi rahbarining mahalliy byudjet daromadlari bajarilishi holati, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻlanganligi, soliq qarzdorligi haqidagi hisobotlarini eshitib borish amaliyoti joriy etiladi.

    Bu jarayonda deputatlar faqatgina hisobotni eshitish bilan cheklanib qolmasligi lozim. Aksincha, joylardagi muammolarning bartaraf etilishi, belgilangan vazifalarning ijrosini joyida oʻrganishi, buning uchun bevosita aholi bilan muloqot olib borishi talab etiladi.

    Masalan, kambagʻallikni kamaytirish boʻyicha hisobotni eshitishdan oldin deputatlar oʻzlari saylangan hudud boʻyicha sektorlar tomonidan kambagʻallik roʻyxatidan chiqarilishi tavsiya etilayotgan har bir fuqaroning oilaviy sharoitini joyiga chiqib atroflicha oʻrganishi, haqiqatan ushbu oilani roʻyxatdan chiqarish mumkinligiga toʻla ishonch hosil qilishi maqsadga muvofiq.

    Murojaatnomada hududlar infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida mamlakatda 3 trillion soʻm mablagʻga ega boʻlgan alohida jamgʻarma tuzish hamda uning mablagʻlarini mahalliy Kengashlar takliflariga asosan sarflash taʼkidlandi.

    Shundan kelib chiqib, deputatlarimiz nazorat tadbirlari davomida, aholi bilan uchrashuvlarda, fuqarolar murojaatlarida koʻtarilgan mahalla darajasidan tortib, viloyat darajasigacha boʻlgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan oʻz takliflarini kiritib borishi maqsadga muvofiq boʻladi.

    Agarda hududni rivojlantirishga qaratilgan dasturlarning qaysidir bandi bajarilmayotgan yoki ortda qolishlar kuzatilayotgan boʻlsa bevosita hududdagi senator orqali ushbu masalani Senatning tegishli qoʻmitasiga olib chiqish yoki oʻzlarining vakolatlaridan foydalangan holda tegishli vazirlikka soʻrov joʻnatish orqali hal etish choralarini koʻrishi lozim.

    Bugun partiyalar, Kengashlar hech bir ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy masaladan oʻzlarini chetga ololmaydi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan fikr va mulohazalarni hayotga tatbiq etish, islohotlarning muvaffaqiyati, avvalambor, har birimiz — senatorlar, shahar, tuman mahalliy Kengashlar deputatlari harakatlari surʼatiga, shaxsiy faolligiga, siyosiy, huquqiy madaniyatining yuksakligiga, Oʻzbekistonimiz taqdiri va kelajagiga daxldor boʻlishdek ulkan masʼuliyat hamda sharafga qay darajada loyiq ekaniga bevosita bogʻliq.

    Sodiq SAFOYEV,

    Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari