2021-yil 7-yanvar: hukumat Tokio va unga yondosh ayrim hududlar uchungina qisman karantin joriy qildi. Yaʼni, barcha korxonalar avvalgidek ishlaydi, faqatgina umumiy ovqatlanish joylari va barlar (“izakaya”)ning faoliyati uzogʻi kechgi 8 gacha etib belgilandi. Ichki turizmga doir barcha imtiyozlar vaqtinchalik toʻxtatildi.

2021-yil 23-fevral - Tokioda koronavirus bilan bogʻliq kunlik holat oʻrtacha 2500 tadan - 300 taga tushdi.

Bu qarorda asosiy “fishka” - pandemiyaning oldini olish boʻyicha mustaqil ekspertlar kengashining rolidadir. Aynan ular vaziyatga toʻgʻri baho bera oldi. Jumladan, koronavirus koʻpayishining asosiy oʻchogʻi kechki koʻngilochar maskanlar (restoran, bar va tungi klublar) ekanligini isbotlay olishdi. Hamda toʻliq favqulodda holat joriy etishga ehtiyoj yoʻqligini koʻrsata bilishdi.

Ekspertlarning tahliliy qobiliyatini “biror kasallik uchun aynan kerakli nuqtaga kerakli dozada malham yubora olish”ga qiyoslash mumkin.

Nima uchun hukumat ekspertlar fikriga quloq solishga majbur?

Birinchidan, ekspertlarning tahlillari doimiy ravishda OAV da aylanib turadi, asoslangan takliflarni hech bir rahbar osongina rad qila olmaydi.

Ikkinchidan, ekspertlar kengashi aʼzolariga siyosatchi yoki boshqaruvchilar emas, nufuzli oliy taʼlim va tadqiqot markazlarining aniq soha boʻyicha vakillari (professorlar, tadqiqotchilar) kiritilgan.

Eʼtiborlisi shundaki, Yaponiyada barcha oliy taʼlim muassasalari va tadqiqot markazlari hukumatdan mustaqil hisoblanadi. Yaʼni, ularda u yoki bu vazirlikka vertikal boʻysunuv yoʻq. Shuning uchun ham ekspertlar oʻz tahlilini tashqi tazyiqlarsiz amalga oshira olishadi.

Uchinchidan, tadqiqotchilarning jamiyatdagi oʻrni yuqori ekanligi. Jamiyat muammoli vaziyat boʻyicha siyosatchilarning oldi-qochdi gaplaridan koʻra koʻproq ushbu soha ilmiy mutaxassislarining fikriga ishonishadi. Yaponiya Bosh vazirining deyarli har bir qarorni eʼlon qilishda “ekspertlar fikriga asoslangan holda” degan jumlani qoʻshib ishlatishi ham bejiz emas.