2023-yil 14-iyun kuni Markaziy saylov komissiyasining muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga bagʻishlangan majlisi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenini toʻldirish uchun Brayl alifbosi asosida tayyorlanadigan trafaret namunasi tasdiqlandi hamda ushbu trafaretlar bilan har bir saylov uchastkasini taʼminlash choralari belgilandi.
Kun tartibiga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasiga joriy yil 6-13-iyun kunlari jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar koʻrib chiqildi va ular yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Majlisda xalqaro kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan YEXHT DIIHBning saylovni kuzatuvchi missiyasi vakili akkreditatsiyadan oʻtkazildi.
Shuningdek, mahalliy ommaviy axborot vositalarining 159 nafar, xorijiy ommaviy axborot vositalarining 42 nafar vakili akkreditatsiyadan oʻtkazildi.
Shu bugunga qadar akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining umumiy soni 554 nafarni tashkil etmoqda, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.