Navroʻz – juda qadimiy bayram. U islomgacha ham nishonlangan. Shuning uchun u diniy bayram emas. Navroʻz ona tabiatning koʻklamgi uygʻonishini ulugʻlash, dehqonchilik ishlarini boshlash, butun jonliq rizqiga qut-baraka tilash maqsadida anʼanaviylashgan.
Uning nishonlanishi Ajidahaka-Bivarasp mansub boʻlgan zimistoniy kuchlarning magʻlub boʻlishi hamda yilning Axuraga taalluqli qismi – issiq fasllarning boshlanishi haqidagi mifologik qarashlar bilan bogʻliq. Shu bois qadimgi xalqlar Navroʻz shodiyonalarini ayrim mifologik kultlar bilan bogʻlaganlar va ezgulikning yovuzlik kuchlari ustidan gʻalaba qilgan kunni yilboshi, Navroʻz deb hisoblashgan. Unga aloqador tantanalar esa, asosan, ziyoratgohlarda oʻtkazilgan. Aytaylik, buxoroda bu marosim, asosan, Bahouddin Balogardon ziyoratgohida tashkil etilgan.
“Nav” – yangi, “roʻz” – kun maʼnosini anglatuvchi Navroʻz bahorgi kun va tun tengligi paytida, yaʼni 21-22-mart kunlari nishonlanadi. Biroq Sosoniylar davrida u davlat bayramiga aylantirilib, yozda, kunning eng uzun payti – 21-22-iyun kunlarida nishonlangan.
Qadimgi ajdodlarimiz bahorgi tengkunlikda qator marosimlar oʻtkazishgan. Ular orasida Navroʻz kattayu kichikka koʻtarinki kayfiyat va kuch-gʻayrat bagʻishlashi bilan alohida oʻrin tutgan. Shuning uchun xalq uni sevib-ardoqlab, asrlardan-asrlarga, avlodlardan-avlodlarga yetkazib kelgan. Ayniqsa, Navroʻzda bolalarning ishtiroki yaxshilik alomati hisoblangan. Xususan, Navroʻzda tugʻilgan bolalar omadli va xosiyatli sanalib, alohida eʼzozga loyiq koʻrilgan. Shu kuni tugʻilgan yigitlarga “Navroʻz”, qizaloqlarga Navroʻzoy, Bahoroy, Gulbahor, Lola ismlari berilgan. Ular ishtirokida yangi ishlarni boshlash omadli yakun topadi, deb qaralgan.
Bolalar Navroʻz elchisi sifatida erta bahorda unib chiqqan boychechakni koʻrishsa, undan guldasta yasab, boshlariga gulchambar qilib kiyib, keksalar istiqboliga oshiqishib, hovlima-hovli yurishgan va ularning duosini olishgan. “Boychechak” qoʻshigʻini kuylab, gul ulashib, bahor kelganidan xabar berganlar. Qoʻshiq tugagach, bolalarni keksalar qoʻlini duoga ochgancha, olqishlashgan. Ular boychechakni koʻzlariga surtib, yurtga tinchlik va xotirjamlik, qut-baraka tilashgan. Soʻngra xonadon sohibalari bolalarga sovgʻa-salomlar, shirinliklar ulashgan. Bolalar esa ularni oʻzaro teng boʻlib olishgan.
Boychechagim boylandi, Qozon toʻla ayrondi....
– deb kuylanadigan bu qoʻshiqni hozirgi bolalar ham bilishadi.
“Boychechak” nomidagi “boy” soʻzi “xudo”, “chechak” esa “gul” maʼnosini anglatadi. Bahorda ochiladigan ilk gul – boychechak xalq orasida “xudoning guli” deb qaralib, qutlugʻ chechak, ilohiy gul sifatida ardoqlangan.
Navroʻz oldidan yetti xil donlik ekinning urugʻidan yetti kator ekib undirilgan. Bular bugʻdoy, arpa, zigʻir, tariq, noʻxat, joʻxori va sholidan iborat bulgan. Ularning unishiga qarab yilning hosildorlik darajasi chamalangan.
Koʻpchib turgan yerga moʻl qilib suv sepilgan. Bu bilan yil boʻyi suv, namgarchilik moʻl boʻlishi istalgan. Qizlar va ayollar bilib-bilmay qilingan gunohlarimiz toʻkilsin degan niyatda argʻimchoq uchishgan. Shu kuni kishilar bir-birlariga sovgʻa-salomlar ulashishgan, gina-kuduratlar unutilgan, urushlar toʻxtatilgan. Navroʻz dasturxoniga yetti xil taom qoʻyilgan va bu taomlar arab yozuvidagi “sin”, yaʼni “s” tovushi bilan boshlangan. Bular hazorispand (sipand), olma (seb), siyohdona (sedona), sinjid (zaytun yogʻi), sirka, sarimsoq, sabziy (bugʻdoy maysasi)dan iborat boʻlgan.
Dasturxon oʻrtasiga tol, zaytun, behi, anor, tut kabi daraxt novdalaridan yetti dona, bir idishda pushti rang, boshqa idishda toza suv qoʻyilgan. Toza suv ustiga mevali daraxtning yaproqlari tashlangan. Dasturxonga patir, qatiq, sut, pishloq, boʻyalgan tuxum, xoʻroz goʻshti, quritilgan mevalar, yongʻoq, bodom, pista, baliq va oyna (koʻzgu) qoʻyilgan. Navroʻz dasturxoni uchun yoqilgan shamlar oxirigacha yonishi shart sanalgan. Yana dasturxon uchun goʻja oshi, sumalak, halim singari maxsus taomlar pishirilgan.
Qolaversa, Navroʻz shodiyonalari qirq kungacha, asosan, may oyining oʻrtalarigacha davom etganligidan xilma-xil marosimlarni oʻz ichiga olgan. Sumalak, boychechak, lola sayli (sayli guli surx) singari marosimlar ham aslida Navroʻzning uzvlari sanalib, ana shu muddat davomida oʻtkazilaveriladi.
Ayrim joylarda keksalar bolalarning bahorda oʻynashlariga qarab fol koʻrishgan. Agar bolalar tinch, doʻstona, quvnoq oʻynasalar – yil yaxshi kelishi, aksincha ular janjallashgan koʻyi shovqin-suron bilan oʻyin oʻynasalar – yil notinch va ogʻir kelishi chamalangan.
Bolam boldan shirinmi?
Navroʻz kunlari Buxoroda, odatda, 12 yoshni toʻldirib, 13 yoshga qadam qoʻygan bolalarga bagʻishlab muchal marosimlari oʻtkaziladigan. Muchal marosimi bola qaysi hayvon nomi bilan ataladigan yilda tugʻilgan boʻlsa, oʻsha nomdagi yil kelganda oʻtkaziladi.
Aytaylik, bu yil oʻn ikki yil oldin qoʻy yilida tugʻilgan va hozirda 13 yoshga qadam qoʻyayotgan oʻgʻil-qizlarning muchali nishonlanadi. Muchali nishonlanayotgan qizga ham, oʻgʻilga ham Navroʻz tongida boshdan-oyoq oq kiyim kiydiriladi.
Bu bilan shu bolajonlarning kelajagi porloq, baxti oq boʻlishi niyat qilinadi. Ular shaʼniga ixcham ziyofat dasturxoni yoyilib, qarindosh-urugʻlar, bolaning ustozlari, doʻstlari bilan birgalikda bu qutlugʻ kun qizgʻin nishonlanadi. Buxorolik taniqli folklorshunos O.Safarovning bildirishicha, oʻtmishda muchal dasturxoni yoyilgan uyning qoq oʻrta boloriga tagi charm bilan qoplangan hajman yirik gʻalvirsimon idishlar – maxsus zagʻoma-tarozi pallalarini osib, ulardan biriga muchali nishonlanayotgan bolani, ikkinchisiga shu bola ogʻirligidagi kallaqandlarni solishgan. Soʻngra bolani dasturxon toʻriga oʻtqizib, uning vazni baravaridagi kallaqandni dasturxon atrofidagilarga teng taqsimlab, kulcha ustiga qoʻyib ulashganlar. Bu ulush deyilgan. Muchalini nishonlayotganlar nomidan ulush tarqatish odati Buxoroda hozirgacha saqlanib kelmoqda.
Bahouddin chorlaydi
Qadim Buxoroda bahor fasli, Navroʻz ayyomida ommaviy “Guli surx” sayli oʻtkazilgan. U xalqimizning gulga oid qadimiy totemistik qarashlari zaminida shakllangan boʻlib, uzoq tarixga ega. “Guli surx” sayli erta bahorda lolayu lolaqizgʻaldoqlar ochilganda oʻtkazilgan. Bu kuni shahar aholisi Nomozgoh maydonidan to Shirbudunu Bahouddin ziyoratgohigacha yoyilib sayl qilgan. Shuning uchun saylda kuylanadigan xalq termalarida sayl oʻtadigan joy nomlari alohida tilga olinadi.
Jumladan:
Ark oldida gul sayli,
Gul sayliga kel mayli.
Bahouddin chorlaydi,
Erta sahar nahori,
deya Buxoroning ramziga aylangan mashhur tarixiy obidalardan Ark, Bahouddin Naqshband ziyoratgohi nomi tilga olib oʻtilayotir.
Sayl davomida, ayniqsa, Buxoroning mashhur taomlari halimpazlik, halisapazlik, oshpazlik, kabobpazlik avj olgan. Shu sababli sayl termalarida bu taomlarga nisbatan xalq taʼrifi keltiriladi:
Halisa – halollarning oshi,
Kochi – polvonlarning oshi,
Halim – hakimlarning oshi,
Shoʻla – shodmonlarning oshi,
Sofi – sultonlarning oshi,
Kabob – xonlarning oshi.
Tuxumbarak – qoplarning toʻlishi ramzi.
Guldan tayyorlang sharob
Ayniqsa, gul saylida Buxoroga xos zarrin kiyimlar, zardoʻz choponu kovushlar kiyib olgan yigit-qizlar, oshiq-maʼshuqalar bir-biriga dil rozlarini, ichki tuygʻularini oshkor etishga intilganlar. Shuning uchun “Sayli guli surx” termalarida bunga ishora alohida boʻrtib koʻrinadi:
Sayl kuni hamma eski gina-qudratlarni, gʻam-tashvishlarni unutishi, kishilar bir-biri bilan ahil-inoq boʻlib, shodiyonani yaxshi kayfiyat bilan oʻtkazishi talab qilingan. Xususan, sayl kuni yetim-yesirlarning boshi silangan. Keksalar, bemorlar, yakka-yolgʻiz kishilar holidan xabar olingan. Ularning koʻngli koʻtarilgan. Oʻtganlar xotirasi yod etilgan.
Sayl tantanalari chogʻida karnay va surnay, nogʻoralarning dilni yangratuvchi navolari chor-atrofni toʻldiradi. Sayl maydonlarida polvonlar kurashi, bir tomonda koʻpkari, bir tomonda xoʻroz yoki qoʻchqor urishtirish, yana bir tomonda dorboz, qiziqchilik va masxarabozlik, qoʻgʻirchoq tomoshasi avj oladi. Yana sayl kuni hunarmandlar rastalari har doimgidan baravj va gavjum boʻladi:
Rastalar buncha doʻlob,
Guldan tayyorlang sharob.
Saylda ichib olib, janjal chiqarish, odamlarning kayfiyatini buzish qattiq qoralanadi. Saylni oqsoqollar boshqarib, nazorat qilib turishgan. Buxoroda mana shunday katta tantana, ommaviy sayl koʻrinishida oʻtadigan “Guli surx” bayrami juda mashhurligidan, unga boshqa joylardan ham mehmonlar tashrif buyurishgan:
Buxoroliklar “Sayli guli surx”da ishtirok etishni savob deb bilganlar. Shu kuni har kim bir nihol ekib, bu ommaviy tadbirga oʻz ulushini qoʻshishga intilgan:
Gul sayliga bormoq ham, bilib qoʻying bir savob
Har bahorda shu odat,
Xalq ogʻzida rivoyat,
Bittadan nihol ekish,
“Guli surx”ga sadoqat.
Gul sayliga bormoq ham,
Bilib qoʻying bir savob
Navroʻzoldi darveshonalar oʻtkazish ham oʻziga xos anʼanalardan biridir. Buning uchun koʻcha, guzar ayollari oʻzaro maslahatlashib olishadi. Avvalo, darveshona taomini pishirish masalasi kelishib olinadi. Darveshona ovqatiga toʻrt kilogramm goʻsht, charvi yogʻi, 7 xil donli ekinlarning mahsuloti: birinch (guruch), makka, loviya, noʻxat, mosh, bugʻdoy yarmasi, tariq solinadi. Oʻzbekona sabzavotlar: sabzi, shalgʻam, kadi (qovoq) ishlatiladi. Kartoshka solinmaydi.
Xalq kuchi bilan dasturxon tuzaladi. Kimdir non yopadi. Kimdir shakar qoʻshadi. Un va shakardan halvoytar tayyorlanadi. Gʻoʻlingob, nisholda qilinadi. Somsalar, boʻgʻirsoqlar, tuxum barak pishiriladi.
Ayollar, erkaklar, bolalar alohida-alohida davra qilib oʻtiradilar. Duolar oʻqiladi. Ovqatdan uylariga ham olib ketishlari mumkin hisoblanadi. Ayniqsa, darveshonaga oilasida ketma-ket oʻlim yuz berganlar maxsus chaqiriladi, lekin ulardan aksariyati kelmaslikka harakat qiladi. Ular uchun darveshona taomi yetkazilib, koʻngil soʻrab qoʻyiladi.
Boshqa joylarda darveshonalar, masalan, Surxondaryoda “shahid” hisoblangan, yaʼni bir joyda ketma-ket kishilar shikat topib, halok boʻlgan boʻlsa, har yili odam choʻkib oʻladigan suvlik boʻyida, mashina halokati koʻp sodir boʻladigan joylarda tashkil qilinadi. Koʻpincha oʻsha joyda qon chiqarilib, elga osh tortilib, xalq duosi olinadi.
Xullas, Buxoro zamini mana shunday oʻziga xos qadimiy, anʼanaviy udumlarga ega. Ular haqida bilish yetishib kelayotgan yosh avlod uchun muhim. Xalqimizning eng qadimiy maʼnaviy anʼanalarini oʻzida mujassam etgan, ommani uyushtiruvchi va yangi bunyodkorlik ishlari sari undovchi Navroʻz udumlari barkamol avlod tarbiyasiga ruhiy-estetik taʼsir koʻrsatib, avvalo, yoshlarni sadoqatli qilib tarbiyalashda muhim vosita rolini bajara oladi.
Darmonay Oʻrayeva,
Buxoro davlat univeyersiteti professori,
filologiya fanlari doktori