Ekologiya sohasidagi nazorat inspektsiyasining Qoraqalpog'iston Respublikasi Taxtako'pir tumanida xizmat olib borayotgan xodimlari 2021-yil 12-dekabr kuni Qo'ng'irotko'l ovul fuqarolar yig'ini atrofidagi cho'l hududida 14 ta kiyikni otib o'ldirib, go'shtini bo'laklayotgan brakonerlarni ushlash choralarini ko'rishdi.
Hushyor inspektorlar yaqinlashayotganini ko'rgan qurollangan noqonuniy ovchilar nafaqat “o'lja”, balki kiyim-kechalari, oziq-ovqatlari, yonilg'i mahsulotlari va o'q-aslahalarini tashlab, noma'lum yo'nalishda – davlat raqamisiz UAZ rusumli kulrang avtomobilda qochib ketishadi.
Ular qoldirgan ashyolar ichida M.M. nomiga xorijdan T.M. dan shu yilning 12-oktabr kuni chet el valyutasida pul o'tkazilganini tasdiqlovchi kvitantsiya ham topildi. Ayni paytda huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda qochoq brakonerlarni qo'lga olish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.
"Bu haqda qo'shimcha ma'lumot beramiz", deyilgan Davlat ekologiya qo'mitasi matbuot xizmati xabarida.