Prezidentimiz shu munosabat bilan oʻz fikrlarini bildirib, ”Soʻnggi besh yilda qishloq xoʻjaligi sohasidagi islohotlarimiz samarasini berib, “Cotton Campaign” kuni-kecha Oʻzbekistonni “qora roʻyxati”dan chiqardi. Bu ham biz uchun juda katta imkoniyat, yangi bozorlar degani. Buning hisobiga isteʼmol mahsulotlarining xom-ashyosini olib kelib, ularni qayta ishlash orqali qoʻshimcha 1,5 mlrd dollarlik mahsulotni bemalol eksport qilsa boʻladi”, — dedi.

Oʻtmish saboqlari

1924-yilda Oʻzbekiston tashkil etilgandan boshlab, sobiq ittifoqning asosiy paxta yetishtiruvchi bazasiga aylantirildi. Yangidan-yangi yerlar oʻzlashtirildi, kimsasiz choʻllar keng paxta maydonlariga aylantirildi, ariq va kanallar qazildi, drenajlar tizimi vujudga keltirildi. Paxtani qayta ishlash, terim va yigiruv mashinalari, tozalash uskunalari, kimyoviy oʻgʻitlar yetkazib beruvchi zavodlar uchun qishloq xoʻjaligi texnikasi va mashinalari ishlab chiqaradigan sanoat korxonalari vujudga keldi va ish oʻrinlari yaratildi.

Biroq, paxta yetishtirishga eʼtiborning haddan tashqari ortib ketishi natijasida ekologik muammolar, majburiy mehnatdan foydalanishning salbiy oqibatlari yuzaga chiqdi. Oʻzbekiston iqtisodiyoti deyarli faqat paxta yetishtirishga yoʻnaltirilgani tufayli mustaqillikka erishilgach katta muammolar girdobida qoldi. Istiqlolning ilk yilidan tortib 2016-yilgacha boʻlgan davrda eski tuzum merosi boʻlgan inson mehnatidan majburiy foydalanishga uzil-kesil nuqta qoʻyilmadi. Davlatimiz rahbarining 2017-yildagi katta siyosiy irodasi tufayli paxta yetishtirishda majburiy mehnatdan foydalanish batamom toʻxtatildi.

Paxta ekishdan tortib, to uni yigʻim-terim mavsumiga qadar “7 dan 70 yoshgacha” shiori bilan dalalarda kun oʻtkazganimiz hamon yodimizda. Ayniqsa, qishloq aholisi qorli-qirovli kunlarda ham “hech bir chanoqda paxta qolmasin” degan shior ostida sogʻligʻi, halovatidan voz kechib, oq paxtaning qora mehnatidan boʻshamadi. Bolalarning paxta terishiga oddiy hol sifatida qarash shakllanib qoldi.

Bir eslaylik, biron bir hujjat yoki ishingiz tushib mutasaddi tashkilotga borsangiz maʼlumotnomalarni tayyorlab beradigan yoki sizni muammoingizni hal qilishga masʼul boʻlgan xodimni paxta dalasidan topar edik. Ishingiz bitishi uchun paxta dalasiga chiqib, oʻsha xodim ish joyiga olib kelinar va yana paxta dalasiga olib borib qoʻyilar edi. Kamiga oʻsha xodimga paxta terishiga koʻmaklashishga ham toʻgʻri keladigan vaziyatlar boʻlardi. Negaki, uning yoʻqotgan vaqti paxta normasini bajarishiga imkon bermasdi-da.

Umuman olganda, “Paxta – milliy boyligimiz”, “Paxta hammamizni boqadi” degan daʼvatlar tinmay qulogʻimizga quyildi. Bozor iqtisodiyotiga asoslangan davlatlarda milliy boylik degan tushunchaning oʻzi yoʻq. Xususiy mulk degan tushuncha bor, xolos. Kapitalistik mamlakatlar tajribasidan maʼlumki, dehqon yerga oʻzi xohlagan mahsulotni ekadi, oʻzi parvarishlaydi, oʻzi yigʻishtirib oladi va oʻzi sotadi. Davlatga faqat soliq toʻlaydi. Biz esa, eng samarasiz yoʻlni tanladik, toʻgʻrirogʻi tanlatishdi. Taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimini qurbon qildik.

Oʻsha davrda yoppasiga amalga oshirilgan paxta kompaniyasi natijasida pedagoglar, talabalar, oʻquvchilar sinfxona va auditoriyalarni, tibbiyot xodimlari shifoxonalarni tark etdi. Tan olish kerak, ayni shu sohalar oʻsha davr asoratlari natijasida falaj holga keldi. Ular paxta sonoatini rivojlantirishning ilmiy asoslangan yoʻlidan emas, paxta dalalaridagi traktor izlarining ortidan yurdi. Bugun biz taʼlim sohasida ham, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ham malakali mutaxassislarga muhtojlik sezayotganimiz bor gap. Zamonaviy va sifatli paxta terish mashinalari ustida bosh qotirishi kerak boʻlgan boʻlajak muhandislarning aqlu zakovotidan emas, paxta terish uchun “oltin qoʻllari” dan foydalanildi...

Ura-urachilik natijasida yetishtirgan paxtamizni xomashyo sifatida arzimas chaqaga sotdik. Natija nima boʻldi? Kundalik oziq-ovqat tovarlaridan tortib, paxtadan tayyorlangan mahsulotlargacha import qildik. Iqtisodiyotning rivojlanishi, avvalo, xalq manfaatlariga xizmat qilishi kerakligi unutildi. Paxta terimi va chopiq davrida bozorlar berkitilgani, toʻylar, aza marosimlarga taʼqiq qoʻyilgani, muassasa va tashkilotlar yopilgani, yoʻllarda harakatlar toʻxtatilganini yoshi kattaroq boʻlgan kishilar yaxshi eslaydi. Paxta xomashyosining dunyo bozorida bugungi narxi 1990-yilgi narxdan deyarli farq qilmaydi. Hamma narsaning qiymati bir necha barobar oshgan oʻtgan davr mobaynida paxta narxi oʻzgarishsiz qolayotgani biz yildan-yilga undan zarar koʻrayotganimizni anglatadi. Qiymat yaratadigan aql-zakovot egalarini dalaga chiqarishning oqibatlarini bugun birdek jabrini tortayapmiz.

Shukrkim, paxtani deb hamma narsadan kechiladigan zamonlar oʻtdi. Bugun har kim oʻz ishini qiladigan davr keldi.

Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi imidji tobora yaxshilanib bormoqda

Oʻzbekiston tashqi siyosatida BMT organlari va institutlari, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliyatini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Bu borada ratifikatsiya qilingan xalqaro konvensiyalar ijrosini taʼminlashga erishmoqda.

Mamlakatimiz 1992-yil mart oyida Xalqaro mehnat tashkiloti aʼzo boʻlib, hozirga qadar mazkur tashkilotning 14 ta konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. Bugun yurtimizda ushbu konvensyalarda belgilangan har qanday shakldagi zoʻraki yoki majburiy mehnat qoʻllanishini hamda zoʻraki yoki majburiy mehnatga jalb qilishni bartaraf etish boʻyicha majburiyatlar ijrosi toʻla taʼminlanyapti, deya olamiz.

Nafaqat paxta terimi bilan bogʻliq holat, balki boshqa har qanday sohada ham majburiy mehnatdan foydalanishga nisbatan qatʼiy pozitsiya belgilab olindi va uning ijrosi izchil bajarilyapti. Aniq pozitsiya mavjud, uning ijrosini taʼminlashga masʼul boʻlganlar, turli darajadagi hudud rahbarlarining javobgarligi belgilangan. Bu masaladagi munosabatlar Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror bilan tartibga solinadi.

Shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, ayrim hududiy rahbarlar tomonidan byudjet tashkilotlari xodimlarini obodonlashtirish ishlariga majburiy jalb qilish shaklida mehnat qonunchiligi normalarini buzish bilan bogʻliq holatlar kuzatilganligi, mansabdor shaxslarning xizmat mavqeini suisteʼmol qilishi, xodimlarini qoʻrqitish, ularga nisbatan haqoratli soʻzlar va hattoki, kuch ishlatish holatlari ham qayd etilganligi mazkur qarorning qabul qilinishiga asosiy omil boʻldi.

Ish beruvchi tomonidan voyaga yetmaganlarni majburiy mehnatga jalb qilganlik toʻgʻridan-toʻgʻri jinoiy javobgarlikka tortishga sabab boʻlishi qonunchiligimizda qatʼiy belgilab qoʻyildi.

Ushbu koʻrilgan chora-tadbirlar va qatʼiy pozitsiya tufayli Xalqaro mehnat tashkiloti Oʻzbekiston 2021-yilgi paxta yetishtirish va yigʻim-terim mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berishga muvaffaq boʻlganini eʼlon qildi.

Xalqaro mehnat tashkiloti hisobotida ijobiy natijalar aks etdi

Xalqaro mehnat tashkilotining Oʻzbekistonda paxta yigʻim-terimi monitoringi maʼlumotlariga koʻra, respublikamizda har yili paxta yigʻim-terimiga qariyb ikki million kishi jalb qilinadi. Mamlakatda paxta yetishtirish sohasini isloh qilish jarayoni boshlanganidan buyon oʻtgan yetti yil mobaynida ikki millionga yaqin bola bolalar mehnatidan, yarim million katta yoshdagilar majburiy mehnatdan ozod qilingan.

Tashkilot oʻtgan yili monitoringni oʻtkazish jarayonida qariyb oʻn bir ming terimchi bilan suhbat oʻtkazib, paxta terimiga jalb qilinganlarning 99 foizi ixtiyoriy ravishda ishlaganini qayd etdi. Ularning aksariyati 2020-yildan beri terim jarayonida mehnat sharoitlari, xususan, transport, oziq-ovqat, ichimlik suvi, gigiyena talablari bilan bogʻliq vaziyat yaxshilanganini maʼlum qilishgan. Hisobotga koʻra, Oʻzbekistonda mehnatga layoqatli yoshdagi aholining qariyb 12,5 foizi paxta yigʻim-terimida ishtirok etgan, ularning aksariyati — qishloq aholisi. Terimchilarning uchdan ikki qismini xotin-qizlar tashkil etadi.

Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Gay Rayder soʻzlariga koʻra, 7 yillik hamkorlikdan soʻng, ushbu hisobot oʻzbek paxtasi bolalar mehnati va majburiy mehnatdan holi boʻlganini koʻrsatadi. Shuningdek u bugungi kunda Oʻzbekiston “qoʻshimcha qiymat zanjiri boʻyicha yuqori bosqichga koʻtarilish maqsadini amalga oshirish” hamda toʻqimachilik sohasida millionlab ish oʻrinlarini yaratish imkoniyatiga ega ekanligini alohida qayd etdi.

Oʻzbekistonning paxta yetishtirishda davlat buyurtmasi tizimini bekor qilinishi ham bolalar mehnati va majburiy mehnatga chek qoʻyishda muhim qadam boʻldi.

Islohotlar bozor iqtisodiyoti qaror topishiga yoʻnaltirilgan

Paxta yetishtirish haqida gap ketganda nafaqat mehnat taqsimoti, balki undan olinadigan foyda taqsimoti ham ijobiy tendensiyani bermas edi. Prezidentimizning 2020-yil 6-martdagi “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori agrar sohada uzoq yillar davomida saqlanib kelayotgan stereotiplarni tubdan oʻzgartirdi. Ushbu hujjatga asosan, soʻnggi yuz yillikda dehqonlarning oyogʻiga tushov boʻlib kelgan paxta boʻyicha davlat buyurtmasi bekor qilindi, sohaga butunlay yangicha yondashuvlar kiritilib, amaliy harakatlarga yoʻl ochildi.

Shu bilan birga, bu tarixiy oʻzgarishlar davlatning tarmoqqa aralashuvini kamaytiradi. Natijada reja ortidan quvish, qoʻshib yozishlar, ajratilayotgan resurslardan maqsadsiz foydalanish yoki odamlarni majburiy mehnatga jalb qilish kabi holatlarga oʻrin qolmaydi.

Paxta xomashyosi yetishtirish, xarid qilish va sotishda erkin raqobatni taʼminlaydigan bozor tamoyillarini joriy etish hamda ushbu yoʻnalishda fermer xoʻjaliklari hamda klasterlar manfaatdorligini oshirishning yangi mexanizmlari aniq belgilab olindi. Jumladan, 2020-yil hosilidan boshlab, davlat tomonidan paxta xomashyosi ishlab chiqarish va sotish rejasini, xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechildi. Natijada 2021-yildan boshlab barcha ekin maydonlaridagi yuz foiz xomashyo paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klaster tashkilotlari tomonidan yetishtirilishiga erishildi.

Aytish joizki, yurtimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan klaster tizimi oxirgi uch yillikning eng muhim oʻzgarishlaridan biri boʻldi. Eʼtiborlisi, bu yangicha yondashuv qisqa muddat ichida agrar sohani jadal rivojlantirishning lokomotiviga aylandi.

Soʻnggi yillardagi maʼlumotlarni tahlil qiladigan boʻlsak, sohada muntazam ish bilan taʼminlanganlar soni 1,9 barobarga oʻsdi. 2016-yilda 183 ming ish oʻrinlari boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunda bu koʻrsatkich 400 mingdan oshdi. 2016—2020-yillarda hududlarda toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida umumiy qiymati 2 263,1 million dollar boʻlgan 288 ta loyiha amalga oshirildi va 53 977 yangi ish oʻrinlari hamda 993,7 million dollar eksport salohiyati yaratildi. Bugungi kunda sohada 7 mingdan ziyod korxona faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Tarmoq korxonalarining 2016-yildagi ishlab chiqarish hajmi 12,6 trillion soʻmga teng boʻlsa, 2020-yilning yakuni bilan ishlab chiqarish hajmi 3,4 barobarga oʻsib, 44 trillion soʻmni tashkil etdi.

Paxta narxi qanday belgilanadi? ishlab chiqaruvchilar qancha daromad qilishini oldindan bilishi mumkinmi?

Bugungi fermer oʻzi yetishtirayotgan paxta xomashyosining narxini chigit ekmasdan oldin biladi. Yaʼni, jahon bozori tahlilidan kelib chiqib, har yili 1-dekabrga qadar kelgusi yil hosili uchun kutilayotgan minimal narxlar eʼlon qilib boriladi. Bozorlardagi narxlar oʻzgarsa, har chorakda unga tuzatishlar kiritilishi mumkin. Shunga qarab fermer agrotexnik tadbirlarni bajaradi, faoliyatida yuqori texnologiyalarni qoʻllashga moyilligi ortadi. Masalan, sugʻorishda innovatsion texnologiyalarni joriy qilgan fermer xoʻjaliklari yuqori daromad olishyapti. Yaʼni, 11,5 ming gektar paxta maydoniga tomchilatib sugʻorish tizimini qoʻllagan fermerlarning hech biri 40 sentnerdan kam hosil olgani yoʻq. Hattoki, bu koʻrsatkich 70 sentnerga ham yetdi.

Umuman olganda, mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida yangi davr boshlandi. Joriy etilayotgan zamonaviy mexanizmlar agrar sohadagi unumdorlik, demakki, manfaatdorlik, tarmoqda mehnat qilayotgan insonlarning turmushiga yorugʻlik, farovonlik olib kirishi, shubhasiz.

Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar orasida geopolitik nuqtayi nazardan olganda, eng muvaffaqiyatlisi paxta dalalarida majburiy mehnat va bolalar mehnatidan voz kechish bӯldi. Olib borilgan islohotlar va tatbiq etilgan chora-tadbirlar natijasida paxta tolasi xomashyo sifatida faqatgina ichki bozorda sotilyapti. Bu, oʻz navbatida, tӯqimachilik sanoatini rivojlantirishga xizmat qilib, aholini ish bilan taʼminlashga katta ulush qoʻshayapti. Maʼlumotlarga eʼtibor qiladigan boʻlsak, mazkur sohaga ixtisoslashgan yetti ming ishlab chiqarish korxonasida 200 mingdan ortiq kishi doimiy ish bilan taʼminlangan.

Hisob-kitoblarga kӯra, paxtamizga qӯyilgan boykotning olib tashlanishi tӯqimachilik sanoati mahsulotlari eksportining ikki baravarga oshishini taʼminlaydi. Bu narsa juda kӯp yangi ish joylarining vujudga kelishiga zamin yaratadi, albatta.

Bugun Oʻzbekistonda taraqqiyotning yangi bosqichi boshlandi. Ilm-fanni rivojlantirish, zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilyapti. Buning zamirida ichki va tashqi mehnat bozorida raqobat qila oladigan, yetarli malaka orqali taraqqiyotni taʼminlashga qodir avlod vakillarini voyaga yetkazish maqsadlari yotibdi.

Nodir JUMAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

iqtisod fanlari doktori, professor